Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Xatlovdan keyingi yutuqlarim

8.11.2023 1541

Shahnoza Sa’dullayeva, Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi “Biyosin” mahallasi yoshlar yetakchisi

Mahalladagi xatlov jarayonlari bizga mahalla yoshlarining balansini shakllantirish bilan birga ular bilan yaqindan tanishish imkonini ham beradi. Yaqinda biz, yoshlar yetakchilariga xorijiy davlatlarga ketgan yoshlarni xatlovdan oʻtkazish topshirigʻi berilgan edi. Mahallamizdan 26 nafar yosh ishlash maqsadida xorijga ketgan. Ularning 23 nafari Rossiyada, 3 nafari Turkiya davlatida ishlab, roʻzgʻor tebratmoqda.

Men ularni xatlovdan oʻtkazish bilan birga telefon raqamlarini ham aniqlab chiqdim. Ijtimoiy tarmoqlar orqali hammasining holidan xabar oldim. Ishlayotgan, yashayotgan joylari bilan tanishdim va telegramda “Biyosin MFY Xorijdagi yoshlar” guruhini tashkil qildim.

Telegram guruhi ochilganidan mahallamiz yoshlari juda ham xursand. Ular oʻzaro gaplashib, hol-ahvol, koʻngil soʻrab turishadi. Hatto bir-biriga yaqin joyda ishlayotgan, bundan bexabar mahalladoshlarimiz telegram kanalimiz orqali topishib, koʻrishishdi.

Gʻijduvon tumani hokimining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.Sharipov hamda Yoshlar ishlari agentligining Gʻijduvon tumani boʻlim boshligʻi N.Rajabov ham guruhimizga aʼzo boʻldi. Bundan migrant yoshlarimiz xursand. Endilikda ular qandaydir muammoga duch kelsa yoki yordamga muhtoj boʻlsa, shu yerning o‘zida Gʻijduvon tumani hokimligiga murojaat qila oladi.

“Yoshlar daftari” yordamga ehtiyoji bor yoshlarning oyoqqa turib, yoʻlini topib ketishiga sabab boʻlayotgan tizim deb bilaman. Bu tizim orqali biz ham xorijdagi, ham mahallamizdagi yoshlarga zarur koʻmaklarni beryapmiz. Bugunga qadar “Yoshlar daftari” imkoniyatlaridan foydalangan holda yigirmaga yaqin yosh oʻz yoʻlini topib, kichik biznesiga asos soldi.

Shunday yoshlardan biri Zarina Kenjayeva. U maktabni tamomlab tikuvchilikni oʻrgangan va mahallamiz ahliga xizmat qilib kelayotgan edi. Xatlov sabab uning xonadonida boʻlganimda Zarina tikuv sexi ochish niyati borligini aytdi. Men uni “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga olib, ikki dona zamonaviy tikuv mashinasi olishiga koʻmaklashdim. Tikuv mashinasini olgach, mahalladagi qizlarga tekinga hunarini oʻrgatadigan boʻldi. Atrofiga yigʻgan 7-8 shogirdi ham oʻz tikuv mashinasi bilan Zarinaning xonadonida tikuvchilikni oʻrgana boshladi. Oradan qisqa vaqt oʻtib, Zarina va uning shogirdlari katta-katta buyurtmalarni qabul qila boshladi. Shu tariqa u oʻzining tikuv sexiga, tikuvchilikni oʻrganish uchun kelgan shogirdlari esa daromad manbayiga ega boʻldi. Shu tajriba asosida hozir mahallamizda ikkita tikuvchilik sexi faoliyat boshladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish