Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Xazon yoqqanga 3,3 mln. jarima!

23.11.2023 460

Oʻz muxbirimiz

Poytaxt havosining ifloslanishi, chang boʻronlari bugun biz uchun yangilik boʻlmay qoldi. Bu ekologik fojiaga daraxtlar kesilishi, atmosferaga zaharli tutunlar chiqarilishi, namlikning yetarli emasligi, huquqbuzarliklarga javobgarlik yengilligi kabi sabablar bilan matasaddilarni ayblaymiz, lekin tanganing ikkinchi tomoniga qarasak, bu “hayotga tahdid soluvchi” hodisalarda siz-u bizning ham yetarlicha hissamiz bor.

Masalan, shundoq ham toza havo topib bo‘lmayotgan  zamonamizda kuz keldi deguncha buruqsayotgan tutun dimog‘imizni achitadi. Uyum-uyum xazonlar, shox-shabbalardan qutulishning eng oson yo‘li ularni yoqib yuborishdek go‘yo. Afsuski, ko‘pchilik ushbu harakati tufayli o‘zi va atrofdagilar salomatligi, ekologiya, tuproq va hayvonot olamiga qanchalik zarar yetkazayotganini tushunmaydi yo bilsa ham bilmaslikka oladi.

Eslab ko‘raylik, barglar yoz bo‘yi o‘zlariga yo‘ldagi chang, og‘ir metal va avtoulov gazlarini yig‘ib, shahar havosini tozalab tabiiy filtr sifatida ishlagan. Yoqilgan xazondan ko‘tarilayotgan tutun ushbu zaharli moddalarni yana havoga ko‘taradi. Kuz shamoli esa ularni shahar bo‘ylab tarqatadi va yoqilganda hosil bo‘ladigan tutundan minglab odamlar sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadi.

Birinchi navbatda insonning o‘pka tizimi zararlanadi. Zaharli moddalar qon orqali butun tanaga tarqab, buyrak, jigar, bosh miya va nerv sistemasiga katta zarar yetkazadi. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, 1 tonna qurigan barg yonganda havoga 9 kilogramgacha tutun mikrozarrachalari ajraladi. Bu mikrozarrachalar tarkibiga: chang, azot oksidi, is gazi, og‘ir metallar hamda inson uchun eng xavfli moddalardan – dioksin va dioksan kiradi. Bu zaharli moddalar organizmga tushgach, immun tizimini zararlaydi, gormon va vitaminlar faoliyatini izdan chiqaradi.

Shuningdek, qurigan maysa va barglarni yoqish natijasida tuproq qatlamining foylali mikroorganizmlari – yomg‘ir chuvalchanglari, mayda hasharotlar nobud bo‘ladi. Bundan tashqari, yaproqlarda tuproq uchun zarur bo‘lgan organik moddalar bor, ularni yoqib yuborish bilan biz organik o‘g‘itlarning tabiiy almashuv jarayoni va tuproqning ustki qatlamini buzmoqdamiz.

Xoʻsh, nima qilish kerak?

Qadimda ota-bobolarimiz xazon uyumlarini chiritib, o‘g‘it sifatida foydalanib kelgan, har bir yerli xonadonda barglarni ko‘mish uchun maxsus o‘ralar bo‘lgan va xazonlar shu o‘raga ko‘milib, kompost qilingan. Xazonlarning chirishi natijasida yer qatlamining unumdorligi ham oshgan.

Shunday ekan sarg‘aygan barglar yerga ko‘mib qo‘yilsa, kelgusi bahor uchun foydali o‘g‘itga aylanadi. Yig‘ilgan barglarni qoplarga solib qish davomida kutilsa, ular chirib komposga aylanadi. Tajribali bog‘bonlar kuzda maxsus chuqurlab qazib, to‘kilgan barglarni shu chuqurlarga ko‘mib, ustidan tuproq tortishadi. Bahorda chuqur usti ochilib, tayyor bo‘lgan chirindidan daraxtlarga o‘g‘it sifatida foydalanishadi. 

Maʼmuriy javobgarlik mavjud!

Xazon yoqish ma’mumiriy javobgarlikka sabab bo‘ladi. To‘kilgan barglarni yoki shox-shabbalarni yoqish huquqbuzarlik hisoblanadi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiq bazaviy hisoblash miqdorining 10 barobarigacha, ya’ni 3,3 million so‘mgacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi.

Agar siz bunday holatlarga duch kelsangiz, 11-57 ishonch raqamiga qo‘ng‘roq qilib, xabar berishingiz yoki @ecogovuz_bot telegram botiga murojaat qilishingiz mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish