Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

FAOL YOSH – XAVFSIZ MAHALLA

22.5.2025 786

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Toshkent shahridagi Bo‘z mahallasi yoshlar yetakchisi Akmal Yusupov mahallada jinoyatchilikning oldini olish, yoshlarni sog‘lom hayotga yo‘naltirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish yo‘nalishda ilg‘or tajriba yarata oldi. U faoliyatining boshidanoq asosan voyaga yetmagan va uyushmagan yoshlar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratdi. Natijada jinoyatchilik sezilarli darajada kamaydi, yoshlarning ijtimoiy faolligi oshdi va bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Bo‘z mahallasi balansi:

Aholi soni: 4347 nafar;

Yoshlar soni: 1018 nafar;

Xotin-qizlar: 601 nafar.

 

“Yashil” toifa: 901 nafar;

“Sariq” toifa:  110 nafar;

“Qizil” toifa: 7 nafar.

 

Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish.

Bu – boshlanishi

– Boshida mahallada ijtimoiy muammolar ko‘p edi, – deydi Bo‘z mahallasi yoshlar yetakchisi Akmal Yusupov. – Eng asosiysi, ishsiz, hech qayerda o‘qimaydigan yoshlar ko‘p, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun sharoitlar yo‘q edi. Hali yoshlarda mavjud imkoniyatlardan foydalanish madaniyati shakllanmagan, bepul to‘garaklar deyarli yo‘q edi. Shahar markazida joylashgan, odam gavjum mahallada bunday holat bo‘lishi jinoyatchilik va huquqbuzarlikka yo‘l ochadi. Yoshlar ko‘chada ko‘p vaqtini bekorchi mashg‘ulotlarga sarflar, ijtimoiy faoliyatdan chetda yashardi. Shuning uchun faoliyatimning ilk kunlaridan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sog‘lom muhitga jalb qilish, har birining iste’dodini ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat yaratish bosh maqsadim bo‘ldi. Biz bu yo‘lda ancha yutuqlarga erishdik. Lekin bu faqat boshlanishi. Mahallamizda birorta ham e’tiborsiz, imkoniyatsiz yashayotgan yoki to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishga moyil yosh qolmasligi uchun kurashishda davom etamiz.

Yoshlar yetakchisi xatlov jarayonlarida mahalladagi voyaga yetmaganlar, ishsizlar va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari haqida batafsil ma’lumot yig‘di. Ular bilan yuzma-yuz suhbatlar o‘tkazdi, oilalari holatidan xabardor bo‘ldi va har bir yoshga individual yondashuvni shakllantirdi. 25 nafar yoshga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan, 35 nafariga homiylik asosida yordam ko‘rsatildi va murojatlar ijobiy hal etilishiga erishildi.

Muhim ikki yo‘nalish

Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish uchun quyidagi tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi:

“Yoshlar profilaktikasi” dasturi. Mahalladagi voyaga yetmagan va uyushmagan yoshlar uchun maxsus rejalashtirilgan “Yoshlar profilaktikasi” dasturi doirasida:

– mahalla profilaktika inspektori bilan hamkorlikda har oyda yoshlar ishtirokida profilaktik suhbatlar yo‘lga qo‘yildi. 2,5 yil davomida 118 marotaba suhbat o‘tkazildi;

– jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etgan yoshlarga psixologik yordam joriy qilindi;

– profilaktik nazoratdagi yoshlarni ish bilan ta’minlash, kasb-hunar o‘rgatish va sportga jalb qilish bo‘yicha individual reja ishlab chiqildi.

Psixologik ko‘mak markazi. Mahallada “Yoshlar psixologik yordam markazi” tashkil etildi. Bu markazda tajribali psixologlar yoshlar bilan muntazam ish olib bordi. Ayniqsa, ota-ona nazoratidan chetda qolgan, muammoli oilalardan chiqqan yoshlar bilan individual ishlar yo‘lga qo‘yildi. Bu holat ularning jinoyatga moyilligini kamaytirish, ijtimoiylashuvini ta’minlashda muhim rol o‘ynadi.

Huquqbuzarlikka qarshi samarali yo‘l

Yoshlarni huquqbuzarlikdan saqlashning eng samarali yo‘li – ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishdir. Bu haqiqatni anglagan Akmal “Faol yosh – xavfsiz mahalla” shiori ostida quyidagi tashabbuslarni amalga oshirdi:

Mahalla sport maydonchasi. Mahalladagi uzoq yillar davomida qarovsiz yotgan sport maydonchasi kapital ta’mirdan chiqarildi. Mahalla tadbirkorlari, yoshlar va faollar birlashib, sport anjomlari bilan jihozlangan yangi sport zonasi tashkil etishdi.

Yoshlar uchun futbol, voleybol, stol tennisi musobaqalari muntazam ravishda o‘tkazila boshlandi. Ayniqsa, “Mahallamiz chempioni” loyihasi orqali yoshlar orasida sog‘lom raqobat muhiti shakllandi.

To‘garaklar va ijodiy studiyalar. Akmal Yusupov tashabbusi bilan turli ijodiy to‘garaklar: rassomchilik, teatr, robototexnika, kompyuter savodxonligi, ingliz tili, shaxmat va boshqa yo‘nalishlar yo‘lga qo‘yildi. To‘garaklar ko‘plab uyushmagan yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.

“Ibrat farzandlari” loyihasida 177 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tib, 2 nafari sertifikat oldi. “Mutolaa” loyihasida 29 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tib, 119 dan ortiq kitoblar mutolaa qilmoqda. “Ustoz AI” loyihasida esa 14 nafar foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan.

Madaniy tadbirlar. Bo‘z mahallasida Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda “Yoshlar eko hayotni tanlaydi” loyihasi doirasida mahalla hududiga ko‘plab mevali ko‘chatlar ekildi. Tuman hokimligi bilan hamkorlikda esa “Mehrli qo‘llar”, “Biz yoshlarmiz, kel, birlashamiz!” aksiyasi, “Men harbiyman”, “Yangi O‘zbekiston yoshlar nigohida” nomli rassomchilik ko‘rgazmalari, “Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul”, “Biznesga birinchi qadam”, “Vatan tayanchi”, “Prokuror va yoshlar”, “Ichki ishlar va yoshlar”, “Hokim va yoshlar”, “Men va sardorlar” kabi 10 dan ziyod loyihalar tashkil etildi. Bu tadbirlarda yoshlarning o‘zlarini namoyon qilishi, ommaviy tadbirlarni tashkil etishdagi ishtiroki kuchaydi. Yoshlar o‘zlariga ishonchni oshirib, jamiyatda o‘z o‘rnini topa boshladi.

Shuningdek, ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida  “Yoshlar mehnat yarmarkasi” loyihasi yo‘lga qo‘yilib, mahalladagi korxona, tadbirkorlik subyektlari va xizmat ko‘rsatuvchilar bilan hamkorlik boshlandi. Kasb-hunar kollejlariga yo‘naltirilgan yoshlar soni 100 nafardan oshdi. Ularga grant asosida o‘qish imkoniyati yaratildi. “Yoshlar – biz bilan” nomli ijtimoiy loyihada mehnat yarmarkasi, tadbirkorlik kurslari va startap tanlovlari o‘rin oldi.

“Yashil” mahalla

Yetakchi o‘z faoliyatida Yoshlar ishlari agentligi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Ichki ishlar bo‘limi, sog‘liqni saqlash tizimi, ta’lim muassasalari va nodavlat notijorat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qildi. Bunday integratsion yondashuv natijasida mahalladagi yoshlar bilan ishlash sifati yuqoriladi, resurslar ko‘paydi, imkoniyatlar kengaydi. Jumladan:

– mahallaning jinoyatchilik ko‘rsatkichi “yashil”ga o‘zgardi;

– uyushmagan yoshlar soni 2 barobarga qisqardi;

– 500 dan ortiq yoshlar sport va madaniy tadbirlarga jalb qilindi;

– mahalla faol yoshlaridan Dilbar Haydarova “Yosh kitobxon” tanlovi g‘olibi bo‘ldi;

– 200 nafardan ortiq yoshlar bandligiga erishildi, kasbga yo‘naltirildi;

– 20 ga yaqin yosh o‘z startap loyihalarini amalga oshirdi.

Volontyorlar patruli

Akmal Yusupov tashabbusi bilan Bo‘z mahallasida “Volontyorlar patruli” faoliyatini yo‘lga qo‘yish ishlari boshlangan. Bu loyiha yoshlar orasida ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirish, jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olishda ularni faol ishtirokchi sifatida jalb etishni maqsad qiladi.

“Volontyorlar patruli”ning asosiy vazifalari mahallada profilaktik nazorat ishlarida faollar, ichki ishlar organlari hamda profilaktika inspektori bilan hamkorlik qilish; yoshlarga nisbatan zo‘ravonlik, giyohvandlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlarga qarshi kurashish; mahalla hududida tozalik, jamoat tartibini saqlashda boshqa tashkilotlar bilan birga loyihalarda ishtirok etish.

Yana bir muhim loyiha “Men yoshman, men mahalla bilanman” deb nomlanadi. Loyihaning asosiy maqsadi og‘ir ijtimoiy sharoitda yashayotgan, yordamga muhtoj bolalar, yolg‘iz qariyalar, nogiron shaxslarga yoshlar tomonidan ko‘mak berishni yo‘lga qo‘yishdir. Bu loyiha orqali yoshlar orasida ijtimoiy hamkorlik, ko‘ngilli yordam madaniyati keng targ‘ib qilinadi.

Loyihada faol qatnashgan yoshlarni rag‘batlantirish uchun mahalla hududida joylashgan “Dinamo” sport majmuasiga bepul yo‘llanma hamda tuman miqyosidagi zamonaviy suv inshootlarida mashg‘ulotlarda ishtirok etish imkoniyatini beruvchi maxsus tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Akmal Yusupov singari fidoyi yoshlar yetakchilari sonining ortishi mamlakatimizda sog‘lom, bilimli, vatanparvar avlodni tarbiyalashda poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish