Yoʻqolgan va ekspluatatsiya qilingan bolalar xalqaro markazi maʼlumotlariga koʻra, har yili AQShda 420 mingdan ortiq bola yoʻqolib qoladi. Bu koʻrsatkich Buyuk Britaniyada 80 ming, Kanadada 40 ming, Avstraliyada 20 mingdan ortiqni tashkil qiladi. Ularni qidirib topib, yaqinlari bag‘riga qaytarish keng ko‘lamli faoliyatdir.
Afsuski, yurtimizda ham bunday noxush holatlar uchrab turadi. Kimningdir bolasi, kimningdir ota-onasi uydan chiqib ketadi-yu, biror baxtsiz hodisa, jinoyat yo tushunmovchilik sabab yo‘qolib qoladi. Shunday vaqtda yoʻqolgan insonlarni qidirish, ularni oilasi bagʻriga qaytarishdanda zarur, xayrli ish yoʻq, albatta. Oʻzbekistonda bu faoliyat bilan shugʻullanuvchi yirik volontyorlik guruhi mavjud boʻlib, ularning sa’y-harakati bilan yuzlab odamlar yaqinlari yoniga qaytarilgan.
Bu qanday guruh?
“UzAlert” – O‘zbekistondagi birinchi qidiruv-qutqaruv volontyorlik guruhi. 2020-yildan buyon yo‘qolgan odamlarni topish va qutqarish hamda huquqni muhofaza qilish organlariga yordam berish faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Loyiha doirasida bugunga qadar qariyb 1 327 nafar yo‘qolgan shaxs topilgan.
– 2020-yil 10-dekabr edi. Bu guruhning tashkil qilinishi kutilmaganda sodir boʻldi. Bir telegram kanalida ayolning qizini topishga yordam berish haqidagi iltimosi joylandi. Izohlarda guruhning bir necha a’zosi ayolga yordam berish maqsadida yozgan. Shundan soʻng telegramda alohida guruh yaratildi, u yerga tanishlar, qarindoshlar va shunchaki befarq boʻlmaganlar qoʻshildi. Shundan so‘ng odamlarga yaqinlarini topishda yordam berish maqsadida guruhni rivojlantirishga qaror qilindi. Shunday qilib guruh kuchaydi, unga turli tashkilotlar a’zolari qo‘shildi va UzAlert nomi ostida boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham guruhlar tashkil etildi, – deydi guruh asoschisi Tatyana Voloshina.
40 mingdan ortiq volontyor
Hozir “UzAlert”da 40 mingdan ortiq volontyor jam bo‘lgan. Guruh asoschisi bizga tizim qanday ishlashini tushuntirib berdi.
“Biror kishining yoʻqolgani to‘g‘risida xabar kelib tushsa, eng avvalo, u haqidagi maʼlumotlarni kanalga joylaymiz. Soʻng volontyorlar uni boshqa guruhlar, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatadi. Qidiruvdagi kishi oxirgi marta qayerda boʻlganini aniqlaymiz, oʻsha hududdagi kameralarni tekshiramiz. Hudud boʻylab qoʻshnilar, oʻtkinchilar bilan suhbatlashamiz. Tegishli idoralar bilan maʼlumot almashamiz. Shuningdek, volontyorlarimiz kasalxonalarga qoʻngʻiroq qilish, yoʻnalishlarni chop etish, darhol piyoda qidiruv boshlash bilan shugʻullanishadi. Har bir qidiruvdan soʻng koʻngillilar koʻpayib bormoqda. Biz bedarak yo‘qolganlarning yaqinlariga ma’naviy yordam beramiz va ularga butun mamlakat hamdard ekanini ko‘rsatamiz”, – deydi Tatyana Voloshina.
“UzAlert” jamoasi doimiy ravishda fuqarolarga bedarak yo‘qolgan taqdirda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar, shuningdek, yo‘qolib qolishning oldini olish, xotirasi bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan keksalarga qanday g‘amxo‘rlik qilish va bolalar xavfsizligi haqida tushuntirishlar berib boradi.
Koʻrinib turibdiki, odamlarga yordam berish murakkab, qimmat va katta kuch talab qiladigan ish emas. “UzAlert” ko‘ngillilari hamdardlik, e’tibor, g‘amxo‘rlik kabi fazilatlar, o‘z vaqtida yordam qo‘lini cho‘zish naqadar muhimligini o‘z misolida ko‘rsatmoqda. Guruh shiorida aytilganidek: “ODAM UCHUN BIZGA ODAMLAR KERAK!”.