Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YANGI KUN

18.3.2023 435

Ziyoda RAHIMBOYEVA tayyorladi.

 “Qozon toʻldi”

Sayyoramizning shimoliy yarimsharida joylashgan davlatlarda keng nishonlanuvchi, forsiy va turkiy xalqlarning qadimiy, bahoriy bayrami Navroʻz – forschada “Yangi kun” deganidir. Martning 21-kuni Eron va Afgʻonistonda rasmiy taqvimning birinchi, yangi yilning ilk kuni hisoblanadi. Yurtimizda Ikkinchi jahon urushi yillaridan soʻng ushbu bayramni “Qozon toʻldi” deb atashgani haqida ham maʼlumotlar bor.

2010-yil 23-fevralda BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida 21-mart – “Xalqaro Navroʻz kuni” deb eʼlon qilingan. Markaziy Osiyo, Eron, Kavkaz, Oʻzbekistonda Navro‘z 21-martda nishonlanib, dam olish kuni hisoblanadi. Qoʻshni Qozogʻiston Respublikasida esa 22-mart sanasida mamalakat bo‘ylab bayram tantanalari bo‘lib o‘tadi.

Navroʻzi olamni Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Eron, Afgʻoniston, Iroq, Suriya, Ozarbayjon, Bahrayn, Livan, Pokiston, Hindiston, Tojikiston, Turkiya, Albaniya, Kurdistonda, shuningdek, boshqa davlatlarda istiqomat qiluvchi fors va turkiy millatlar keng nishonlaydi.

Navroʻz folklorlari

Bu xalqlar folklorida “Navroʻz” turkumidagi qadim zamondan beri yashab kelayotgan sheʼr, ertak, kuy-qoʻshiq, raqs va turli sahna koʻrinishlari mavjud. Qadimiy va mumtoz Eron musiqasida “Naz-e Novrouz”, “Yaad-e Novrouz”, “Novrouz-e Xordak” kabi kuylar bayramning o‘ziga xos madaniy merosidan joy olgan. “Mulla Mamajon” nomli afgʻon qoʻshigʻi ham juda mashhur boʻlib, Mozori-Sharifda, Eron, Tojikistonda bayram kunlari kuylanuvchi qo‘shiqlar qatoridan joy olgan. Oʻzimizda “Navroʻz”, “Muborakbod”, “Shohmoylar”, “Sumalak”, “Boychechak”, “Binafsha” kabi folklor ashulalarni sevib tinglashadi. Bayramona ruhdagi raqslar: “Bahor xonim”, “Navroʻz bobo”, “Dehqon bobo”lar  hozir ham yurtimiz viloyatlarida saqlanib qolgan.

Oʻyin, odat va qadriyatlar

Bayram tinchlik, birdamlik, totuvlik va qoʻshnichilik kabi ulugʻ qadriyatlarni ulug‘laydi.  Qadimda qishloq oqsoqollari shu kuni uyma-uy yurib, urishgan oilalarni yarashtirishga hissa qoʻshgan. Tojikistonda esa munosabatlari buzilgan insonlar Navro‘zda hech qanday nasihatlarsiz ham yarashib olgan.

Yurtimizda bugun ham bayram kuni koʻpkari, kurash, qoʻchqor yoki xoʻroz jangi, varrak uchirish, “Oq terakmi, ko‘k terak”, “Kim oladi?”, “Arqon tortish” kabi milliy xalq o‘yinlari tashkillashtirilib, sayillar uyushtiriladi. Sumalak tayyorlash ham qadriyat darajasidagi marosimdir.

Bayramdagi qiziqarli odatlarga bir-birining eshigi ostiga qalpoq tashlab ketish va uni boʻsh qaytarmaslik, tuxum chaqishtirish, bugʻdoy undirishni misol qilish mumkin. Shodiyona arafasida uy jihozlarini yangilash, bolalar uchun oʻyinchoqlar, yosh kelinchak va qizlar uchun qimmatbaho tosh hamda metaldan zargarlik buyumlari yasash ham o‘zgacha qadriyat.

Bayram taomnomasi

Oʻtroq turkiylar Navro‘zga yangi yil sifatida qarab, keyingi yilgacha qozonimiz toʻlib tursin, degan maʼnoda yetti xil ovqat tayyorlab, dasturxonga tortishgan. Maʼlum miqdorini beva yoki yetim qishloqdoshlari, nuroniylarga ajratishgan. Taomnomadan qaynatilgan guruch, sabzavot va koʻkatlar, tovuq goʻshti, arpa, bugʻdoy, tariq, soʻli, joʻxori va baliqdan tayyorlangan yeguliklar oʻrin olgan.

Navroʻz necha yoshda?

Bayram afsonalarida aytilishicha, Odam Ato Momo Havo bilan uchrashgan kun Navroʻz sifatida muhrlangan. Alisher Navoiyning “Tarixi mulki ajam” asarida esa shoh Jamshidning buyuk kashfiyotlari soʻngida Navroʻz ixtiro qilingani bayon etiladi. Qachon va qanday vujudga kelganini aniq koʻrsatish qiyin boʻlsa-da, Navro‘z dono kishilar tomonidan kashf qilingani ayni haqiqat. Chunki uning dunyoga kelishi koinot va tabiat qonuniyatlariga asoslangan: Quyoshning hamal burjiga kirishi, tun va kunning tenglashuvi, kunduzning uzaya boshlashi, tabiatning jonlanishi... Bu esa har qanday jamiyatda yil boshi qachon kelishidan qatʼi nazar, Navroʻzni uygʻonish bayrami sifatida nishonlash uchun asos boʻlgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish