Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Xalqaro imtihon va eskicha tizim: Jabrlanuvchi - talaba!

16.5.2023 1190

Ziyoda RAHIMBOYEVA tayyorladi.

Yoshlar orasida chet tillarini o‘rganishga qiziqish va ishtiyoq avvalgiga nisbatan kuchaygan va o‘sib bormoqda. Ayniqsa, ingliz tili tobora ommalashib, “urf”ga kirgani sir emas. Ijtimoiy tarmoqlarda soha mutaxassislarning chiqishlari sabab bu jarayon o‘ziga xos sanʼat darajasiga chiqib ulgurdi. Metro yoki avtobusda kuzatsangiz, yoshlar berilib o‘qiyotgan kitoblarning aksariyati ingliz tilini  o‘rganishga aloqador lug‘at yoki qo‘llanma bo‘ladi,  turli o‘quv markazlariga qatnaydigan tengdoshlarimizning  har 5 tadan 3 tasi inglizzabonlik kurslariga yozilgan. Bu tildan bilim darajamizni baholaydigan imtihon tizimlari juda ko‘p: SEFR, TOEFL,  IELTS…

Ulardan biri, IELTS 150 mamlakatdagi 10 mingdan ortiq tashkilot va taʼlim muassasalari tomonidan tan olinadigan, eng ishonchli ingliz tili testi sifatida eʼtirof etiladi. IELTSʼdan yuqori natija olish uchun vaqt va mablag‘ini ayamayotgan yoshlarimizning aksariyati oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishadi.

O‘ylanib qolasan, internet taraqqiy etgan, onlayn ravishda minglab  bepul  qo‘llanma, turli xizmat va darslar topish  mumkin bo‘lgan davrda qo‘shimcha pul ajratib maxsus kurslarga qatnash zarurmi? OTM va maktablardagi ingliz tili darslarida berilayotgan bilimlarchi, imtihon topshirish uchun yetarli emasmi?  

Bu savolga javob izlab, Qashqadaryo viloyatidagi “Ilm Nuri” o‘quv markazi direktori O‘ktam Xidirovga murojaat qildik.

– Oliy o‘quv yurtlari va maktablar til o‘rganishda mustahkam poydevor bo‘lsa-da, IELTSga tayyorgarlik ko‘p hollarda yo‘l-yo‘riq talab qiladi, – deydi O‘ktam Xidirov. – IELTS imtihonining o‘ziga xos formati, tuzilishi va talablari mavjud bo‘lib, yuqori natijaga daʼvogarlar  maxsus tayyorgarlik ko‘rishlari kerak. U akademik tilga alohida eʼtibor qaratgan holda o‘qish, yozish, gapirish va tinglash kabi til  jihatlarini qamrab oladi. Shu sababli, IELTSga tayyorgarlik ko‘rish uchun ixtisoslashtirilgan til markaziga qatnash o‘quvchilarga imtihon formatini tushunish, zarur bo‘lgan maxsus ko‘nikmalarni rivojlantirish va ularning natijalari bo‘yicha shaxsiy fikr-mulohazalarni olishga yordam beradi. Yodda tutingki, har qanday imtihondan muvaffaqiyatli o‘tish uchun tayyorgarlik muhim ahamiyat kasb etadi!.

                                       3 oyda qo‘lga kiritish mumkinmi?

Eʼtibor bersak, ayrim o‘quv markazlar “IELTS bo‘yicha 3 oyda 7,5-8 ball olishga kafolat beramiz” kabi balandparvoz vaʼdalar bilan yoshlarni chalg‘itishga, aniqrog‘i, o‘zlariga ko‘proq “o‘lja” yig‘ishga urinishmoqda. Hatto, bu ular orasidagi o‘ziga xos musobaqaga aylanib ulgurgan. Aslida esa, 3-5 oy muddatda hech bir o‘quv markazi, hech bir professional ustoz bunday natija ko‘rsata olmaydi. Bu uchun, til o‘rganish naqadar murakkab jarayon ekanini bilish kifoya! Ammo, muvaffaqiyat uchun sizdan doim sabr-toqat, harakat, tinimsiz mehnat talab etilishi ayni haqiqat.

10 million kerak

Ayni paytda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridagi oliy o‘quv yurtlari abituriyentlardan, birinchi navbatda, IELTS sertifikati talab qilinadi. Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya kabi davlatlarga kasbiy immigratsiya yo‘nalishi bo‘yicha ishga bormoqchi bo‘lganlar uchun ham mazkur testdan yaxshi natijani qo‘lga kiritish so‘raladi. Xo‘sh, oramizda ushbu sinovga tayyorgarlik ko‘rayotgan tengdoshlarimizning fikri qanday?

– Deyarli yarim yildan buyon IELTSga tayyorgarlik ko‘raman. Maqsadim, eng yuqori natijani qayd etish va bilimimni yana-da yuksaltirish. Bugun ushbu sinovdan sertifikat olish, biz, yoshlar uchun juda ko‘p imkoniyatlar eshigini ochyapti. Bu nafaqat yetuk mutaxassis sifatida tan olinish, balki chet elda o‘qish imkoniyati, hatto yaxshi daromadli maosh degani hamdir. Har kim o‘z  intellektidan kelib chiqqan holda o‘rtacha 7,8 oy va  taxminan 10 million so‘m atrofidagi mablag‘ bilan kutgan natijasiga  erishishi mumkin, – deydi  O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Hadicha Abdullayeva.   

Biroz avval, yurtimizda ilk bor ushbu imtihonda “IELTS Zone” o‘quv markazi asoschisi Bekzod Mirahmedov tomonidan 9 balli, yaʼni eng yuqori natija qayd etilgani haqidagi xabarlar tarqalgan va tasdiqlangan edi. Kuni kecha esa Yoshlar ishlari agentligi tomonidan O‘zbekistonda IELTSʼdn  yuqori natija ko‘rsatgan 10 mingdan ortiq yoshlarning 24,4 milliard so‘m imtihon xarajatlari  to‘lovi qaytarildi.

                                    Eski metodikalardan voz kechish vaqti kelmadimi?

Zamonning shiddatli rivoji sabab qulayliklar kundan kun ko‘paymoqda. Til o‘rganishdek mashaqqat ham turli ilova va dasturlar sabab bugun oson va zavqli jarayonga aylandi. Ammo, hanuz bu yangilanishlarni tan olmayotgan yoki bundan qo‘rqayotgan ayrim o‘quv muassasalarining o‘qitish tizimi isloh etilishga muhtoj. Biz bog‘langan OTMda dars beradigan o‘qituvchilardan birining taʼkidlashicha, ularda malaka va bilim yetarli, yangicha metodikada dars o‘tishga tayyor, lekin oliygohdagi belgilangan qatʼiy tizim, yillik o‘quv rejasida tasdiqlangan dastur bunga to‘sqinlik qiladi. Bu ko‘rinmas muammo rahbariyat tomonidan alohida eʼtibor bilan yondashilsa, yechimini topishi aniq. Balki shunda ham shartnoma, ham ijara puli to‘lab, o‘quv markazga ham pul topish uchun ishlayotgan talabalarning mablag‘i tejalar va ko‘proq vaqtini o‘qish-o‘rganishga sarflagan bo‘larmidi? Yurtimizdagi OTMlardan yangicha til o‘qitish tizimini ishlab chiqqanlik haqidagi xushxabarlarni kutib qolamiz!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish