Ayni vaqtda abituriyentlar DTM imtihonlarini topshirib, natijalaridan ham boxabar bo‘lishgan. Kimdir to‘plagan balidan xursand bo‘lsa, yana kimdir ko‘ngildagidek ball to‘play olmaganidan havotirda. Ma’lumotlarga ko‘ra, jami abituriyentlarning 46,9 foizi minimal o‘tish balini to‘play olmagan. Ularning aksariyati nodavlat oliygohda o‘qishni rejalashtirayotganligi tabiiy. Bu vaziyatda abituriyentlarda “Diplomi o‘tadimi? Litsenziyasi bormi? Keyinchalik yopilib ketsa, nima qilaman? Ma’lum muddat o‘qib, davlat oliygohiga o‘tkaza olamanmi? Ko‘pchilik past nazar bilan qaraydi. Yaxshi o‘qitarmikan?” degan ikkilantiruvchi savollar paydo bo‘ladi. Keling, sizlar bilan mana shu savollarga javob izlab ko‘rsak.
Davlat va nodavlat OTMlar diplomi o‘rtasida farq bormi?
So‘ngi vaqtlarda xususiy oliygohlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Bu oliygohda o‘qishdan oldin ko‘pchilikning birinchi beradigan savoli “Diplomi tan olinadimi?”. Joriy yilning 6-iyul holatiga ko‘ra, yurtimizda 90dan ziyod nodavlat oliygohlar litsenziya asosida faoliyat olib bormoqda. Bu degani litsenziyasi bor nodavlat OTM diplomini davlat tan oladi.
–O‘zbekistonda litsenziya asosida faoliyatini olib borayotgan har qanday xususiy oliygoh beradigan diplom, davlat oliygohi beradigan diplom bilan bir xil yuridik kuchga ega”, – deydi Rasul Kusherbayev intervyularidan birida. – Ba’zi davlat universitetlari tominidan bilib-bilmasdan xususiy universitetlarni raqobatchi sifatida ko‘rganligi uchun yoki dushman ko‘zi bilan qaraganligi uchun aholi o‘rtasida xususiy universitetlar diplomi o‘tmaydi degan salbiy fikrni tarqatishga harakat qilyapti.
Demak nodavlat oliygohda o‘qishni boshlashdan oldin uning litsenziyasi bor yoki yo‘qligini tekshirish kifoya.
Litsenziyaning bor yoki yo‘qligi va soxta-haqiqiyligini tekshirish
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar ma’lumotlariga ko‘ra, ilova qilinayotgan 96 ta nodavlat oliygohlar diplomi Respublika hududida bevosita tan olinadi. Bu oliygohlar ro‘yxati tuzilgan. Ro‘yxatda oliygoh nomi va joylashgan viloyat nomi keltirilgan. Shu orqali tekshirish mumkin. Lekin ro‘yxat yangilangan sanasiga e’tibor berish talab etiladi. Yana bir osonroq usuli ham bor. Odatda oliygohlar litsenziyalarini binoning kirish qismiga ilib qo‘yishadi. “Consulting”lar esa sizga elektron shaklda yuborishi yoki nusxasini taqdim etishlari mumkin. Siz esa litsenziyadagi QR kodni skaner qilish orqali hujjat ma’lumotlarini tekshirishingiz mumkin. Eng qulay va afzal yo‘li esa license.gov.uz saytiga kirib, saytning “Reestr” bo‘limida “Hujjat raqami”ga litsenziya raqami (masalan, 123456) kiritilsa, kerakli ma’lumotlarni ko‘rib olish mumkin.
Lekin joriy yilda 3 ta nodavlat OTM litsenziyasi bekor qilindi. Bu holat ko‘pchilikni xavotirga soldi. Hatto o‘qiyotgan talabalarni ham. Xo‘sh, nima uchun litsenziya bekor qilinadi? Faoliyatida qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan xususiy OTMning litsenziyasi vakolatli organning talabi bilan bekor qilinishi mumkin. Ammo xavotirga o‘rin yo‘q, desak ham bo‘ladi. Chunki o‘qiyotgan talabalar talabalik maqomini yo‘qotmaydi. Prezidentning joriy yil 3-iyuldagi qaroriga muvofiq, litsenziyasi bekor qilingan ta’lim tashkiloti yoki yopilgan talim dasturida o‘qiyotgan talabalarga o‘qishini davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga ko‘chirish huquqi beriladi. Ya’ni biror nodavlat OTMning litsenziyasi bekor qilinsa va yopilib ketsa, o‘sha yerda tahsil olayotgan talabalar davlat yoki nodavlat ta’lim muassasalariga “perevod” qilishlari mumkin. Tartib esa quyidagicha: agar talaba nodavlat oliygohga o‘tmoqchi bo‘lsa, imtihonsiz mos yoki turdosh yo‘nalishga o‘ta oladi. Agar davlat oliygohiga o‘tmoqchi bo‘lsa, ko‘chirish vaqti kutilib, boshqalar qatori imtihon orqali ko‘chirishi mumkin.
Nodavlat oliygohlarning yutuq va kamchiliklari
Nodavlat OTMlarning afzalliklari:
- Xorijlik o‘qituvchi pedagoglar;
- Ayrim oliygohlarda barcha darslarning chet tilida olib borilishi;
- Ayrimlari ta’lim davrida IELTS darajasini ham kafolatlaydi;
- Zamonaviy auditoriya va zamonaviy sharoit-muhit;
- O‘qishga kirishning nisbatan osonligi;
- Deyarli ta’lim davrida ish toppish, ayniqsa, xorijiy davlat yoki xorijiy kompaniyalardan ish topishning osonligi.
Nodavlat OTMlarning kamchiliklari:
- Kontrakt miqdorining yuqoriligi;
- Ta’lim yo‘nalishlarining nisbatan kamligi;
- Davlat OTMlariga o‘qishni ko‘chirish imtihon asosida ekanligi;
- Qattiqqo‘l ta’lim tizimi (ayrim talabalar buni kamchilik deb hisoblashadi).
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, agar litsenziya yaxshilab tekshirilib, o‘qishga topshirilsa, muammo bo‘lmaydi.