Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Migratsiya bo‘yicha “Xo‘jaqishloq” tajribasi

23.10.2024 1002

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV

Hamdamjon Mahmudov – Qo‘shtepa tumanidagi Xo‘jaqishloq mahallasi yoshlar yetakchisi. Uyushmagan, ishsiz yoshlar bilan tizimli ishlash, norasmiy band yoshlarni ish bilan ta’minlash, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, nogironlarga ko‘maklashish, migratsiyadagi yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida respublikada namunali yetakchilardan hisoblanadi. Shu yil avgust oyida Toshkent viloyatida tashkil etilgan “Mehnat migratsiyasi dasturi – Markaziy Osiyo” loyihasi doirasida yoshlar yetakchilari uchun xavsiz, tartibli va qonuniy migratsiya o‘quv oromgohida “The best spiker” nominatsiyasida g‘olib deb topilgan. 2024-yilning II choragi yakunlariga ko‘ra, respublikadagi “Top 100” yetakchi safiga kiritilgan.

 

“Xo‘jaqishloq” mahallasi balansi:

Aholi soni: 2737 nafar;

Xonadonlar: 556 ta;

Yoshlar: 719 nafar;

Ayol-qizlar: 335 nafar.

 

“Yashil” toifa: 513 nafar;

“Sariq” toifa: 205 nafar;

“Qizil” toifa: 12 nafar.

Har bir yosh e’tiborda

– Yetakchi sifatida ish boshlaganimdan buyon yoshlarni ilmga, kitobga, chet tili va kasb-hunarga qiziqtirish maqsadida hududimizdagi namunali, yutuqlarga erishgan yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etaman, – deydi Xo‘jaqishloq mahallasi yoshlar yetakchisi Hamdamjon Mahmudov. – Rivojlangan davlatlarda ishlayotgan, o‘qiyotgan hamyurtlarimiz bilan mahalla yoshlarining onlayn uchrashuvlarini uyushtiraman. Maqsad ularga motivatsiya berish, ilmga qiziqishini oshirish. Xo‘jaqishloqliklar nemis tiliga ko‘proq qiziqadi. Bu yil 3 nafar yoshni Germaniyada dual ta’lim (Ausbulding) dasturi doirasida o‘qishga yubordik.

Xo‘jaqishloqda 14–30 yosh toifasidagi qatlam 719 nafarni tashkil qiladi. Davlatning ko‘mak va e’tiboriga muhtoj bo‘lgan 12 nafari “og‘ir” toifaga kiritilib, Qo‘shtepa tumani G‘aznachilik bo‘linmasi boshlig‘i G‘ayratjon Rahimovga biriktirilgan. Bu yoshlarning 2 nafari muntazam dars qoldiruvchi, 2 nafari oilaviy ajrim yoqasidagi yosh oila, 7 nafari migratsiyadan qaytgan, 1 nafari qimor va tavakkalchilika asoslangan o‘yinlarga ruju qo‘ygan yosh hisoblanadi. Ularning barchasi bilan individual ish tashkil qilinib, “Vazirlikdan mahallagacha” tamoyili asosida xonadonlariga borib suhbatlashilmoqda. Biriktirilga mas’ul bilan hamkorlikda 2 nafar o‘g‘ir toifadagi yoshga subsidiya asosida motokultivator olib berilib, bandligi ta’minlandi, 2 nafariga to‘lov kontrakt puli to‘lab berildi. 1 nafar yoshga dehqonchilik qilishi uchun yer maydoni ajratildi.

Ayni paytda Xo‘jaqishloq jinoyatchilikdan xoli hududga aylandi – yil boshidan buyon birorta jinoyat sodir etilmagan. 

