“Yangi” so‘zi juda urf
O'zbekiston tomonda.
Yangi sozi buncha kop
Ishlatilmas jahonda.
Yangi yer, yangi obod,
Yangi vatan deydilar.
Yangilab eski dardni
Asabimiz yeydilar.
Yangi yurtda elektr
Uzilishi odatiy.
Budjetning oltin tog‘i
Buzilishi odatiy.
“Ishlaymiz mana qarang”,
Gaplar to‘la ehtiros.
Vatan-chi borar cho‘kib,
Eski hammom, eski tos.
Shukr qil der qorni to‘q,
Ochlar nolib bo‘g‘ilar.
Nafs deb o‘lar jamiyat,
Fikr qachon tug‘ilar?
Paloncha yebdi buncha,
Pora opti pismoncha.
Ammo dadil so‘zlaydi
Shiddatlari osmoncha.
Kambag‘al qilsa ayb ish
Qonunga tutiladi.
Amaldor noyob odam
Bir uzr, qutiladi.
Yangisi bor ust-boshning
Gul ishqning ham yangisi.
Ammo ona Vatanning
Bolarmikan yangisi.
Kimdir deydi: “Tirrancha,
Qo‘llarida bor asos.
Undan ko‘ra kaftga tuplab,
Qarsaklar chal gulduros.
Yomon ko‘ra boshladim
Eski “men”ni halitdan.
Tug‘ilsammi ne deysiz,
Shu Vatanda yangittan.