13–17-noyabr kunlari Jahon boks kengashi – WBCning 61-kongressi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi.
Oʻtgan yili tashkilotning 60-kongressi Meksikada oʻtkazilgan va oʻsha tadbirda navbatdagi Kongress mezbonligi Toshkent shahriga topshirilgan edi. Yilning eng muhim boks tadbirida qatnashish uchun yurtimizga yuzdan ziyod mamlakatdan delegatlar keldi. Shu kungacha MDH mamlakatlari orasida Boku (Ozarbayjon) va Moskva (Rossiya) ushbu Kongressga mezbonlik qilgan. Osiyo davlatlari orasida Tailand, Yaponiya WBC kongressini qabul qilgan. Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston birinchi bo‘ldi.
61-Kongress taʼlim, doping, hakamlik, xalqaro munosabatlar, boks qoidalari, reytinglar, chempionlik kamarlari, xayriya va jamoat tashabbuslari kabi bir nechta masalalar boʻyicha muhakamalar maydoniga aylandi.
Kongressga Mayk Tayson, Kostya Szyu, Evander Xolifild, Amir Xon, Xulio Sezar Chaves, Aleksandr Usik kabi jahon boks yulduzlari tashrif buyurdi. Shuningdek, afsonaviy “Toshkent yo‘lbarsi” Rufat Risqiyev ham kongress faxriy mehmonlari qatorida bo‘ldi.
Toshkentda amerikalik bokschi Evander Xolifildga o‘zbek milliy choponi kiydirildi. “Temir Mayk” esa choyxonaga – oshga taklif qilindi. Yaqin oʻtmishning mashhur bokschisi Konstantin Szyuning “Tohkentga kelishdan oldin “Mezim” olishim kerak edi” degan hazil aralash intervyusi esa mehmondorchilik yuksak darajada tashkil etilganidan dalolat.
Mehmonlar qadimiy va navqiron Samarqand shahriga ham sayohat qildi. Yulduzlar yosh bokschilarga mahorat saboqlarini ulashdi. 17-noyabr kuni muhtasham “Humo Arena”da professional boks kechasi tashkil etildi. Oqshomning markaziy jangi superogʻir vaznda oʻtkazilib, unda hamyurtimiz Bahodir Jalolov JAR vakili Kris Tompsonga qarshi ringga koʻtarildi va nokaut evaziga g‘alaba qozondi.
Kongress doirasida WBC tashkiloti bir qancha qarorlarni eʼlon qildi. Endilikda bokschilarning sekundatlari jangni toʻxtatmoqchi boʻlgan taqdirda, ringga oq sochiq emas, maxsus “stop” yozuviga ega qizil rangli bayroqni uloqtiradi. Bundan tashqari, WBC endilikda boks olamidagi taniqli nashr – “Boxrec” bilan hamkorlikni toʻxtatishini eʼlon qilgan.