Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ularning orzu-umidi bir nihol kabi barq urmoqda

16.2.2025 949

Nodir Xojiyev, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i

Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz yoshlari bilan muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda yoshlar bilan ishlash natijadorligini yana-da oshirish, ularga yana-da keng imkoniyatlar yaratish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Videomuloqot tarzidagi uchrashuvda viloyatimiz yoshlari bilan Toshkent viloyati studiyasidan ishtirok etdik. 

Uchrashuvda davlatimiz rahbari biz yoshlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan muhim tashabbuslarni bildirdi. Yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu tashabbuslar Toshkent viloyati yoshlarini ham ruhlantirdi. 

Prezident bugun yoshlar tadbirkorligida mutlaqo yangi davrni boshlab beradigan 3 ta katta hujjatga imzo chekkanini eʼlon qildi.

Birinchi hujjatga muvofiq, Yoshlar agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratildi.

Endi tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi, tashabbuskor yoshlarning startap loyihalariga 2 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.

Ikkinchi qaror bilan oliygoh bitiruvchilari bandligini taʼminlash bo‘yicha yangi tizim yaratilmoqda. Buning uchun Milliy bankka 100 million dollar resurs beriladi.

Bank Oliy taʼlim vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda oliygoh bitiruvchilarining tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha yangi bank xizmatlari paketlarini joriy etadi.

Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash bo‘yicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi. Komissiya ish o‘rinlarini yaratish, kadrlarga ehtiyoj, bo‘sh o‘rinlarga yoshlarni joylashtirish masalalarini hal etadi.

Prezident imzolagan uchinchi hujjatga ko‘ra, Aloqabank yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch “yoshlar banki”ga aylantirilib, bunga 200 million dollar ajratildi.

Bank o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar loyihalari uchun 100 million so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi.

Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va o‘quv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.

Bank kreditlarining kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yo‘naltiriladi.

Hududlarda “yoshlar biznes inkubatori” tashkil qilinib, yoshlar g‘oyalari startapga aylantiriladi, 6 oydan 3 yilgacha qo‘llab-quvvatlanadi, tayyor biznes, korxona darajasiga olib chiqiladi.

“Aloqa venchur” jamg‘armasi orqali startaplarga 50 mingdan 1 million dollargacha sarmoya kiritilib, mahsulot va xizmatlarni ichki va xalqaro bozorlarda sotish, biznes hamkor topish, qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilishga ko‘maklashiladi.

Agar bu imkoniyatlarning mohiyati nima, deyilsa qisqa qilib aytgan bo‘lardim: yoshlarimiz, Prezident siyosati hamda davlatning kuch-qudratini his qilmoqda.

Shu kunlarda maydonga yana avlod yoshlari kirib kelmoqda. Bu yoshlar mutlaqo boshqa dunyo, axborot asrining farzandi. Ularning taklif va tashabbuslari ham tezkor asrimizga hamohang.

Asosiysi, yoshlarimizda yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi jo‘sh urib turibdi, ularning barchasi muhtasham kelajak poydevoriga bir g‘isht qo‘yishni orzu qiladi.

Bugungi muloqotda esa orzu-umidi bir nihol kabi bo‘y ko‘rsatayotgan o‘g‘il-qizlarning taqdiri Prezidentimizning eʼtiborida ekani yoshlar qalbiga g‘urur va shijoat bag‘ishladi. 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish