Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Vergul zo‘rmi, nuqtami? – Erkin A’zamning “qo‘shtirnoq”li so‘zlari

26.6.2023 3919

Nizomiddin MAHMUDOV, O‘R FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor

Bugungi o‘zbek adabiyotida atoqli adib, benazir nosir Erkin A’zamning rostlik va rasolik tajassumi bo‘lmish asarlari o‘zining muhtasham va munosib o‘rnini haqli ravishda zabt etganiga ancha bo‘lganligi aslo mubolag‘a emas. Zamonaviy o‘zbek nasrida mutlaqo va muntazam o‘z uslubida qoimligi, o‘zbek tilining lingvopoetika, ya’ni lisoniy badiiyat bobidagi tuganmas imkoniyatlarini sinchi tilchi sifatida baralla ko‘ra va ko‘rsata bilganligi, ayni paytda bu imkoniyatlar zaxirasini badiiyat binosi bunyodiga to‘lasicha safarbar qila bilish hadisini olganligi, qalamini ana shu hadisning haddi a’losi yo‘rig‘idan yurg‘iza bilganligi ardoqli adibning betakror ijodiga bo‘lgan e’tibor va ehtiromning zalvorli zaminlaridir.

Alohida ta’kid va tahsin bilan aytmoq joizki, Erkin A’zam qalamiga mansub har qanday matnda so‘z butun borlig‘i, mazmuniy-hissiy qirralari, shakl-u shamoyili va hatto sas-sadosi bilan namoyon bo‘ladi, tirik va teran mantiq o‘zani aro harakatda bo‘ladi, uning qo‘llanishi tasvir tiniqligi va rostligi uchun ayni muddao bo‘ladi, ortiqchalik yoki bejolik degan noqisliklar bu so‘zga batamom begona bo‘ladi. Erkin A’zam “bir umr ixlos va ehtirom qilib yuradigan ustoziga aylangan” Asqad Muxtorning “Tundaliklar” degan so‘nggi asariga epigraf qilib olgan Mahmud Zamaxshariyning “Ortiqcha so‘zdan tilini tiyolmagan odamning jilovi shaytonning qo‘lida” degan hikmatiga qat’iy amal qiladi. Adabiyotimizning chinori Asqad Muxtorning mazkur asarida “Qalam so‘zning soyasini chizadi” degan mag‘zi to‘q gap ham bor, bu ulkan adibning sadoqatli shogirdi Erkin A’zamning qalami so‘zning nafaqat soyasi, balki uning adoqsiz sas-sadosini ham chiza olishini ustoz tasavvur qilganligi shubhasiz.

Erkin A’zamning tamoman o‘ziga xos, betakror so‘z qo‘llash mahoratiga uning deyarli barcha asarlarida, xususan, hatto oddiy suhbatlarida ham guvoh bo‘lish mumkin. Uning suhbatdosh savoliga bergan quyidagi javob matniga e’tibor beraylik:

“Bitta “sekret”imni aytaymi? Mavjud andozalarni unutib, sipogarchilikni yig‘ishtirib, voqelikni, qahramonlaringizni iloji boricha aniq, rostgo‘ylik bilan tasvirlab bersangiz, o‘zi shunday chiqaveradi: kulgiliroq, hayratomuz… Bunda o‘zingizning shaxsiyatingiz, ta’b-didingiz ham muhim, albatta”.

Tabiiyki, tilimizga tamomila yot bo‘lgan sekret so‘zini o‘zbekcha matnda qo‘llashning, kamida, nodurust ekanligini har kim biladi, ammo, taassufki, aksariyat ziyoli yoki ziyolinamo kishilar nutqida bu hol kuzatiladi. Yozuvchi nutqida, ayniqsa, Erkin A’zam nutqida bunday qo‘llanish mantiq quyushqonidan tamoman tashqari, ammo adibning bu o‘rindagi o‘tkir kinoyasi, istehzosi ochiq-oshkora ko‘rinib, kesatiq-kulgisi baralla eshitilib turibdi va uning ta’sir quvvati favquloddadir.

Erkin A’zamning, ayniqsa, badiiy asarlarida o‘zbek tili adibning behad inja va raso lisoniy-badiiy sezimlari bois o‘zining beadoq va sir-u sinoatga limmo-lim lingvopoetik imkoniyatlarini hech bir majburlovsiz bor bo‘yicha namoyon qiladi. Bunga hassos nosirning har bir asarida, xususan, birgina “Yozuvchi” hikoyasida ham guvoh bo‘lish va undagi favqulodda lingvopoetik topilmalarning mazmuniy-hissiy zamzamalariga, turfa badiiy-estetik maqsadlar bilan yukunishiga tasanno aytmaslikning iloji yo‘q.

Hikoya shunday boshlanadi: “U o‘rtamiyonagina yozuvchi edi. Bu endi har baloni o‘qiyverib osmonga sapchiydigan bo‘lib qolgan bizga o‘xshash “dono”larning fikri”. Parchada dono so‘zi asl ma’nosiga nisbatan zid ma’noda, ya’ni “nodon” degan ma’noda namoyon bo‘lgan (mazkur so‘zdagi qo‘shtirnoq shunga xizmat qilgan) va ayni paytda hikoyachining o‘ziga qaratilgan kinoya, istehzo ta’kidiga ega. Bu poetik ta’kid har baloni o‘qiyverib tarzidagi qochirimli ifodaga va osmonga sapchiydigan bo‘lib qolgan iborasiga ko‘ra yanada qabariq ifodalangan.

Muallif hikoya qahramonini tanishtirishda davom etadi: “Ammo, o‘rinsiz andishani chetga qo‘yib gapirganda, u maydonda ot surib yurgan dongdor otaxon-u akaxonlarning ko‘pchiligiga nisbatan asl adabiyotga yaqinroq, hatto uning sodiq fuqarosi edi. Darvoqe, fuqarosigina emas, jafokash mardikori ham edi...” Asl adabiyotning “sodiq fuqarosigina emas, jafokash mardikori ham edi” ifodasida ham kinoya, istehzo ta’kidi mavjud. Buning ustiga, “adabiyotning sodiq fuqarosi” va “adabiyotning jafokash mardikori” qabilidagi tamoman ziddiyatli qo‘llanish o‘quvchi idrokida o‘tkir istehzoli anglov va kutilmagan palag‘da mantiq tasavvurotini uyg‘otadi. Zotan, yozuvchining mazkur o‘rindagi badiiy niyati ana shunday muallaq mantiq ta’kidi asosidagi kinoya tasvirini namoyon qilishdan iborat. “Asl adabiyotning jafokash mardikori” ifodasi betakror badiiy topildiq sifatida asarning lisoniy poetikasini yanada ko‘lamli boyitishga xizmat qilgan.

Erkin A’zam hikoyadagi asosiy qahramon tasvirida uning tarjimai holini hijjalab o‘tirmaydi, balki yozuvchilar hayotining aytarli muayyan bir andazaga aylangan nuqtalarining zidi, teskarisini tilga olish bilan cheklanadi. Erkin A’zam bu nuqtalarni shunday ko‘rsatadiki, o‘quvchi bu nuqtalarning qaysi ijodkorlarga tegishliligini, umuman, tasavvur qila oladi. Mana bu parchaga e’tibor qilaylik: “U rasmona adiblar singari bolalik chog‘laridanoq yozuvchi bo‘lishni diliga tugmagan, ilk ijodini she’r bilan boshlab, devoriy gazetalarni obod qilmagan edi. Uning ustoz shoirlarnikiga o‘xshagan ibratli bir tarjimai holi ham yo‘q, bolalik kunlarida ertak so‘ylab berguvchi buvisi ham bo‘lmagan”. Ma’lumki, aksar ijodkorlar bolalikdan yozuvchi bo‘lishni niyat qilgan, she’r yozgan, “devoriy gazetalarni obod qilgan”, buvisi ertak so‘ylab bergan (H.Olimjonning “Bolalik kunlarimda, Uyqusiz tunlarimda Ko‘p ertak eshitgandim, So‘ylab berardi buvim” misralarini eslang). Hikoya qahramoni esa bu sifatlashlarning hech biri bilan oshno emas... Hikoya qahramonining bolaligi tavsifi ana shu tarzda g‘oyat oddiy va ta’sirli chizilgan, tegishli so‘z va jumlalarning deyarli har biri o‘ziga xos va badiiy maqsadga mos nozikliklar bilan yukungan.

O‘zbek tilida dardi bedavo tarzidagi izofali birikma bor. Uning ma’nosi “davolab bo‘lmaydigan dard” demakdir. Erkin A’zam bu birikmani lisoniy qurshovga mana bunday olib kiradi: “Poytaxtga tutash bog‘dorchilik tumanlaridan birida kolxoz raisi ekan. Qarang, mash’al rais bo‘laturib, shu odam ham dardi bedavoga yo‘liqibdi – yozar ekan! Yozmasa turolmas ekan!” Aslida, kolxoz raisi uchun yozish, yozmasa turolmaslik davolab bo‘lmaydigan dard emas, albatta, shuning uchun ham mahoratli yozuvchi kolxoz raisining bu g‘ayriodatiy “dard”ini kuchli kinoya-istehzo bilan tilga olmoqda. Shuning uchun ham tili o‘tkir adib raisning maqomi o‘zaniga mos rost ishini shunday tanbeh-kesatiq bilan shunday ta’kidlaydi: “Ay, bog‘-rog‘ingga qara, hosildorlikni o‘yla, yillik rejalarni sharaf bilan ado etib orden-medal olsang, qahramon bo‘lsang-chi, anoyi banda! Bulardan ortsang, mehnatkashlarning holidan xabar ol, beva-bechoraga qayishgin, inson!” Adibning teran va tarang tanbehi quyidagicha shiddatli tus oladi: “Yo‘q-da, qo‘li qichiydi. Yozmasdan turolmaydi!” Bu o‘rinda qo‘li qichimoq iborasining ma’noviy-ishoraviy tarkibidagi kesatiq-zaharxanda baralla bo‘y ko‘rsatgan, undagi ayni ma’noning lingvopoetik ta’kidi yanada to‘lg‘inlashgan. Bunda matndagi murojaat qaratilgan shaxsni ifodalovchi anoyi banda, inson so‘zlarining mazmuniy harakatini ko‘rmaslik va dashnom sasini ham eshitmaslik mumkin emas.

Erkin A’zam hamma asarlarida bo‘lganidek, hikoyada til birliklarining, so‘zning ichi va tashini aniq ko‘ra biladi va yarq etgan, yurakni jiz ettiradigan ma’no nozikliklarini ishga sola biladi. Mana bu parchadagi jonivor va odam qilmoq so‘zlarining metaforik ma’no nozikligi va tovlanishlariga e’tibor qiling: “Xo‘sh, bu yog‘ini nima qilish kerak? Nashriyot rejasiga kirgan qo‘lyozma otlig‘ jonivor kitob bo‘lib chiqishi shart! Ayniqsa – direktor buyurganidan keyin! Bo‘lim mudiri ham bir gapni takrorlagani takrorlagan: “Odam qiling! Odam qilasiz, tamom!” Ko‘rinib turganiday, jonivor so‘zi qo‘lyozmaga nisbatan qo‘llangan, unda ayni paytda qo‘lyozmaga nisbatan salbiy munosabat ochiq ifodalangan. Odam qilmoq matnda “epaqaga keltirmoq, yaroqli holatga keltirmoq” metaforik ma’nosida qo‘llangan, bu so‘zda yaramaydiganlik ta’kidi va unga salbiy munosabat ifodasi aks etgan. Biroz keyin matnda qo‘lyozma daxmaza so‘zi bilan atalgan. Bu so‘zning “ortiqcha tashvish, keraksiz bosh og‘rig‘i” ma’nosi yodga olinsa, yanada salbiy, kesatiqli munosabat ifodasi qabariqlashganini sezish mumkin. Parchada lisoniy poetika nuqtai nazaridan rasolik va haqqoniylikning me’yorida yoki me’yoridan ham ortiq ekanidan huzurlanmaslikning iloji yo‘q. Zukko adib mazkur so‘zni hikoyaning istehzoli ruhiga hamohang tarzda matnga mana bunday olib kirgan: “O‘sha kunlar rais yig‘im-terim bilan band, dahmazani uning Olashovur degan sho‘x-shalayim shofyori keltirib berdi. (Rais buvamiz yozishdan ko‘ra, kishiga laqab taqishga usta ekan: Olloshukurni u hazil aralash shunday atardi. Keyinchalik qahramonimiz bu chindan ham olashovurroq yigit bilan rosa sirdosh ulfat bo‘lib ketdi.)” Ushbu parchadagi Olashovur – Olloshukur so‘zlari, hikoya davomida qo‘llangan ayni ismning turli shamoyillari bo‘lmish Shovurbek – Shovur va hatto Ollohshukur so‘zlari ko‘rsatgan badiiy-mantiqiy karomatlari chinakam so‘z muhibi bo‘lgan hech bir o‘quvchini aslo beparvo qoldirmaydi. Tilimizdagi olashovur so‘zining ma’nolaridan biri “sho‘x, tartibsiz, sershovqin” ekanligi ma’lum, u hikoyada shamoyildoshlarining umumiy ma’nosiga abjirlik bilan kayvonilik qilib turgandek tuyuladi. Adib bu shamoyildosh so‘zlarni huqqaboz kabi shunday qo‘llaydiki, ular ism-nom sifatida atagan shaxs hayotidagi “muhim” davrning belgisiga aylanadi. Birgina ushbu ixcham parcha buni dalillaydi: “Laqab deganlari bekorga qo‘yilmas! Ollohshukur hoji hali Olashovurlik kezlaridayoq, vallomat raisning qavatida yuraverib, ko‘p baloga aqli yetadigan pishiq-puxta sinchiga aylanib qolgan ekan”.

Hamma zamonlarda ijod degan muqaddas va muborak tushuncha qavmning, kattadir-kichikdir, xalqning cheksiz e’tibori va ehtiromida bo‘lgan. Xudo bergan iste’dod bois yaratilgan benazir ijod mahsullari millatning ma’naviy yuksalishiga xizmat qilgan, shuning uchun chin ijodkor nufuzi hamisha sarbaland tutilgan. Albatta, teran tafakkur va tirik taxayyulsiz ijod olamiga kirmoq nomumkin bir yumushdir. Ijodning mashaqqatli yumushiga emas, balki jilvagar kumushiga intilganlar barcha zamonlarda bo‘lgan va uch paqirga qimmat qoralamalarini “mening ijodim” deb ko‘kragiga urishdan uyalmaganlar. Erkin A’zam ana shunday faoliyatni ijod emas, balki “e’jod” deb ataydi, keskir kinoyaning go‘zal namunasini yaratadi. Mana bu parchada yana bir marta buni ko‘ring, sintaktik strukturadagi kinoyaviy ta’kidlarga ham e’tibor bering: “Rais buva har erta tonglay idorasiga kelib, bir qo‘lida dastro‘mol, peshona-yu bag‘baqalarini arta-arta, ikki betdan qog‘oz qoralamasa, ko‘ngli joyiga tushmas ekan. Qizg‘in “e’jod” damlarida Olashovur unga paydar-pay choy damlab berib turar emish: ilhomingizga baraka! O‘z navbatida biz ham bu jasoratga tahsin aytmasak uyat bo‘lar: qunt-u hafsalangizga ofarin, rais buva! Aslida, ermakka qog‘oz qoralash unchalik mushkul ish emas: jindak vaqt-u ishtiyoq bo‘lsa – kifoya. Rostakamiga kitob yozish, yozganda ham yaxshi yozish esa – qiyin, o‘h, juda qiyin! Chala-chulpa qog‘ozga tushgan gaplari kitobga aylanib, bebiliska hamd-u sano eshitib turgan martabali muallif buni qaydan bilsin?!” Parchadagi bebiliska hamd-u sano birikmasidagi g‘ayriodatiylik, so‘zlar qo‘shilmasidagi kutilmaganlik ham jiddiy lingvopoetik qimmatni ortmoqlagan. Bebiliska so‘zining ma’nosi “osonlik bilan, ortiqcha mehnat-mashaqqatsiz topilgan” demakdir, ammo bu so‘z odatda pul-boylikka nisbatan qo‘llanadi. Ammo hassos adib bu so‘zni hamd-u sanoga nisbatan hech bir majburlovsiz qo‘llagan, bu mutlaqo o‘zining tabiiy o‘rnini topganday emin-erkindir.

Quyidagi misollarda ham bir tutam, g‘ozli so‘zlari o‘zlari qo‘shilgan so‘zlar bilan Erkin A’zamga xos o‘ktamlik bilan bog‘langan holda qo‘llanib, alohida lingvopoetik qimmat kasb etgan: “Sarson bo‘lib har kuni ishga qatnab yurmaysiz, bir tutam maoshga ko‘z tikib, rahbariyatning qosh-qovog‘ini poylamaysiz”. “Kimning hamyoni g‘ozliroq bo‘lsa, qo‘lidan keladimi, yo‘qmi – kitob yozish, kitob yasash poygasiga kirishdi”.

Tilimizda tepa sochi to‘kilmoq ifodasi mavjud va u keng tarqalgan. Uning ma’no tashakkulida qo‘shimcha qandaydir shaxsga oid munosabat, biror narsaga ishora yo‘q, aytish mumkinki, unda subyektivlik yo‘q, so‘zlovchi nazdi nuqtai nazaridan deyarli betaraf. Chinakam so‘z ustasi Erkin A’zam mazkur ifodani tepa sochining barakasi ketmoq tarzida erkinona o‘zgartirib qo‘llagan va yumshoqroq, iliqroq munosabatning yuzaga chiqishiga erishgan: “Domlaning birdan-bir ermagi, ovunchog‘i mana shu bog‘, mana shu daraxtlar edi. Bu vaqtga kelib u – bir chekkasi azbaroyi kamxarjlik, undan ham burunroq kashandalik yo‘tali sabab – sigaretdan voz kechib, nos otishga o‘tgan; iyagiga bir tutamgina soqol ham qo‘yib olgan, tepa sochining barakasi ketib, boshiga kalampirnusxa do‘ppi bostirib yurar edi”.

O‘zbek tilida saraton so‘zi “shamsiy yil hisobida to‘rtinchi oyning nomi (22-iyun – 21-iyul davriga to‘g‘ri keladi)” ma’nosida ham qo‘llanadi. Bu so‘z tibbiy termin sifatida kasallik nomini ham bildiradi. Bu so‘zni eshitganda, har qanday qo‘rqmasning yuragiga ham qo‘rquv oralaydi, shuning uchun mazkur ma’nodagi mazkur so‘zni odatda tilga olmaslik urfga kirgan. So‘zni ham, kitobxonni ham ayashning ming bir hadisi bilan oshno ziyrak adib mazkur intihosi besh qo‘lday ma’lum qo‘rqinch dardi bedavo ifodasi uchun aylanma tasvir – yumshoqroq perifrazaga murojaat qiladi, buni mana bu parchada ko‘rish mumkin: “Voh darig‘ki, bu qo‘shaloq quvonchlar ko‘pga cho‘zilmadi. Saratonning adoqlariga borib, rais tappa to‘shakka mixlanib qoldi. Ayni shu faslga nomdosh, na shoh, na gadosi chora topa bilgan sovuqdan-sovuq bir dardga yo‘liqqan edi u”. Favqulodda lingvopoetik topildiq!..

Ma’lumki, adabiyotdan unchalik ham xabardor bo‘lmagan, oddiyroq, omiroq odam badiiy asar yozadigan har qanday ijodkorga shoir deb qaraydi. Hikoyada yozuvchilik hoy-u havasi bilan adabiy mardikor mehnatiga suyangan raisning ushbu so‘zlaridagi shoir istilohi uning rost adabiyot ko‘chasidan o‘tmaganligini tabiiy ravishda ta’kidlaydi: “Shu, siz – shoirlarga ham tan bermadim-da, domla, – degan edi lahadning og‘ziga borib qolgan odam hamon tetik bir ovozda. – Menday bir omi, to‘poridan ham shoir yasadinglar-a, qoyil!” Muallaq va muvaqqat hoy-u havaslar hech ekanligini anglagan, ta’bir joiz bo‘lsa, ko‘zi ochilgan rais-yozuvchi unga mardikorlik qilgan muharrir-domlaga umrining so‘ng pallasida ko‘nglini lang ochadi: “Tavba, bo‘lmasa, men bir dalavoy dehqonga kim qo‘yuvdi shoirlikni! Hay, ahmoq kallaga kelgan ul-bulni qoralagan bo‘lsak qoralagandirmiz. Lekin xizmat sizniki-ku! Mehnatni siz qildingiz-ku! Shuni bilmay men bir lodon-u ovsarmidim? Nima zaril deng-a! Mana, hammaginasi qolib ketar ekan…” Adabiyot olamiga tamoman begona va bu olamda musofir ekanligini yanada ta’kidlashday toza niyati raisning o‘zini dalavoy dehqon tarzidagi ohorli ifoda bilan atashida ochiq ko‘rinadi. Muharrir-domla uni errayim odam ifodasi bilan tilga oladiki, bu ifodada unga nimadir rahm-shafqat, achinish kabi tuyg‘ular anglanadi, chunki mahoratli adib errayim so‘zining “tanti” ma’nosining bo‘y ko‘rsatishiga qulay imkoniyat yaratgan: “Ajab bir errayim odam edi rahmatli – shu holida hazil gaplar qilganiga nima deysiz!”

Hikoyaning oxirlaridagi mana bu parchaga diqqat qilaylik: “– Amaki, vergul zo‘rmi, nuqtami? – deb so‘raydi bo‘lajak adib yozuvidan bosh ko‘tarib. Qanchalab kitob bitib, umr bo‘yi muharrirlik qilgan odam bolaning shugina savolidan lol, o‘ylanib qoladi.

– Nuqta zo‘r bo‘lsa kerak-da. Verguling bir gapda bir nechta bo‘lishi mumkin, nuqta esa – bitta!

– Lekin vergulning dumi uzun-ku?!

– Vergul – gap hali davom etadi degani. Nuqta qo‘yildimi, demak – bas, tamom!

– Darrov tamom bo‘lgandan ko‘ra, davom etgani yaxshi emasmi?

Yozuvchi shogirdchasiga qarab daf’atan baqrayib qoladi: “Tamom bo‘lgandan ko‘ra, davom etgani yaxshi… Nimaning? Ajabo!”

Hikoyadagi oxirgi jumla shunday: “– Amaki, so‘roq belgisi zo‘rmi, undovmi?” Tinish belgilarini bu tarzda mazmuniy-mantiqiy, hissiy-idrokiy tovlantirish, turli badiiy-ramziy ishoralarni ortmoqlashga safarbar etish, voqea-hodisaga individual munosabat asosidagi qamrovli mulohazalar uyg‘otish vositasiga do‘ndirish, umuman, lingvopoetik ta’kid-u ta’sirlar bilan to‘yintirish Erkin A’zamning benazir va boshqanikiga o‘xshamagan raso uslubiga xos xususiyatlardandir. O‘zbek tilidagi tinish belgilarining lisoniy-melodik mohiyatiga uyg‘un ravishda ramziy-ishoraviy ta’kid imkoniyatlari benihoya rang-barang va cheksiz-chegarasizdir. Bola tasavvuridagi uni qiynagan nuqta, vergul, undov, so‘roq belgisi kabi tinish belgilarining qaysi birining “zo‘rligi” haqidagi sinoatli savol bu belgilarning ma’no-mazmuni ramz o‘laroq goh talotumli, goh muntazam maromli va goh fojiaolud hayot sathiga ko‘chirilsa, uning mazmuni naqadar ulkan ekanligi anglashiladi. Bu ulkan savollarning javoblari hech kimni loqayd qoldirmasligi aniq.

Qissadan hissa shuki, Erkin A’zam ijodi lisoniy badiiyat bobidagi ko‘plab tadqiqotlar uchun hali ochilmagan qo‘riqdir. To‘g‘ri, o‘zbek filologiyasida bu ulkan va chinakam so‘z ustasining nasri lingvopoetikasi haqida bir necha tadqiqot ishlari yaratilgan, ammo bular mutlaqo yetarli emas. Erkin A’zam asarlarida yaratilgan lingvopoetik mo‘jizalar juda ko‘plab yosh ijodkorlar uchun tuganmas namuna va ibrat maktabidir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish