Xorazm viloyatidagi ta’lim muassasalarida “Bolalar harakati” sardorlari saylovi tashkil etildi. Saylovning asosiy maqsadi O‘zbekiston Bolalar tashkilotining nufuzini oshirish, bolalarda vatanparvarlik, liderlik, tashabbuskorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, bolalar tashabbuslarini keng jamoatchilikka targ‘ib qilishdir. Tadbirda viloyatning 13 ta tumanidan 91 nafar nomzod qatnashdi. Ular turli yo‘nalishlar bo‘yicha guruhlarga bo‘linib, seminar-treninglarda ishtirok etdi. “Taʼlim”, “Yashil makon”, “Imkon”, “Sport va salomatlik”, “Media va IT” hamda “Sanʼat” yo‘nalishlarida nomzodlar o‘z tashabbuslari va loyihalarini taqdim etdi. Ayrim nomzodlar innovatsion o‘quv dasturlari yaratish, ekologik muammolarni hal etish va madaniy merosni asrashga qaratilgan loyihalarni ilgari surdilar.
– “Bolalar harakati” viloyat sardorlari sayloviga puxta tayyorgarlik koʻrdik, – deydi tashkilotning viloyat bo‘limi boshlig‘i Manzura Xo‘jayeva. – Quvonarlisi, bolalar oʻrtasida yangi tashabbuslarga, kreativ gʻoya va ijtimoiy loyihalarni ilgari surishga ishtiyoq juda baland.
Saylov yakunida yopiq ovoz berish yo‘li bilan eng faol va tashabbuskor 6 nafar sardor aniqlanib, o‘z yo‘nalishida sardor sifatida saylandi. Bir nafar bosh sardor ham tanlab olindi. Saylovda g‘olib bo‘lganlar Bolalar tashkiloti Boshqaruv Kengashi raisining ishonch yorliqlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
– Saylovdan avval mentorlar oʻtkazgan seminarlar biz uchun katta yordam bo‘ldi, – deydi viloyat bosh sardori etib saylangan Dilnura Bahromova. – Seminarda raqiblarim bilan tanishdim, ularning sardorlikka shijoati va tirishuvchanligi meni ham harakat qilishga undadi. Saylovda “Bolalar harakati maktabi” nomli loyiham bilan ishtirok etdim. Loyihaning asosiy maqsadi Bolalar tashkiloti safiga koʻproq bolalarni jalb qilish, ularda notiqlik mahorati va jamo bilan ishlash qobiliyatini rivojlantirishdir.