– 2016-yildan qator respublika va jahon miqyosida o‘tkazilgan shaxmat musobaqalarida qatnashib, 2 karra jahon, 10 karra Osiyo, 10 karra O‘zbekiston chempioni hamda Olimpiada sovrindori bo‘ldim. O‘tgan yili sport yo‘nalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga munosib ko‘rildim. Yana ko‘plab musobaqalarda yurtimiz sha’nini munosib himoya qildim. Jumladan, Gretsiyada o‘tkazilgan jahon chempionatida 2 ta oltin, Maldiv orollarida bo‘lib o‘tgan Garbiy Osiyo chempionatida 3 ta yo‘nalishda ham oltin medalni qo‘lga kiritdim. Xalqaro musobaqalar chog‘ida yelkamda katta mas’uliyat borligi, butun xalqimiz, oilam va ustozlar ishonayotgani xayolimdan o‘tadi. Shundan kuch olaman, bor diqqatimni jamlab, hayajonga berilmaslikka intilaman.
G‘olib bo‘lganimda ichimdan faxr tuyg‘usi o‘tishi bilan birga, oqlangan ishonch yukidan xalos bo‘laman. Jahon arenalaridagi quvonch ko‘z yoshlarini, yonimdagi tengdoshlarimdan bir pog‘ona balandda turib bayrog‘imiz ko‘tarilayotgandagi hislarni hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. 44-Jahon shaxmat olimpiadasidan qaytgach Prezidentimiz farmoniga binoan “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandim. Kuni kecha bu medalni shaxsan davlatimiz rahbarining o‘zlari topshirdi. Unutib bo‘lmaydigan lahzalar. Men uchun bundan ortiq baxt yo‘q. Prezidentimizning biz shaxmatchilarga qaratayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklari sabab shaxmatimizni dunyo tan olmoqda. Biz shu peshqadamlikni qo‘ldan bermaymiz.