Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

UYIMNI TAʼMIRLAB BERISHDI

12.7.2023 4252

Ozoda SALIMOVA, Guliston shahridagi “Taraqqiyot” mahallasidan

– Yoshim 30 da. Ota-onasiz ulgʻayganim bois buning qanchalik ogʻir ekanini juda yaxshi bilaman. Yoshligimdan birovlarga havasda, yon-atrofdagi tengdoshlarimning narsalarini orzu qilib katta boʻldim. Afsuski, ikki farzandim bilan turmushimdan ham ajraldim. Doim ularni yolgʻiz katta qilish, xohlagan narsasini olib berolmasligimdan qoʻrqqanman.

Yaqinda mahallamiz yoshlar yetakchisi meni “qizil” toifaga roʻyxatga olib, davlat xizmatidagi xodimlar bilan menga yordam berishini aytib qoldi. Oradan ikki kun oʻtib, uyimizga Guliston shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi Samandar Artikov va mahallamiz yoshlar yetakchisi kelib, mendan qanday muammom borligini soʻradi. Men yashab turgan uyimizning tom qismini qayta taʼmirlash uchun erta-yu kech ishlab pul yigʻayotganimni, qishda uyga suv oʻtib, bolalarim bilan qiynalganimni aytdim. Ular bu borada yordam berishini aytib, meni doimiy ishga ham joylab qoʻyishni taklif qildi. Men bu taklifni rad etdim. Sababi, norasmiy boʻlsa-da ofitsiant boʻlib ishlayman. Bu ishimning qulayligi kun bo‘yi ishga bogʻlanib qolmaganman. Bolalarimdan tez-tez xabar olib turish imkonim bor. Shu bois hozirgi ishim oʻzimga maʼqulligini tushuntirdim. Bu suhbatdan soʻng oradan bir oy vaqt oʻtib, 22-iyunda uyimizning tom qismini toʻliq taʼmirlab berishdi. Bundan boshqa masalalarda ham mahallamiz yoshlar yetakchisi Doston Ergashov yaqindan yordam berib kelyapdi. Shu kunga qadar “Yoshlar daftari” jamgʻarmasidan moddiy yordamlar ajratib turibdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish