Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

VERTIKAL BOSHQARUV TIZIMI: SARHISOB VA NATIJA

25.1.2023 75

Sherzod SHARIPOV, Yoshlar ishlari agentligining mahalladagi yoshlar yetakchilari bilan ishlash boshqarmasi boshligʻi

2022-yil 19-yanvar. Prezidentimizning “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv tizimi joriy etildi, 9406 mahallada yoshlar yetakchisi ish boshladi. Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasi faoliyati ham yoʻlga qoʻyildi.

Ochiq tanlov asosida yoshlar bilan ishlash tajribasiga ega, fidoyi va vatanparvar yoshlar saralab olinib, yoshlar yetakchisi lavozimiga tayinlandi. Ular bilan kunlik muloqot qilib borish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Respublika komissiyasi hududlarda oʻrganishlar tashkil etib, sektor rahbari, mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, xotin-qizlar faoli bilan yoshlar yetakchisining oʻzaro hamkorligi va yakdil harakati yoʻlga qoʻyildi. Qulay sharoitga ega xizmat xonalari, moddiy-texnik jihozlar (mebel, kompyuter, planshet, internet) bilan taʼminlandi.

Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan yoshlar yetakchilari malakasi va siyosiy savodxonligini oshirish, asosiy faoliyat yoʻnalishlari, vazifa va vakolatlarini tushuntirish maqsadida oʻquv-seminar va trening mashgʻulotlari tashkil etildi. “ilm.argos.uz” platformasida oʻquv materiallari bazasi yaratilib, onlayn oʻqitish yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan birga, 9500 ga yaqin nusxada yoshlar yetakchilari uchun 5 ta mavzuda uslubiy-qoʻllanmalar, yoshlar bilan ishlash uchun “Yon daftarcha” va yoshlar siyosatiga masʼul rahbarlar uchun eslatma broshyuralar tayyorlanib, yetkazib berildi.

Mahallalarda yetakchilar tomonidan yoʻlga qoʻyilgan eng sara tajribalarni respublikadagi barcha yetakchilarga yetkazish, ularni zamonaviy dunyoqarashga ega liderlar etib tarbiyalash maqsadida “Yoshlar ovozi” gazetasini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yangicha ruh va dizaynda chop etish hamda har haftada 2 marotaba har bir mahallaga yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi. 2022-yilda eng ilgʻor 100 nafar yoshlar yetakchisi bir oylik ish haqiga teng miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlandi. Har bir tumanda faoliyati namunali deb topilgan 1 nafardan, jami 207 nafar yetakchi Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilib, tuman (shahar) sektor sardorlari etib belgilandi.

O‘tgan yili yoshlar yetakchilaridan 617 nafari turli OTMlarning sirtqi boʻlimiga oʻqishga qabul qilindi. Ular orasidan faoliyati davomida yuqori samaradorlik koʻrsatgan 500 nafarining birinchi yarim yillik shartnoma toʻlovlari uchun belgilangan mablagʻlar (3 335 247 595 so‘m) Agentlik tomonidan “Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” mablagʻlari hisobidan toʻlab berildi.

 

Yoshlarning ijtimoiy muammolari hal etildi

Yetakchilar 14-30 yoshdagi 9,1 million yoshlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, 5 toifa (bandlik, taʼlim, oilaviy, ijtimoiy va salomatlik holatlari) asosida “Yoshlar balansi”ni shakllantirib, maxsus elektron platformaga kiritdi. Mahallalarda yoshlar yetakchilari faoliyati yoʻlga qoʻyilishi hamda “Yoshlar daftari” tizimi raqamlashtirilib, 19 ta vazirlik va idoralarning 27 turdagi axborot bazalari bilan integratsiya qilinishi natijasida yoshlar murojaatlarini koʻrib chiqish muddati 30 kundan 5 kunga, yordam koʻrsatish 40 kundan 16 kunga qisqarishiga erishildi. Yoshlarga koʻrsatiladigan yordam turlari 11 tadan 25 taga yetkazildi.

Yil davomida 476 ming 454 nafar uyushmagan, ishsiz, jinoyatchilikka moyil, ijtimoiy himoyaga muhtoj va tadbirkorlik qilish istagidagi yoshlar bandligi taʼminlanib, ularning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari hal etildi. Buning uchun jami 3 trillion 460 milliard soʻm sarflandi. Jumladan, “Yoshlar daftari” tizimi orqali:

– ishsiz va ijtimoiy himoyaga muhtoj 180 123 nafar yoshga 560 milliard soʻm;

– 35 949 nafar yoshga asbob-uskuna, mehnat qurollari, urugʻlik va koʻchatlar xarid qilish uchun 81, 9 milliard soʻm;

– 13 800 yoshlarning muddatli harbiy xizmatni oʻtash badali uchun 66 milliard soʻm;

– 4303 nafar yoshlarni kasb-hunar, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, sport va madaniyat yoʻnalishlarida oʻqitish maqsadida 5,4 milliard soʻm;

– 8500 yoshning haydovchilikka oʻqish xarajatlarini qoplash uchun 11,1 milliard soʻm;

– 44 997 nafar talaba-yoshning kontrakt to‘lovlari uchun 141,6 milliard soʻm;

– 121 731 nafar yoshga tadbirkorlik uchun 2,9 trillion soʻm;

– 127 000 talaba-yoshga imtiyozli taʼlim krediti uchun 1,5 trillion soʻm;

– 174 598 nafariga dehqonchilik uchun 36 300 gektar ekin maydonlari ajratilib, bandligi taʼminlandi.

6,2 million yoshni qamrab olgan tashabbus

“Yoshlarning boʻsh vaqti – yetakchining ish vaqti” tamoyili asosida uyushmagan yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida koʻchama-koʻcha tadbir va loyihalar, tanlov, musobaqa hamda toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, maktablarning sport va faollar zali hamda kompyuter va kutubxonalarida har kuni soat 16:00 dan 23:00 gacha toʻgarak va mashgʻulotlar tashkil etilib, har kuni oʻrtacha 300 mingga yaqin yoshlarning boʻsh vaqti mazmunli tashkil etilmoqda.

Shuningdek, 20 ta tanlov va musobaqadan iborat 5 bosqichli (mahalla–sektor–tuman–viloyat–respublika) “Besh tashabbus olimpiadasi” 2 ta mavsumda oʻtkazilib, jami 6,2 million nafar yosh qatnashdi. Jumladan:

2,8 mln. nafari – sport musobaqalariga;

918 000 nafari – madaniyat va sanʼat tanlovlariga;

916 000 nafari – kitobxonlikka;

542 000 nafari – kiber musobaqalarga;

1,1 mln. nafari – intellektual oʻyinlarga qamrab olindi.

Birgina 10 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida “Yosh kitobxon” tanlovini oʻtkazish orqali kitobxon yoshlar soni 640 000 nafarga, kitobxon oilalar soni esa 56 000 taga oshdi.

Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Jadidlar” rukni ostida 8 ta kitobdan iborat toʻplam 184 ming nusxada chop etilib, taʼlim muassasalari va mahallalarga yetkazildi.

“Besh tashabbus olimpiadasi” natijalariga koʻra:

sport boʻyicha – 3276 nafar;

madaniyat va sanʼat boʻyicha – 1132 nafar;

intellektual oʻyinlar boʻyicha – 756 nafar;

kitobxonlik boʻyicha – 328 nafar;

Axborot texnologiyalari boʻyicha – 392 nafar iqtidorli yoshlar mahalladan seleksiya qilinib, ularni havaskorlikdan professionallikka olib chiqish maqsadida malakali murabbiy va trenerlar biriktirildi. Sport musobaqalarida gʻolib boʻlgan 273 nafar yoshlar yashaydigan mahallalarda mini futbol, vorkaut, stritbol kabi 273 ta sport majmualari barpo etilgan boʻlsa, 540 nafar yoshlarga sport razryadlari berildi.

“Zakovat” intellektual oʻyini boʻyicha taʼlim muassasalarida 11 mingga yaqin koordinatorlar, mahallalarda 55 mingdan ortiq jamoalar shakllantirilib, 396 ming yoshni oʻz atrofiga birlashtirgan intellektual yoshlar harakati shakllandi. “Bir nuroniyga – oʻn nafar yosh” tamoyili asosida 100 mingdan ziyod tarbiyasi ogʻir, jinoyatchilikka moyil va ishsiz yoshlar faxriy nuroniylarga biriktirilib, mahallalarda “Nuroniy va yoshlar”, “Ikki avlod uchrashuvi”, “Keksa avlod uchrashuvlari” tadbirlari oʻtkazildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish