Xabaringiz bor, ba’zi yoshlar orasida xorijga “surish kerak” degan gaplar yuradi. Bunga nima sabab deb o‘ylaysiz? Va nega siz va siz kabi
yoshlarning ko‘pchiligi Yaponiyani tanlashadi?
– Menimcha, birinchi o‘rinda qiziqish sabab deb o‘ylayman. Inson o‘smirlik davrida nimanidir o‘zgartirishga intiladi. Kinolar va ijtimoiy tarmoqlar sabab chet el hayotiga qiziqadi va boshqa davlatlarda yashashga, o‘qishga harakat qiladi. Yaponiyada o‘qishga hujjat topshirish jarayoni boshqa davlatlarga qaraganda ancha keyinroq tugaydi. Misol uchun, Amerikaga o‘qishga topshirib kira olmasangiz o‘sha paytning o‘zida Yaponiyada omadingizni sinab ko‘rish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, Yaponiya xavfsiz davlat hisoblanadi, qurol ko‘tarib yurish mumkin emas, inson huquqlari o‘z joyiga qo‘yiladi. Men ham yuqoridagi sabablar tufayli bu yerga kelganman.
– Nega biznes menejment yo‘nalishini tanladingiz?
– Har bir inson o‘z qiziqishlaridan, yashash tarzidan kelib chiqib yo‘nalish tanlaydi. Yoshligimdan kimdir aytgan ishni bajarishga odatlanmaganman, shuning uchun ham menejment yo‘nalishini tanlaganman. Kimdir aytganini shunchaki bajarish emas, o‘sha bajariladigan mexanizmlarni o‘ylab topilish jarayonida ishtirok etishni xohlayman. Yaponiya biznes moduli dunyo bozorida alohida ahamiyatga ega. Birdaniga katta rivojlanish, bir xil amalni bajarish emas, har kuni juda oz bo‘lsa-da rivojlanish kerak, degan oltin qonun bor.
Uzoq muddatli rejalar tuzgani sababli ham kompaniyalar dunyo reytingida kuchli o‘ntalikda turadi. Ulardagi ish uslublarini o‘zimizda ommalashtirsak, juda yaxshi o‘zgarishlar bo‘ladi.
– Yaponiyada taʼlim tizimi qanday?
– Yaponiya taʼlim sistemasi butun dunyo tomonidan tan olingan. Ayniqsa, Masaru Ibunkaning “Uchdan keyin kech” asari bestseller darajasiga ko‘tarilgan. Bu yerda qog‘ozbozlikdan butunlay voz kechilgan. Darslarda ko‘proq taqdimotlar tayyorlaymiz. Shu orqali muammo va mavzuga nisbatan kreativligingiz, shaxsiy fikringiz, yondashuvingiz oshadi. Kelasi darsni o‘tishdan oldin uyga vazifa qilinadi. Yaʼni avval uyga vazifa qilamiz, keyin darsga boramiz. Dars o‘tilgan paytda tushunmagan narsalarimizni so‘rab olamiz.
“Team working”ga katta ahamiyat berishadi, asosan 5-10 ta odam bir guruh bo‘lib, bir-birini eshitib vazifalarni bajaradi. Har xil davlatdan
talabalar bo‘ladi, ularning fikrlashi, bir mavzu bo‘yicha qarashlari boshqacha. Biror vazifa berilganida ularning ham fikrini eshitib, “faqat bunaqa yo‘li bor deb o‘ylardim, bu tomondan yondashsa ham bo‘lar ekan” deysiz. Shu orqali har bir muammoga global darajada qarashni o‘rganasiz. Yana bir narsa bor, yaʼni real holatdagi keyslarda dars o‘tiladi. Misol uchun, ekonomika darsida kitoblardagi maʼlumotlar bilan
hozirgi davr solishtiriladi. Chunki kitob yozilganidan so‘ng ko‘p usullar, yechimlar o‘zgarib ketgan bo‘lishi mumkin. Kitobni o‘zing o‘qib qo‘yaverasan, bu yerda, asosan, aloqa va muloqot orqali o‘rganish muhim deb hisoblashadi.
– Sizningcha, Yaponiyada o‘qishning yomon tomonlari ham bormi?
– Yaponiyada davomat juda muhim, lekin bu menga yoqmaydi. Ishda ham, o‘qishda ham davomatga katta eʼtibor beriladi. Menga yoqmaydigan jihatlardan yana biri oila va yaqinlaringizdan uzoqda yashashdir. Xohlaysizmi-yo‘qmi, atrofmuhit taʼsir qiladi va robotlashib qolasiz. Yaponlar judayam harakatchan, ko‘p ishlaydigan xalq. O‘qish va ishdan ortib, dam olishga vaqt topolmaysiz. Yana bir muammo yashash va ovqatning narxi qimmat. Musulmonlar uchun taomlar ozgina muammoroq, halol mahsulot topishga qiynalasiz. Shu bois yeyotgan narsalaringizga eʼtiborli bo‘lishingiz kerak.
– Tengdoshlaringizga Yaponiyada o‘qishni maslahat berasizmi?
– Albatta, faqat istardimki, o‘qish uchun kelib, keyin ishga o‘tib ketmasliklarini. Chunki bu yerda ishlab, juda yaxshi daromad qilsa bo‘ladi, lekin o‘qish qolib ketadi. Atrofimda bunday insonlar juda ko‘p. Shuning uchun, avvalo, yaxshilab o‘ylab, maqsad qo‘yib kelish kerak. Maqsadlari aniq bo‘lgan inson o‘zi kutganidan-da ko‘proq narsa o‘rganadi. Aslida hamma joyda ham faqat o‘z ustida ishlagan talabalargina yutadi. Masalan, O‘zbekistonda o‘zi internetga kirib, qo‘shimcha maʼlumotlar o‘rganib, kuchli mutaxassis bo‘lgan talabalarni taniyman. Chet elda o‘qisangiz, butun eʼtiboringiz o‘zingizga qaratiladi, qarindosh-urug‘, ota-ona, sizni har kuni pleysteyshn o‘ynagani chaqiradigan do‘stlar bo‘lmaydi. Bu yerda iqtisodni o‘rganib borasiz, topgan pulingizni to‘g‘ri sarflash tajribasi ortadi. Misol uchun, avvaliga ko‘p pul ishlatib yuborasiz, yetmaydi. Keyin qiynalasiz, so‘ng “haftada buncha ishlatsam, buncha qoladi”, degan fikr, bir kishilik bo‘lsa ham ro‘zg‘oringiz bo‘ladi. Pul berib baho ololmaysiz, ustozlar amakingiz yoki tog‘aingizning qarindoshi emas. O‘z intilishlaringiz bilan natijaga erishasiz.
– Kelgusidagi rejalaringiz haqida to‘xtalib o‘tsangiz?
– Inson o‘zi o‘rganayotgan sohani sevsa, eʼtiborini qaratib shug‘ullansa, albatta, natijaga erishadi. Xoh Yaponiyada bo‘lsin, xoh O‘zbekistonning chekka qishlog‘ida bo‘lsin. O‘qishni tugatib yurtimga qaytgach soham bo‘yicha yangi loyihalar qilmoqchiman. Buning uchun ilk navbatda bilim va tajriba orttirishim kerak.
– Fikrlaringizdan menda ham Yaponiyaga nisbatan qiziqish paydo bo‘ldi. Bergan maʼlumot va maslahatlaringiz uchun rahmat.
– Taklifingiz uchun tashakkur. Gazetangiz faoliyatiga omad tilayman!