Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

V Toshkent Xalqaro marafoni va “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasi mart oyida bo‘lib o‘tadi

24.2.2023 721

Muxbirimiz

2023-yilning 12-mart kuni poytaxtimizda V Toshkent xalqaro marafoni va O‘zbekistonning 13 ta shahrida “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkaziladi.

Bugun, 24-fevral kuni mazkur tadbirlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiya vazirligi hamda O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi vakillari kutilayotgan sport musobaqalari haqida ma’lumot berib, OAV vakillarining savollariga oydinlik kiritishdi.

V Toshkent xalqaro marafonida 5500 nafar kishi ishtirok etishi rejalashtirilgan

Tashkilotchilarning tashabbusiga binoan, marafon 5500 ta ishtirokchini qamrab olishi rejalashtirilgan bo‘lib, ular to‘rtta masofalardan birida o‘z kuchlarini sinab ko‘rishlari mumkin bo‘ladi — 42 km 195 m, 21 km 97,5 m, 10 km va 3 km. O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi Bosh kotibi Kamoliddin Ro‘zamuhamedovning xabar berishicha, shu kunga qadar 2 mingdan ziyod ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan. Ular orasida qo‘shni Qozog’iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlaridan yuzlab yuguruvchilar qatnashishi kutilmoqda.

Marafonda kimlar va qanday ishtirok etishi mumkin?

Toshkent xalqaro marafonida fuqaroligidan qat’i nazar barcha xohlovchi sportchilar hamda havaskorlar ishtirok etishlari mumkin. Marafon va yarim marafon masofalarida 18 yoshga to‘lgan fuqarolarning qatnashishiga ruxsat beriladi, 10 km hamda 3 km masofaga yugurish musobaqalarida ishtirok etish uchun yosh doirasi cheklanmagan.

Marafonda ishtirok etish uchun iticket.uz saytida yoki iTicket savdo ofislarida ro‘yxatdan o‘tish hamda ishtirokchining boshlang‘ich to‘lovini amalga oshirish kerak. 10 km masofaga ommaviy yugurish musobaqasi, marafon va yarim marafonda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi – 149 ming so‘mni, 3 km ga – 75 ming so‘mni tashkil qiladi. 2023-yil 5-martgacha ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati mavjud.

G‘oliblarni nimalar kutmoqda?

Erkaklar va ayollar o‘rtasida 10 km masofaga ommaviy yugurish musobaqasi, marafon va yarim marafonning g‘oliblari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. 42 km masofalik marafonda I-o‘rinni egallagan g‘olib 30 mln so‘mni, (II-o‘rin uchun – 20 mln so‘m, III-o‘rin uchun – 15 mln so‘m, IV-o‘rin uchun – 10 mln so‘m, V-o‘rin uchun – 8 mln so‘m, VI-o‘rin uchun – 5 mln so‘mni) qo‘lga kiritadi.
Yarim marafon ishtirokchilari uchun quyidagi pul mukofotlari ko‘zda tutilgan: I-o‘rin uchun – 20 mln so‘m, (II-o‘rin uchun – 15 mln so‘m, III-o‘rin uchun – 12 mln so‘m, IV-o‘rin uchun – 8 mln so‘m, V-o‘rin uchun – 6 mln so‘m, VI-o‘rin uchun – 4 mln so‘m).
10 km masofaga yugurish bo‘yicha I-o‘rin – 6 mln so‘m, II-o‘rin – 4 mln so‘m, III-o‘rin egasi 2 mln so‘mni qo‘lga kiritadi. 3 km masofaga yugurish ishtirokchilariga qimmatbaho sovg‘alar ko‘zda tutilgan.

Ilk marotaba Kids Run ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkaziladi

Marafon doirasida 11-mart kuni ilk marotaba bolalar o‘rtasida Kids Run ommaviy yugurish poygasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda ikki toifadagi — 2015-yil va 2011-yilgacha tug‘ilgan bolalar ishtirok etishi mumkin. Ushbu ommaviy yugurish musobaqasiga ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bepul. Kids Run ommaviy yugurish poygasi skandinavcha yurish havaskorlari bilan birgalikda o‘tkaziladi. Bolalar masofasi 1 km, yuruvchilarning masofasi 3 km ni tashkil qiladi.

O‘zbekiston bo‘ylab “Yangi Nafas” ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkaziladi

Toshkent xalqaro marafoni bilan bir kunda O‘zbekistonning 13 ta shahri va poytaxtimizda “Yangi Nafas” xayriya ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Mazkur musobaqa O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiya vazirligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, “O‘zneftgaz” AJ, O‘zbekiston Yengil atletika federatsiyasi va Toshkent shahar hokimligi ko‘magida tashkillashtirilgan ahamiyatli loyiha bo‘lib, u aholi salomatligini mustahkamlash va sportni ommalashtirishga qaratilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish