O‘g‘iloy Arabova – mahallaning yuragi
– Qarshi shahrida 68 nafar mahalla yoshlar yetakchisi faoliyat olib boradi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Qarshi shahar bo‘lim boshlig‘i Jahongir Po‘latov. – Ularning 8 nafari ayol-qizlardir. Odatda bu mas’uliyatli kasbda ayollarni ko‘p ham uchratavermaysiz. Sababi bu sohaning o‘z yuki va javobgarligi bor. Javobgarlik va mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olib ishlayotgan ayol-qizlarimizni esa e’tirof etish lozim. Ular o‘ziga xos qahramonlik ko‘rsatishadi. “Xudoyzod” mahallasi yoshlar yetakchisi O‘g‘iloy Arabova mardlik ko‘rsatib, vijdonan ishlayotgan xodimlarimizdan. Yoshlar bilan ishlash har doim qiyin kechadi. Lekin O‘g‘iloy qiyinchilikni yengib o‘tib, shahrimizning “yuzi”ga aylandi. Ishlari viloyat va respublikada namuna sifatida ko‘rsatib kelinmoqda.
O‘g‘iloy Arabova – Qarshi shahridagi “Xudoyzod” mahallasi yoshlar yetakchisi. Faoliyati davomida uyushmagan, ishsiz yoshlar bilan tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yib, norasmiy band yoshlarni ish bilan ta’minlash, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, nogironlarga ko‘maklashish, migratsiyadagi yoshlar bilan ishlash yo‘nalishida respublikada namunaviy yetakchilardan hisoblanadi. 2023-yili “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining respublika bosqichida “Migratsiyadan qaytgan yoshlar bilan eng samarali ish olib borgan namunali mahalla yoshlar yetakchisi” yo‘nalishida 3-o‘rin sohibi bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Davlat boshqaruv akademiyasi tinglovchisi. 2024-yil birinchi choragi yakunlariga ko‘ra respublikaning “Top 100” yetakchisi safiga kiritildi.
Yoshlarning umidi so‘nmasin!
– Yetakchilik faoliyatimda vakolatimga kirmaydigan muammolar bilan yoshlar murojaat qilishlari biroz qiyinchilik tug‘dirardi, lekin mahallamizga biriktirilgan tegishli tashkilotlar rahbarlari yaqindan ko‘mak berib kelishmoqda, – deydi O‘g‘iloy. – Eng muhimi, yordam so‘rab, umid bilan kelgan yoshlarning ishonchini, umidini so‘ndirmaslik kerak. Shuning uchun yoshlarning barcha muammo va murojaatlariga yechim topishga harakat qilaman.
“Xudoyzod” mahallasi balansi:
Aholi soni: 5527 nafar;
Xonadonlar soni: 1106 ta;
Yoshlar: 2612 nafar;
Ayol-qizlar: 1436 nafar;
“Yashil” toifa: 655 nafar;
“Sariq” toifa: 384 nafar;
“Qizil” toifa: 14 nafar.
“Vazirlikdan mahallagacha”
Mahallada 1053 nafar (14-30 yosh) yosh bo‘lib, ulardan davlatning ko‘mak va e’tiboriga muhtoj bo‘lgan 14 nafari “og‘ir” toifaga kiritilib, Qarshi shahar moliya bo‘limi boshlig‘iga biriktirilgan. Toifadagi yoshlarning 3 nafari probatsiya hisobida, 2 nafari profilaktik hisobda turadi. 6 nafari migratsiyadan qaytgan, 3 nafari agressiv xulq-atvorli, bezorilikka moyilligi bo‘lgan yoshlar hisoblanadi. Ularning barchasi bilan individual ish tashkil qilinib, “Vazirlikdan mahallagacha” tamoyili asosida xonadonlariga borib suhbatlashilmoqda. 11 nafar yoshning muammolari mas’ullar orqali hal etildi.
– Eng katta yutug‘im yoshlar yetakchisi lavozimida faoliyat olib borayotganim deb hisoblayman, – deydi O‘g‘iloy Arabova. – Negaki, yoshlar yetakchisi bo‘lib, jamiyatning faol a’zosiga aylandim. Profilaktika inspektori bilan hamkorlikda ishlashimiz natijasida mahallamizni jinoyatchilikdan holi hududga aylantirishga erishdik.
“Ibratli oila”
Yoshlarning iste’dodi va iqtidorini yuzaga chiqarish, qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilayotgan tanlov va musobaqalarda “Xudoyzod” mahallasi yoshlari faol ishtirok etmoqda. “Besh tashabbus olimpiadasi”ning 2024-yil 1-mavsumida 729 nafar yosh qatnashish istagini bildirdi. Mahallada “Zakovat” klubi hamda volleybol, futbol, stol tennisi to‘garaklari tashkil etilgan.
Yoshlar yetakchisi “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida “Ibratli oila” tanlovini o‘tkazib, 20 ta olia til o‘rganib, til bilish sertifikatiga ega bo‘ldi. “Mutolaa” loyihasi orqali 150 nafarga yaqin yosh o‘zbek va jahon adabiyoti durdonlarini mutolaa qilmoqda. Yetakchi “Mutolaa” targ‘ibotini keng yo‘lga qo‘ygan.
Mahalla hududidagi 35-umumta’lim maktabining sport zali xudoyzodlik yoshlar uchun soat 16:00 dan 22:00 ga qadar ochiq. Zalda yoshlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Til va kasb-hunar to‘garaklari
Xatlov natijalariga ko‘ra davlatning ko‘magiga muhtoj yoshlar qatlami “Yoshlar daftari”ga kiritilib, yordam berilmoqda.
Jumladan, “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan:
2022-yili 12 nafar yoshga 34 million 485 ming so‘mlik;
2023-yili 27 nafar yoshga 75 million 515 ming so‘mlik;
2024-yili 13 nafar yoshga 34 million 384 ming so‘mlik yordam ajratilgan.
“Xudoyzod”da otaliqqa olingan yoshlar 384 nafar bo‘lib, ular Qarshi shahar Adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi Dilshod Ashurovga biriktirilgan. Ayni kungacha har birining xonadoniga borib, yoshlar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashilib, murojaatlari eshitildi. Migratsiyadan qaytgan yoshlardan 4 nafari Qarshi shahar Bandlikka ko‘maklashish markazi migratsiya bo‘limi orqali nemis tili kursiga bepul joylashtirildi, 5 nafariga “Yoshlar daftari” orqali subsidiya ajratildi. Haftaning har chorshanbasi “Ma’rifat kuni” deb e’lon qilinib, otaliqqa olingan yoshlar va nuroniylar ishtirokida “Bir nuroniy 10 yoshga mas’ul” tamoyili bo‘yicha ish tashkil etilmoqda.
Bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash uchun yoshlar yetakchisi mahalladagi hokim yordamchisi bilan hamkorlikda ishlaydi. Bitiruvchilarning qiziqishidan kelib chiqib OTM tanlashi, o‘qish istagida bo‘lmaganlarni ishga joylashtirish, harbiy xizmatga yuborish bo‘yicha harakatlar boshlangan. Yetakchi tashabbusi bilan mahallada bitiruvchi va ishsiz yoshlar uchun kasb-hunarga o‘rgatish kichik monomarkazi tashkil etildi. Monomarkazda yoshlar o‘z qiziqishiga ko‘ra, tikuvchilik, duradgorlik, mebellar ta’mirlash va yasash, rassomchilik kurslarida o‘qishlari mumkin.
32 nafar yosh migratsiyada
“Xudoyzod” mahallasidan 32 nafar yosh migratsiyaga ketgan. Rossiyada 16 nafar, Qirg‘izistonda 2 nafar, Janubiy Koreyada 1 nafar, Germaniyada 1 nafar yosh ishlamoqda. Yoshlar yetakchisi ular bilan onlayn muloqot qilib, Vatanga qaytarish, muammolarini hal etish choralari ko‘rilmoqda.
Abzal ko‘chasi 2-uyda yashovchi Abdushukr Rahmonov Rossiyada ishlash chog‘ida baxtsiz hodisa tufayli o‘ng qo‘li singan holda O‘zbekistonga qaytdi. O‘g‘iloy uni “Yoshlar daftari”ga tavsiya etib, davolanish xarajatlari to‘lab berildi. Hozir u xususiy sektorda ish bilan band, daromadi oilasini boqishga yetadi.
Shuningdek, migratsiyadan qaytgan Shavkat Aminov xususiy universitetga ishga joylashtirildi. 2023-yilda mehnat migratsiyasidan qaytgan yoshlar mahalla hududida joylashgan avtomobil ustaxonasiga ustoz-shogird asosida ish o‘rganishga biriktirildi. Yaqin kunlarda yana 6 nafar yoshning migratsiyadan qaytishi kutilmoqda. Ular uchun ishlab chiqarish korxonasida ish ham tayyor.
“Mahalla yettiligining yuragi”
O‘zi yosh bo‘lsa-da, mahallada uning fikri so‘raladi. O‘g‘iloyning faoliyati haqida “Xudoyzod” mahallasi raisi ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
– 2022-yildan buyon mahalla raisiman, – deydi “Xudoyzod” mahallasi raisi A’zam Karimov. – Prezidentimiz mahallada yakdil bir tizim yaratdiki, barcha fuqarolar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda, aholining har bir qatlami bilan ishlaydigan alohida vakolatli lavozim joriy etildi. Mahallamizdadi 2612 nafar yoshlar bilan yaqindan ishlayotgan yetakchi O‘g‘iloy Arabova o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondashadi, har bir yoshning taqdirini o‘z taqdiri deb biladi. Ilk ish kunidan yoshlar hayotida tub ma’noda o‘zgarish, jamoa bo‘lib birlashish boshlandi. Iqtidor va iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlab, musobaqa, tanlovlar tashkil etib kelyapti. U “Mahalla yettiligi” xodimlari ichida o‘z so‘ziga va o‘rniga ega. O‘g‘iloyda liderlik qobiliyati rivojlangan.