Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Xayr bog‘cha - salom maktab!” bayram tadbiri ko‘tarinki ruhda nishonlandi

25.5.2023 1206

Bugun “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida "Xayr bog‘cha - salom maktab!” nomli musiqiy tadbir tashkil etildi.

Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbirda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, maktab o‘quvchilari hamda o‘zbek estradasi yulduzlari ishtirokida sahna ko‘rinishlari, konsert dasturi namoyish etildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova bolalarga yo‘llagan tabrigida ularning maktab davriga qo‘yayotgan ilk qadamlari katta hayotga debocha ekanligi haqida so‘z yuritar ekan, yurtimizda olib borilayotgan ta’lim sohasiga oid islohotlarning markazida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga qaratilayotgan e’tibor ham alohida o‘rin tutishini qayd etib o‘tdi.

Maktabgacha ta’lim tizimida ilk bor o‘tkazilgan tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad, ta’lim bosqichlarining uzluksizligi va izchilligini ta’minlash hamda maktabgacha va maktab ta’limi integratsiyasini yo‘lga qo‘yishdan iborat.

"Xayr bog‘cha - salom maktab!” keyingi yildan Respublikamizning barcha hududlarida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda yurtimizda faoliyat yuritayotgan 30 mingga yaqin maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 2 milliondan ortiq bolalar ta’lim-tarbiya olishmoqda. Shundan 2022-2023-o‘quv yilida maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 563 331 nafar tarbiyalanuvchi bitiradi.

Ularning 442 644 nafari davlat, 22 017 nafari Davlat-xususiy sherikchilik asosidagi nodavlat, 83 538 nafari oilaviy hamda 15 132 nafari xususiy Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilaridir.

Bayram dasturi davomida namoyish etilgan el sevgan san’atkorlar va bolalar tomosha guruhlari ishtirokidagi musiqiy chiqishlar bolajonlarga katta zavq ulashdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish