Yevropa davlatlari ehtimoliy uchinchi jahon urushiga tayyorgarlik ko’rmoqda. Germaniya va Skandinaviya mamlakatlari biznes egalari hamda fuqarolarni urushga shay turishga chaqirmoqda. Rossiya-Ukraina urushi keskinlashuvi fonida butun Yevropa urushga kirishish xavfi ostida qolmoqda. Ularning taxminlariga ko’ra yaqin orada dunyo 3-jahon urushini boshdan kechiradi va bu safar ham hammasi Yevropadan boshlanadi.
Germaniya ehtimoliy jahon urushiga tayyorlanmoqda.
Rossiyaning Ukrainadagi urushi tufayli keskinlik kuchaygan bir paytda Germaniya Uchinchi jahon urushining ehtimoliy senariysiga tayyorgarlik ko‘rish uchun maxfiy reja bo‘lgan “Germaniya operativ rejasi”ni oshkor qildi. 1000 sahifalik hujjatda muhim infratuzilmani himoya qilish, iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash va milliy favqulodda vaziyatlarda resurslarni safarbar qilish choralari ko'rsatilgan. Bundesver Germaniya hukumatining maxfiy rejasiga asoslanib, mamlakatning yirik kompaniyalari o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borishga kirishdi. Gamburg Savdo palatasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda harbiylar biznes vakillari bilan bevosita suhbatlashgan. Unda “mutlaqo aniq savollar”, xususan, “ittifoqchi qo‘shinlar shahar orqali kirsa, Elba daryosi to‘sib qo‘yilgan bo‘lsa, temiryo‘l tarmog‘iga hujum qilinib, elektr energiyasi yo‘qligi sababli do‘konlar faoliyatini to‘xtatsa nima qilish kerak?” kabilar muhokama qilingan. Gamburg shtati qo‘mondoni, podpolkovnik Yorn Plishkening so‘zlariga ko‘ra, biznes vakillari bilan bunday uchrashuvlar butun Germaniya bo‘ylab o‘tkaziladi. Bundesver barcha mintaqaviy qo‘mondonliklarga ushbu vazifalarni bajarish yuklatilganini aytgan. Shuningdek, Plishkening fikricha Rossiya allaqachon urushga tayyorgarlik ko’rishni boshlagan. U razvedka ma’lumotlariga asoslanib, to‘rt-besh yildan keyin Rossiya G‘arbda navbatdagi hujumga tayyor bo‘lishini taxmin qilmoqda.
Urushga hozirlanayotgan faqat Germaniya emas.
Shu bilan birga, qo'shni Skandinaviya davlatlari, jumladan Shvetsiya, Finlandiya va Norvegiya ham o'zlarining mudofaa tayyorgarligini kuchaytirmoqdalar. Shvetsiya fuqarolarga omon qolish uchun risolalar tarqatmoqda va Finlandiya inqirozga tayyorgarlik ko'rishga chaqirmoqda. Ushbu o'zgarishlar fonida Rossiyaning qayta ko'rib chiqilgan yadroviy doktrinasi va AQSh tomonidan yetkazib berilgan ATACMS raketalarining Ukraina tomonidan joylashtirilishi keskinlashuv qo'rquvini yanada kuchaytirdi. Moskva G'arb davlatlarining ishtiroki to'g'ridan-to'g'ri qarama-qarshilikka olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Rossiya o’zining yangilangan yadroviy doktrinasida har qanday yadroviy davlat ishtiroki yoki qo‘llab-quvvatlashi bilan Rossiyaga qarshi tajovuz qilish, ularning birgalikdagi hujumi sifatida baholanadi, deb qayd etilgan. Agar Rossiya yerlariga hujum uyushtirilsa, Moskva yadroviy javob choralarini ko’rib chiqadi. Putinning bu ogohlantiruvi Baydenning Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi raketalarni uchirishga ruxsat berganiga javob sifatida qabul qilindi. Ukraina allaqachon ATACMS va Storm Shadow raketalaridan foydalanib ulgurdi. Bu esa Buyuk Britaniya va Fransiya Ukraina tarafida ekanini oshkora isboti. Jahon hamjamiyati Rossiyaning javobi kuchli bo’lishidan xavfsirashmoqda. AQSh va Kanada 20-noyabr kuni Kiyevdagi elchixonalari faoliyatini to‘xtatganini e’lon qilganidan ham buni sezish mumkin. Ulardan so’ng Portugaliya, Ispaniya, Gretsiya, Italiya ham Kiyevdagi elchixonalarini yopdi. Germaniya TIV veb-saytida Germaniyaning Kiyevdagi elchixonasi konsullik ishlarini cheklangan darajada amalga oshirayotgani qayd etildi. Odatdagidek, Ukraina prezidenti Zelenskiy bu vaziyatga ham munosabat bildirar ekan, sodir bo'lgan bu kabi axborot shov-shuvi, vahima xabarlari faqat Rossiya uchun foydali ekanligini ta'kidladi.