Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Xotin-qizlar eng ko'p qaysi yo'nalishlarda ta'lim olyapti?

1.3.2024 452

Uz24

Qiz farzand ta'limi borasida barcha birdek fikrlamaydi. “Qiz bola — birovning hasmi” deya o'qitishni ravo ko'rishmaydi. Biroq xalqimizda shunday naql bor: “O'g'il farzandni o'qitsang, bir insonni ma'lumotli qilgan bo'lasan. Qiz farzandni ilmli va hunarli qilsang, butun bir millat va jamiyatni ma'rifatli qilgan bo'lasan”. Xo'sh, bugun qizlarning ta'lim olishi borasida raqamlar nima deydi? Joriy o'quv yilida qancha xotin-qiz OTMlarga qabul qilingan? Ular qaysi sohalarda ta'lim olmoqda?

Bakalavriat yoʻnalishiga 134 217 nafar xotin-qiz qabul qilingan

Statistika agentligi 2022/23 oʻquv yilida OTMlarning bakalavriatiga qancha xotin-qizlar qabul qilingani maʼlum qildi. Maʼlumotlarga koʻra, 2022/23 oʻquv yilida oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat yoʻnalishiga 134 217 nafar xotin-qiz qabul qilingan. Yoʻnalish boʻyicha eng koʻp ulush taʼlim (65 ming) hamda sanʼat va gumanitar fanlar (14 ming) hissasiga toʻgʻri kelgan.

Qabul qilingan xotin-qizlar soni sohalar boʻyicha quyidagicha:

Taʼlim – 65 065 nafar;
Sanʼat va gumanitar fanlar – 14 286 nafar;
Biznes, boshqaruv va huquq – 11 741 nafar;
Ijtimoiy fanlar, jurnalistika va axborot – 10 291 nafar;
Muhandislik, ishlov berish va qurilish sohalari – 10 167 nafar;
Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot – 8 487 nafar;
Tabiiy fanlar, matematika va statistika – 4 428 nafar;
Qishloq, oʻrmon, baliqchilik xoʻjaligi va veterinariya – 4 027 nafar;
Xizmatlar – 2 971 nafar;
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari – 2 754 nafar.

Xotin-qizlarning soni jami talabalar soniga nisbatan qariyb 49 foizni tashkil etmoqda

Bugungi kunda respublika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlarning soni jami talabalar soniga nisbatan qariyb, 49 foizni tashkil etmoqda. Taqqoslash uchun 2017-yilda ushbu ko‘rsatkich 37 foiz edi.

Magistratura bosqichida o‘qishini davom ettirgan talaba-qizlar soni jami talabalar soniga nisbatan 51% foizga yetdi.

Ma'lumot uchun: 2022/2023 o‘quv yili mobaynida 14 mingdan ziyod magistraturada o‘qiyotgan talaba qizlarning 153,4 mlrd so‘m miqdorida kontrakt to‘lovlari Davlat byudjetidan qoplab berildi.170 mingdan ziyod talaba xotin-qizlarga tijorat banklari tomonidan 7 yil muddatga 1 trln 579 mlrd so‘mdan ziyod foizsiz ta’lim krediti ajratildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish