Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

VATANPARVAR YETAKCHI

28.3.2024 192

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Zangiota tumani “Vatanparvar” mahallasi yoshlar yetakchisi Shohsanam Meliqo‘ziyeva o‘zining qat’iyati, shijoati bilan ajralib turadi. U 2022-yildan 2024-yilgacha tumandagi “Bog‘zor” mahallasida yetakchi sifatida faoliyat yuritgan. Joriy yildan “Vatanparvar” mahallasi yoshlar yetakchisi sifatida ishlamoqda.

Shohsanam oilalardagi ma’naviy muhitni yaxshilash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, sport tadbirlarini ommalashtirish, oilalar farovonligini oshirish, oilaviy qadriyatlarni saqlash va an’analarni kundalik tarbiya tizimiga joriy etish, notinch oilalar bilan ishlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqib, tizimli amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatmoqda.

 

Bildirilgan ishonch o‘zini oqladi

U mahalladagi jinoyatga moyil yoshlarni turli mashg‘ulotlar bilan band qilishga erishgan. Ayrimlarini kosibga shogirdlikka yollagan bo‘lsa, boshqalari dehqonchilikka jalb etilgan. Sport bilan muntazam shug‘ullanish istagidagi yoshlarning musobaqalarda ishtirok etishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. Yetakchi tashabbusi bilan homiylik mablag‘lari hisobidan 2022-yilda 90 million so‘mlik bolalar maydonchasi qurib bitkazildi.

“Bog‘zor”da 2021-yilda 17 nafar yosh jinoyatchilik sodir etgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 2 tani tashkil etgani Shohsanamning yoshlar bilan ishlashdagi yutug‘ini ko‘rsatmoqda.

Shohsanam “Bog‘zor” mahallasidagi 2 yillik faoliyat davomida 46 nafardan ziyod ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga issiq kiyim-bosh, 200 dan ortiq xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. 1 nafar nogiron yoshga aravacha ajratildi.

Mahalladagi 2 ta yosh oila ajrimining oldini olishga erishdi. Ijtimoiy holati og‘ir bo‘lgan 1 nafar yoshga sog‘lig‘ini tiklashi uchun 40 million so‘m homiylik yordami ajratildi. 1 nafar ko‘zi zaif ko‘ruvchi yoshga homiylik asosida davolanish xarajatlari qoplab berildi va 1 nafar jazoni ijro etish muassasidan kafillik asosida olib chiqilgan yoshni “Besh tashabbus olimpiadasi” loyihalarida ishtiroki ta’minlanib, sportning yengil atletika turi bo‘yicha tuman birinchiligini qo‘lga kiritdi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va bandlik markazlari bilan hamkorlikda migratsiyadagi yoshlarni qaytarishga ham erishgan. Chet davlatga ishlash uchun ketgan 2 nafar yoshni qaytarib doimiy ish bilan ta’minladi. Xorijda ishlash istagida yurgan yoshlar kasb-hunarga o‘qitildi.

 

Hindiston safari

Shohsanam Meliqo‘ziyeva 2023-yil O‘zbekistonning faol yoshlaridan iborat delegatsiya tarkibida Hindistondagi xalqaro forumda ishtirok etdi. Safar davomida Hindiston yoshlari bilan fikr almashdi, ta’lim tizimini qiziqib o‘rgandi. Shohsanam O‘zbekistonda yoshlarga yaratilgan sharoitlar havas qiladigan darajada ekanligini alohida ta’kidlaydi:

Hindistonlik yoshlar bizdagi yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tiborni kuzatib borisharkan. Hindiston va O‘zbekistondagi yoshlarga yaratilgan imkoniyatlarni taqqoslaganda Vatanimiz ular uchun ertakka o‘xshab ko‘rinadi. U yerda faqat puli borlar o‘qiydi. Qolganlar bilimsiz qolib ketaveradi. Ular bilan suhbatda O‘zbekistondagi yoshlarga berilayotgan e’tiborga havasi kelishini, bizning yurtimizda yashashga qiziqib qolganliklarini aytishdi. Ana shu jarayonda o‘zimda faxr tuyg‘usini his qildim, o‘zbek ekanligimdan faxrlandim. Hindistonlik yoshlarni yurtimizga taklif qildim.

 

JIEMdagi hayot

Zangiota tumanidagi jazoni ijro etish muassasalari “Bog‘zor” mahallasi hududida joylashgan. Qahramonimiz muassasa yoshlari bilan ham tizimli ishlarni yo‘lga qo‘ygan. Voyaga yetmagan bolalar va ayollar qamoqxonasida jazoni o‘tayotgan yoshlarning vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Besh tashabbus olimpiadasi” tadbirlari, e’tibordan chetda qolgan, umidi so‘ngan yoshlarni hayotga qaytarish, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash maqsadida malakali psixologlar bilan uchrashuvlar tashkil etilmoqda. 24-sonli tarbiya kaloniyasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 1 nafar yoshga oliy ta’lim kontrakt pulining 50 foizi to‘lab berildi.

Shohsanam JIEMdagi ayol-qizlar bilan aloqa o‘rnatib, ularni mashg‘ulotlarga jalb etib boradi. Kimlardir adashib bu yerga kelib qolgan, yana kimlardir oilaviy tazyiq sabab jinoyatga qo‘l urgan. Muassasadagi qizlarning ko‘pchiligi ota-onasidan erta yetim qolgan. Yetakchi tashabbusi haftada ikki marta JIEMdagi ayol qizlar va psixolog uchrashuvi belgilangan.

 

Tajriba almashamiz!

Yoshlar siyosati yo‘nalishidagi faoliyat yangi bilim va katta tajriba talab etadi. Shohsanam Meliqo‘ziyeva bu yil “Vatanparvar” mahallasi yoshlar yetakchisi etib tayinlandi. U dastlabki kundanoq mahalla taqdiriga o‘zini mas’ul deb bilib, tizimli ishlarni yo‘lga qo‘ydi. Mahalla bilan tanishish uchun xatlov o‘tkazdi, yoshlarning murojaatlarini eshitdi.

 

“Vatanparvar” mahallasi balansi:

Aholi: 845 nafar

Xonadon: 168 ta

Yoshlar: 147 nafar

Ayol-qizlar: 440 nafar

Og‘ir toifadagi yoshlar: 4 nafar

Yetakchi uch o‘tgan qisqa vaqr ichida mahalla yoshlari bilan individual ishlash tizimini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘ydi. Har bir yoshning murojaatini ijobiy hal etishga intilmoqda.

Og‘ir toifadagi yoshlar Davlat xizmatlari markazi sho‘ba boshlig‘i Abdumajid Maxitdinovga biriktirilgan bo‘lib, ularning bandligini ta’minlash va vaqtini bekor o‘tkazmasligi alohida nazoratga olingan. Ayni paytda “Yoshlar daftari”ga kiritlgan yoshlar ro‘yxati shakllantirilib, ularga tegishli yordam ko‘rsatish ishlari davom etmoqda.

“Vatanparvar” mahallasida aholi ham, yoshlar soni ham. Bu ular bilan ko‘proq ishlash imkonini beradi, – deydi “Shohsanam Meliqo‘ziyeva. – Har biri bilan birma-bir ishlashga, ularni tinglashga harakat qilyapman. Hozir “Vatanparvar” mahallasi yoshlari bilan “Besh tashabbus olimpiadasi”ga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Og‘ir toifadagi 4 nafar yoshni ham musobaqalarga jalb etganman.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish