O‘zbekistonda ipoteka kreditlari uchun subsidiya ajratish jarayoni yana boshlandi.Daromadi yuqori boʻlmagan va uy-joyga muhtoj aholi uchun ipoteka kreditlari asosida subsidiya ajratiladi.
Subsidiya — ipoteka bilan uy sotib olishda boshlang‘ich badal yoki kredit foizlarining bir qismini qoplab berish uchun davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘.
Kredit oluvchi subsidiyani qaytarishi shart emas
Kredit oluvchi ipoteka krediti uchun subsidiya olsa, bu mablag‘larni davlatga qaytarib berishi shart emas.
Masalan, bunda yillik 18 foizga ipoteka krediti olingan bo'lsa, dastlabki besh yil mobaynida foiz toʻlovlarining 10 foiz qismini oʻz hisobidan, 8 foiz qismini davlat subsidiyalari yordamida toʻlash mumkin boʻladi.
Qo'yilgan talablar
Uy-joy sotib olishda davlatdan subsidiya olish uchun ariza beruvchi yoki oilaning oylik daromadi quyidagicha bo'lishi kerak:
- Qoraqalpogʻiston va viloyatlarda — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini 2,7 baravaridan 8 baravarigacha (2 mln 835 ming so‘mdan 8 mln 400 ming so‘mgacha);
- Toshkent shahrida — mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorini 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha (2 mln 835 ming so‘mdan 9 mln 660 ming so‘mgacha).
2023-yilning may oyidan boshlab O‘zbekistonda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 mln. 50 mingni tashkil etmoqda.
Subsidiya uchun ariza
Fuqarolar ipoteka kreditlari boʻyicha subsidiya olish uchun my.gov.uz portali orqali elektron tarzda ariza yuborishlari mumkin.
Komissiya quyidagi hollarda arizani rad etishi mumkin:
- ilgari uy-joy va imtiyozli ipoteka krediti boʻyicha subsidiya olgan oila aʼzolarining takroriy arizasi;
- taqdim etilgan maʼlumotlarning talab qilinadigan ijtimoiy mezonlarga mos kelmasligi;
- joriy yilda hududga ajratilgan subsidiyalar soni tugab qolganida;
- oʻrtacha oylik daromad miqdorining komissiya talablariga mos kelmasligi.