“Xo‘jaqishloq cup”

Yoshlarning iste’dodi va iqtidorini yuzaga chiqarish, qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilayotgan tanlov va musobaqalarda mahalla yoshlari faol ishtirok etmoqda. “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2024-yil doirasida o‘tkazilgan musoboqa va tanlovlarida mahalla yoshlari salmoqli natijalarga erishmoqda. Xususan, futbol va mini futbol bo‘yicha DXX kubogi musoboqalarida xo‘jaqishloqlik qizlar 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, katta futbol bo‘yicha sektor chempioni bo‘ldi. Stol tennisida ham tuman chempionligi qo‘lga kiritildi.

Shuningdek, yana 7 yo‘nalishda tuman va viloyat miqyosidagi musoboqalarda sovrindorlar safidan joy olishdi. Mahalla yoshlarining maqsadi respublika miqyosida ham tengsiz ekanini isbotlash. “Besh tashabbus olimpiadasi” sport turlari bo‘yicha uyushmagan yoshlar o‘rtasida “Xo‘jaqishloq cup” bellashuvlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Yil yakunigacha loyiha doirasida 10 ta sport turidan musaboqalar o‘tkazilishi rejaga kiritilgan.

Uyushmagan yoshlarni doimiy sport tadbirlari bilan qamrab olish maqsadida mahallaning 3 ta ko‘chasiga yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan stol tennisi jihozlari qo‘yildi va undan yoshlar istalgan vaqtda bepul foydalanadi.

Mahallada “Ibrat farzandlari”, “Uzchess”, “Mutolaa”, “Ustoz AI” loyihalari bo‘yicha targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Yoshlar yetakchisi ham shaxsiy na’muna ko‘rsatib, “Ibrat farzandlari” orqali nemis tilini o‘zlashtirib, “B2” sertifikatini qo‘lga kiritdi.

 

Yigit kishiga qirq hunar oz

Xatlov natijalariga ko‘ra, kasb-hunar egallash istagini bildirgan 6 nafar yosh Prezidentning “Vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijiy davlatlarga ketayotgan shaxslarni va band bo‘lmagan aholini o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Margʻilon arxitektura va qurilish texnikumi negizidagi Qurilish sohasi malakali mutaxassislarini tayyorlash markaziga o‘qishga joylashtirildi.

Xo‘jaqishloqda otaliqqa olingan yoshlar 283 nafar. Ular Farg‘ona viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi Qo‘shtepa tuman Qo‘riqlash bo‘limi boshlig‘i, kapitan Ayubjon Abdullayevga biriktirilgan. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Yetakchi tashabbusi bilan mahallada bitiruvchi va ishsiz yoshlar uchun kasb-hunarga o‘rgatish kichik monomarkazi tashkil etildi. Monomarkazda yoshlar o‘z qiziqishiga ko‘ra, tikuvchilik, duradgorlik, mebel ta’mirlash va yasash, rassomchilik kurslarida o‘qishi mumkin.

 

40 nafar yosh migratsiyada

Xo‘jaqishloqdan 40 nafar yosh migratsiyaga ketgan. Rossiyada 38 nafar, Germaniyada 2 nafar yosh ishlamoqda. Yoshlar yetakchisi ular bilan onlayn muloqot qilib, Vatanga qaytarish, muammolarini hal etish choralarini ko‘rmoqda.

“Qorajiyda” ko‘chasida yashovchi Davronbek Qahhorov Rossiyada uzoq vaqt ishladi. Yurtimizga qaytganidan so‘ng esa tadbirkorlik qilish istagini bildirdi. Hamdamjon Mahmudov hokim yordamchisi bilan unga imtiyozli kredit asosida avtomobillarni yuvish xizmatini yo‘lga qo‘yishi uchun zarur jihozlarni olib berdi. Hozir u 2 nafar yoshni ham o‘zi kabi ish bilan ta’minladi.

Migratsiyadan qaytib dehqonchilik qilish istagini bildirgan Javlonbek Abdullayevga yer berildi.

Nodirbekning armoni

– Migratsiyadagi yoshlar bilan ijtimoiy tarmoqda tez-tez gaplashib turaman. Bir kuni Nodirbek Isroilov yuragida bir armoni borligini bildirdi. U qo‘liga qurol olib, yurtimizni qo‘riqlashni istaydi, lekin o‘tgan yili xizmatga bora olmay Rossiyaga ketgan edi. Nodirbekning gapni eshitib, etim jimirladi. O‘zimga savol berdim: “Haqiqiy vatanparvarlik nima?”. Hozir Nodirbekni O‘zbekistonga qaytardik va mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotiga o‘qishga joyladik. Nasib qilsa, kelayotgan yilda Nodirbek askarlik burchini bajarishga kirishadi.

 

 “Xo‘jaqishloq tajribasi”

Ko‘plab yoshlarning xayolida migratsiyaga ketib, mo‘may pul topish fikri bor. Biroq hech qanday kasb-hunarsiz yoki tilni bilmasdan chet elga chiqilsa, qator qiyinchiliklarni duch kelish hech gap emas. Bunday holatlar, aksariyat hollarda, yoshlarning chet elda yakkalanishiga, mehnat sharoitlarining qiyinlashishiga va ijtimoiy muammolarga olib keladi.

Shunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida, Hamdamjon Mahmudov Xo‘jaqishloqda qator tadbirlarni amalga oshirdi. U mahallada “Safar oldi tayyorlov” xonasini tashkil etdi. Bu xona yoshlar uchun muhim resurs bo‘lib, unda migratsiyaga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradigan trening va maslahatlar beriladi.

Hamdamjonning tashabbusi bilan Xalqaro Migratsiya Tashkiloti (IOM)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda migratsiyaga tayyorlash, kerakli ko‘nikmalarni o‘rgatish va imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida yoshlar uchun qisqa muddatli kurslar o‘tkazilmoqda. Kurslarda til o‘rganish, kasb-hunar ko‘nikmalarini rivojlantirish, migratsiyada qanday muammolar yuzaga kelishi mumkinligi va ularni qanday hal etish bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etiladi.

Mas’uliyatli yetakchi

– 2022-yildan buyon mahalla raisiman, – deya Xo‘jaqishloq mahallasi oqsoqoli Soyibjon Turg‘unov Hamdamjon Mahmudov haqida fikr bildirib. – Mahalla tizimida juda katta islohotlar amalga oshirilmoqda, barcha fuqarolar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, aholining har bir qatlami bilan ishlaydigan alohida vakolatli lavozim joriy etildi. Mahalla yoshlari bilan yaqindan ishlayotgan yetakchi Hamdamjon o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashadi, har bir yoshning taqdirini o‘z taqdiri deb biladi. Ilk ish kunidan yoshlar hayotida tub o‘zgarish, jamoa bo‘lib birlashish boshlandi. Iqtidor va iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlab, musobaqa, tanlovlar tashkil etib kelyapti. U “Mahalla yettiligi” ichida o‘z so‘ziga va o‘rniga ega.

– Qo‘shtepa tumanida 51 nafar yoshlar yetakchisi faoliyat olib boradi, – deydi Yoshlar ishlari agentligining tuman bo‘lim boshlig‘i Abdumajid Umarqulov. – Hamdamjon Mahmudov tizimda 2022-yildan mehnat qilmoqda. U bilan ishga kirish vaqtida bo‘lib o‘tgan suhbat esimda. O‘ziga xos kreativ fikrlari bilan yaxshi taassurot qoldirgan edi. Mana, 2 yildan beri jamoamizda o‘z o‘rniga ega. Har bir topshiriqqa mas’uliyat bilan yondashgan holda boshqalarga na’muna bo‘lib kelmoqda. Xo‘jaqishloq mahallasiga har safar borsam aholi, nuroniylar, yoshlar va boshqa hamkor tashkilot xodimlari Hamdamjon haqida faqat ijobiy fikr bildiradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish