Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

VARRAK

12.7.2023 4943

Jamshid DAVRON

Qulagan devor ostida “bolam”lab yig‘layotgan onalar faryodi, yaqinginada portlayotgan bomba tovushlari-yu o‘q ovozlari, qora tutunga to‘lgan osmonni vahima bilan kuzatayotgan bolakayning xo‘rligi keldi. Axir osmon avval bunday emasdi, ko‘chalarda do‘stlari bilan shodon yugurib, shovqin solib o‘ynardi! Nega hammasi bu qadar tez o‘zgarib ketdi? Otasini ko‘z oldida otib tashlashdi, onasi va yolg‘iz singlisi ham kecha uyiga tushgan snaryad zarbidan halok bo‘ldi. O‘zi esa ochlik va qo‘rquv iskanjasida berkinib yotibdi.

Bolakayning ko‘zi beixtiyor uy qoldiqlari orasida yotgan varrakka tushib qoldi va onasining gapini esladi: “Varrak – tinchlik ramzi, u uchgan osmon mussafo va tinch bo‘ladi”!

– Hammasiga men aybdorman! Otamning, onamning, singlimning o‘limiga men sababchiman! Kasal bo‘lib yotganim uchun bu bahorda varrak uchira olmagandim. Shuning uchun tinchlik bizdan xafa bo‘lib, ketib qolgan!

Darhol yugurib chiqdi-da, varrakni vayronalar ostidan chiqarib oldi. Shikast yetmabdi, demak uchadi, u uchsa, albatta, tinchlik qaytib keladi va urush to‘xtaydi! Ipni tortgancha qoqilib, turtinib yugura boshladi:

– Ucha qol! Varragim, uch! – deya bor ovozda baqirdi.

Ishonch hosil qilish uchun ortiga qayrilganida varrak asta yuqoriga ko‘tarila boshlagandi.

Buni ko‘rib, suvsizlikdan qurib qolgan lablariga tabassum yugurdi. Va kutilmaganda mina portladi!... So‘nggi nafasini olayotgan bolakay ko‘zlarini varrakdan uzmas, varrak ham uni tashlab ketgisi kelmayotganday simyog‘ochga o‘ralib qolgandi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish