Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

UCH MUZAFFAR QIZ

1.3.2023 233

Shahribonu RAHMATOVA tayyorladi.

Eʼtibor berganmisiz, maktabda aʼlochilarning katta qismini qizlar tashkil etadi, olimpiadalarda ham qizlar doim yuqori oʻrinlarni egallaydi. Lekin oliy taʼlimga hujjat topshirish va talaba boʻlishga kelganda oʻgʻil bolalar soni koʻproq. Nega?

Chunki bu paytga kelib qiz bolaning boʻyi yetgan boʻladi. Bolaligida “darsingni qil”, “kitobingni oʻqi” kabi tinimsiz qulogʻi ostida yangragan soʻzlar endi “katta qiz boʻlib qolding, erta-indin sovchilar keladi”, “pishir-kuydirni oʻrgan, boʻlmasa, qaynonang tuguningni qoʻlingga tutadi” kabilariga almashadi. Orzularidan voz kechib, hayotni roʻzgʻordan, uy yumushlaridan iborat deb qaraydigan kelinga esa “shunga ham aqling yetmaydimi?”, “farosatingni sal ishlatsang boʻlardi”, “ota-onang qayerga qaragan?” kabi dashnomlar yogʻiladi.

Maktabda aʼlo bahoga oʻqigan qizlarning barchasi oliy maʼlumotli boʻlib, oʻzi sevgan kasbni egallaganida ular hozir qancha sohani rivojlantirayotgan boʻlardi?!

Kitobxonlikda o‘z soʻzini aytib, hech bir yigitdan kam emasligini isbotlagan – “Yosh kitobxon” respublika tanlovida uchta yosh toifasida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi – “Spark” avtomobiliga ega bo‘lgan qizlarning kechinmalari, ilm olish, kitob oʻqish va oila haqidagi soʻzlarini tinglab ko‘ring-a! Ayol naqadar kuchli, irodali xilqat ekaniga amin bo‘lasiz.

 

“Hammaning dadasi Azizaning dadasidek boʻlsa edi...”

Aziza IBROHIMOVA, Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi 9-maktab oʻquvchisi:

– 2017-yili oilamiz bilan Zarafshon shahriga koʻchib keldik. Oʻshanda dadam “Qizim oʻqiyotgan maktabda ta’lim qozoq tilida olib boriladi, fanlarni oʻzlashtirishda qiynalmasmikan”, deb xavotir oldi.  Hammasi maromida ketayotgan, kitob oʻqish bilan oʻyinqaroqlik uygʻunlashgan onlarimizni taqdir qamchilari ayovsiz savalay boshladi. Dadajonimning sogʻligidagi va iqtisodiy muammolar, uyimizni sotib ijaraga chiqishga majbur boʻlganimiz, ukalarim kichik boʻlgani sababli onamning ham ishlay olmagani... Nonga ham, yoʻlkiraga ham pullari yoʻq bir davrda otam maktabimga piyoda hassada borib boʻlsa-da, oʻqituvchim bilan suhbatlashib qaytar, kutubxonalardan kitoblar olib kelar, men bilan birga dars qilardilar. Ustozimizning “Qani edi, hammaning dadasi Azizaning dadasidek eʼtiborli boʻlsa”, degan soʻzlarini eshitsam, faxrlanib ketardim, barcha muammolarimiz – qishki kiyim yoki oʻquv qurollari ololmay maktabdan qolishga majbur boʻlgan kunlarim bir zum esimdan chiqqandek boʻlardi.

Dadam ishga joylashganlaridan soʻng hayotimiz asta-sekin iziga tusha boshladi. Kunlarning birida dadajonim Zarifa Saidnosirovaning “Oybegim mening” asarini olib keldilar. Bu asarni yigʻlab-yigʻlab oʻqidim, sadoqat, vafo, ishonch, fidoyilik, mehr kabi ezgu tushunchalarni oʻzim uchun kashf etgandek boʻldim. Dadajonimni Oybek, onajonimni Zarifa Saidnosirova timsolida xayolan gavdalantirdim. Uyimizda bir gap bot-bot taʼkidlanib turadi: “Barcha buyuklarning ortida ilmli ayollar turadi”.

Ezgu maqsad, harakat, ilm olish mashaqqati meni yutuqlar tomon yetaklashiga astoydil ishonardim. Tengdoshlarimga maslahatim: boshlang, birinchi qadamni tashlang, siz albatta yutasiz!

 

“Ayollar oʻz maqsadiga erisha oladi”

Marhabo MAHKAMTOSHEVA, Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi:

– Kitobga eʼtibor oiladan boshlanadi. Birinchi marta oyim tugʻilgan kunimda Tohir Malikning “Alvido, bolalik” asarini sovgʻa qilgan. Shundan soʻng kitobga mehrim yanada ortgan. Telefon, kompyuter singari oʻrtoqlarimiz maqtanib yuradigan narsalarni olib berishmasa ham, qachon kitob soʻrasak, olib berishardi. Uyimizda kitoblar koʻp boʻlishiga qaramay, maktab, shahar markazidagi kutubxonalardan ham bir talay kitoblar ola boshladim. Ota-onam meni har doim qoʻllab-quvvatlagan. “Oʻqib olim boʻlarmidi?”, “Shuncha kitob oʻqib, odam nima topibdi?” singari gap-soʻzlar qulogʻimga chalinar, biroq bularga eʼtibor bermaslikka harakat qilardim.

Insonga berilgan bebaho umrni faqat qozon-tovoq, kir-chirlarga, roʻzgʻorning ado boʻlmaydigan yumushlariga bagʻishlash mantiqsizlikdek tuyuladi. Izlagan imkon topar deganlaridek, roʻzgʻor yumushlaridan vaqt ajratib kitob oʻqish mumkin. Faqat aksariyat ayollar bu vaqtni televizor qarshisida serial koʻrib oʻtkazadi. Meni tushunadigan, ilmni qadrlaydigan oilaga kelin boʻlib tushganim – baxtim. Uy ishlari, talabalik, kitobxonlik – uchalasini birga olib borish juda qiyin. Kunduzlari hovli supurayotganda ham, idish-tovoqlarni yuvayotganda ham sheʼrlarni, asarlarni audio shaklda eshitib yurardim, kechalari tungi soat 3 gacha oʻqishga majbur boʻlgan vaqtlarim ham koʻp boʻlgan. Mendan farqli ravishda vaqti va imkoniyati koʻp boʻlgan boshqa tengdoshlarimga havas bilan qarardim. Imkon oʻz qoʻlimizda. Barcha ayollar jamiyatdagi har qanday toʻsiqlarni yengib, oʻz orzusiga, albatta, erishishi mumkin.

 

“Qaynonamning roziligi uchun...”

Zamira ABDULLAYEVA, Namangan viloyati Chortoq tumanidagi 22-maktab oʻqituvchisi:

– Ayol – tabiatning nozik xilqati. Ayol misoli gul, olov, mehr manbayi. U qatra mehrdan ummondek toshib, yoʻqdan bor qila oladi.

Kitobga mehr bolaligimda ota-onam namunasida boshlangan. Otam bayramlarda, albatta, badiiy asarlar bilan siylar edi. Ziyoli oilada tarbiya topganim va yana shunday oilaga kelin boʻlganim ham baxtimdir.

Ayol kishi faqat uy yumushlari va farzand tarbiyasi bilan shugʻullanishi shart, deb uning ichki intilishlarini cheklab qoʻymaslik kerak. Ona oʻqimishli, maʼnaviyatli boʻlsa, shundagina farzandlarimiz barkamol boʻlib ulgʻayadi. Mening oilamdagilar orzularim, maqsadlarimni toʻgʻri tushunib, qoʻllaridan kelgancha yordam berdi. Hatto oʻzimga ishonchim soʻnib qolgan kezlarda menga dalda bera olgan ham qaynonam boʻladilar. Men ularning roziliklari uchun ham qattiq harakat qildim. Mana bu yil men uchun juda omadli kelmoqda, qalbimda qanday ezgu niyatlarim boʻlsa, birin-ketin amalga oshmoqda. Oʻylaymanki, har kim maqsad sari intilsa, u albatta amalga oshadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish