Kecha Adliya vaziri Akbar Toshqulov va yuridik sohada tahsil olayotgan yoshlar, yosh yuristlar uchrashuvi tashkil etildi. Erkin muloqotda vazir adliya tizimi va yoshlarga oid ishlab chiqilgan hujjatlar haqida taqdimot bilan tanishtirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yoshlar masalasiga oid 3 ta qonun, 36 ta farmon va qaror qabul qilinib, yoshlar uchun 100 dan ortiq yangi imkoniyatlar yaratilgan. Yil boshida mamlakatimizda 377 ming yoshning “fuqarobay” asosdagi “Yoshlar bandligi dasturi” ishlab chiqilgan.
Uchrashuvda yoshlar asos solayotgan ko‘plab loyihalar, ixtirolar sabab mualliflik, intellektual mulk huquqi haqida fikr almashildi. Ayni masalada keyslar misolida talaba yoshlar bilan savol-javob ham o‘tkazildi. Yangi takliflar ilgari surildi. Talabalar adliya sohasidagi tashabbuslarini, jumladan, talabalardan iborat “Qonun tashabbuskorlari” guruhini tuzishni taklif etdi.
– Kelajakda shu sohada ish olib boramiz. Shu sabab aynan vazir bilan uchrashib, o‘z takliflarimizni berish, savollarimizga javob olishimiz muhim. Rahbarlar bilan bunday ochiq muloqot bo‘lishi har qanday soha uchun foydali, – deydi ishtirokchi talabalardan biri.