Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Talabalari xorijda o‘qiyotgan davlatlar orasida O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?

17.5.2024 168

Yoshlar ovozi

O‘zbekistonning qariyb 110 ming talabasi chet elda tahsil olyapti. Dunyo miqyosida oxirgi 20 yilda o‘qish uchun xorijga ketganlar soni 2,2 milliondan 6,39 millionga yetgan.

YUNESKOning xorijda tahsil olayotgan talabalar bo‘yicha 2021-yildagi hisobotiga (so‘nggi 2 yillik hisoboti esa hozircha e’lon qilinmagan) ko‘ra, bu borada xitoylik va hindistonlik talabalar yetakchi hisoblanadi.

Xorijda o‘qiyotgan xitoylik talabalar soni 1 millionni tashkil qilgan bo‘lsa, hindistonlik talabalar 508 mingga yetgan. Ro‘yxatning keyingi o‘rinlarida Viyetnam, Germaniya va O‘zbekiston turibdi.

Xorijda Viyetnamdan 137 ming, Germaniyadan 126 ming, O‘zbekistondan 110 ming, Fransiyadan 106 ming, AQShdan 103 ming va Suriyadan 99 ming talaba tahsil olayotgani ma’lum qilingan.

AQSh chet ellik talabalarni qabul qilgan eng asosiy davlatga aylangan. 2021-yilda Qo‘shma Shtatlar 833 ming talabani o‘qishga olgan. Undan keyin Buyuk Britaniyada – 601 ming, Avstraliyada – 378 ming, Germaniyada– 376 ming va Kanadada – 318 ming xorijlik talaba o‘qiyotgani qayd etilgan.

Yig‘ilgan ma’lumotlar oxirgi 20 yilda xalqaro talabalar soni oshib borganini ko‘rsatgan. YUNESKO 2001-yilda xalqaro talabalar soni 2,2 million ekanini qayd etgan bo‘lsa, bu raqam 2021-yilda 6,39 milliongacha oshganini keltirgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish