Odam bolasi ulg‘aygan sari unda dunyoqarash va fikrlash kengayib borarkan. Har kuni ijtimoy tarmoqlarda turli-tuman odamlar bilan yangi-yangi suhbatlar quraman. Hammadan har xil fikr olishga miya ham ko‘nikib bo‘lgan. Bir kuni dunyoviy muhit, ahvol haqida uchta tilda erkin gaplashadigan, dunyo siyosatiga befarq bo’lmagan bir do‘stimiz bilan bahslashib qoldim. Na u pastdan keladi, na men pastlayman.
Telegram ilovasi ikkita o‘jarning xom fikrlariga to‘lib ketdi. Shunda mavzudan chetlashish uchun savol berdim:
- Abdulla Avloniyni taniysizmi?
-Ha, o‘qituvchi bo‘lgan.
-Qaysi asarlarini bilasiz?
- O‘qituvchi asar yozmaydi, do‘stim. U dars beradi.
Aslida, men undan “Turkiy guliston yoxud axloq” deyishini kutgandim va uning dolzarbligi haqida bahs qurmoqchi edim. Ammo fikrlar qurmasimizdan quladi. Jimgina qoldim. Aynan, o‘sha kuni ingliz tilini bilmaganim uchun meni mazah qilib yuradigan do‘stim bilan u tug‘ilib o’sgan yer – Xorazmning janubiy qalqoni bo‘lgan Hazorasp haqida gaplashdik. “Hazorasp” so‘zining ma’nosini u mendan ko‘ra chuqurroq chaqib beradi, deb kutganimda “Bu nom qadimdan shunday” degan javob oldim. Men-ku tarixchi emasman, lekin Hazoros qabilasi, ming olovlilar shahri haqida eshitganlarim bor edi. Ularni hazoraspliklarning fikri bilan mustahkamlamoqchi edim. Bu bola axir IT, ingliz tilida zo‘r deya oldim, xolos.
Kasbmi, ma’suliyatmi otam ham necha bora urinib qaytarolmagan jurnalistika taqazosi bilan mikrafon ko‘tarib, ko‘chaga chiqdik. Aslida, mavzu boshqa narsa edi-yu, mashhur dasturchi yo‘ldan chiqib qolgan-da, “Xorazmiyning kasbingizga oid qanday aloqasi bor?”, deb oson savol bergim keldi. Hali 30 yoshga to‘lmagan bu mashhur yigitcha “Xorazmiy davrida kompyuter bo’lmagan-ku?!”, deb qolsa bo’ladimi? Men Xorazmiyni hozirgi kompyuterlarning mutloq haqli asoschisi deb yuribman-a!
Aynan, maxsus teleloyihamizning o‘sha soni hech qaysi ijtimoiy tarmoqda berilmadi, hech kimga ko‘rsatmadim ham.
Ha, shu mashhurlar, uchta tilda erkin gaplashadiganlarning hammasi o‘z yo‘lini topgan, lekin Ra’no va Anvarni kinodagi oshiqlar, Abdulla Avloniyni oddiy o‘qituvchi deb bilishadi. Kasb bilgan, til bilgan yaxshi, lekin bizni biz qilgan tarix, adabiyotimizga nazar solsak ham nur ustiga nur bo‘lardi. Ichingda aytolmaydigan gaplaring ko‘p bo‘ladi. Sen mingta tilni bilsang, Vatanni bilmasang, bundan ortiq parokandalik yo’q. Eh, mening qadimgi dardlarim. Eh, mening faqat o’zbekchada ravon chuldiraydigan tilim-a…..