Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Uy-joy sotib olish uchun subsidiya daromadi yuqori bo‘lmagan oila va fuqarolarga beriladi

24.11.2023 298

Gulnoza Boboyeva

Huquqiy munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Uy-joy sotib olish yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun fuqarolarga subsidiya to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida subsidiyalarni uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan oilani aniqlashda qo‘llaniladigan ijtimoiy mezonlar asosida berish belgilangan.  

Xo‘sh, subsidiya qaysi mezonlar asosida taqsimlanadi?  

Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil tushuntirish berdi.  

Bu borada, Nizomda daromadi yuqori bo‘lmagan fuqaro yoki oila qonunchilik hujjatlariga muvofiq aniqlanishi mumkin bo‘lgan o‘rtacha oylik daromadlar miqdori Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 8 baravarigacha, Toshkent shahrida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 2,7 baravaridan 9,2 baravarigacha bo‘lgan oilalar, deb belgilangan.  

– Bir nafar qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori qanday maqsadlarda qo‘llaniladi?  

– Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarorida bir nafar qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori quyidagi maqsadlarda qo‘llaniladi.  

Xususan, subsidiya dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga ajratilgan mablag‘lar hisobidan birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olishga yoki yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilishga ajratiladigan ipoteka kreditlarining, hududlarda talabgorlar uchun Davlat byudjetidan ipoteka krediti bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini to‘lab berish uchun ajratiladigan subsidiyaning miqdorlarini aniqlashda, deb belgilangan.  

– Subsidiya qaysi hududdagi qurilgan uy-joylar uchun yo‘naltiriladi?  

– Qarorda belgilanganidek, subsidiya uni to‘lashning maqsadli parametrlarida belgilangan hududda qurilgan uy-joylar uchun yo‘naltiriladi. Bunda subsidiya fuqaro ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyidagi hudud (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar) doirasida tuman (shahar) kesimida qayta taqsimlanmagan holda fuqarolarning talablaridan kelib chiqib ajratiladi.  

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga ajratilgan subsidiya ushbu hududdagi aholi tomonidan belgilangan taqsimot doirasida tuman yoki shahardan olishi mumkin, agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa.  

Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatga olingan fuqaro subsidiya dasturi doirasida Toshkent viloyatida qurilgan uy-joylarni ipoteka krediti asosida sotib olishga haqli. Bunda ipoteka krediti Toshkent viloyati uchun belgilangan ipoteka kreditining eng ko‘p miqdori doirasida ajratiladi hamda boshlang‘ich badal bo‘yicha subsidiya to‘lovi uy-joy joylashgan tuman (shahar) moliya bo‘limi tomonidan amalga oshiriladi.  

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish