Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Yashil” ko‘zbo‘yamachilik

1.11.2023 405

O‘z muxbirimiz

2022-yil: “Yashil makon” loyihasi doirasida ko‘chat ekish bo‘yicha hisobotlarda 6,2 million tup ko‘chat qo‘shib yozilgan, 2,4 million tup nihol qurib qolgan...

2023-yil, bahor: “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilishi kerak bo‘lgan 2 milliondan ortiq ko‘chat ekildi deb hisobotga qo‘shib yozilgan, sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga 7,3 million tup ko‘chat ekilgan...

 

Tashabbus xayrli, ijrosi chatoq!

2021-yilda boshlangan bu xayrli tashabbusga mana ikki yildirki, ko‘zbo‘yamachilik, ura-urachilik orqali zaha yetmoqda. Ekdikmi, ekdik, ish bajarildimi, bajarildi! Nihollar parvarishiga kim mas’ul? Bugun ularning qanchasi tutib ketdi? Axir ularni o‘tqazguncha qancha texnika, ishchi kuchi, mablagʻ sarflangan! Afsuski, bular hech kimga qiziq emasdek.

Hozir ham yurtimizda 2023-yilning kuzgi “Yashil makon” mavsumi boshlangan, qayerga qaramang, qaysidir tashkilot falonta nihol ekkan, qaysidir muassasa qizg‘in ish jarayonida. Ularning rasmiy kanal yoki saytlarida e’lon qilinayotgan ma’lumotlar, rasmlarga bir qarashda ishonging keladi, yaqin uch-besh yilda Toshkent yashil bog‘-rog‘larga burkanadi degan yaxshi xayolga borasan.

Ammo ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan suratlar e’tiborli kishilarning diqqatini ortmay qolmaydi. Mana, O‘zbekiston Milliy universiteti, hamma daraxt ekishga bel bog‘lagan. “Universitetning 500 ga yaqin talabasi hamda o‘qituvchilar ishtirok etgan ko‘chat ekish jarayonida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, o‘quv yurti hududidagi yashil maydonlar obodonlashtirildi”, – degan balandparvoz gaplar bilan xabar tugagan. Matnni o‘qib bo‘lgach, beixtiyor suratlarga ko‘zingiz tushadi. Rasmda katta daraxtlar ostiga bir necha azamat ko‘chat ekyapti, men ham qolib ketmay degan bir-ikki mas’ulni ham ko‘rishimiz mumkin. Mana shu yerda hamma umid so‘nadi, bari ko‘zbo‘yamachilik. Katta daraxtlar soyasiga ekilgan ko‘chatlarning keyingi taqdiri nima bo‘ladi? Quyosh qayerdan tushadi, ko‘karadimi? Yoki baland daraxtlarni imi-jimida kesib yuborish uchun ostiga yangi nihol ekilyaptimi?!

Hududlarda umummilliy loyiha doirasida ekilayotgan daraxtlarning juda katta qismini archa tashkil qilmoqda. Masalan, Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi tizimi xodimlari o‘z hududlariga faqat archa ekayotganini ko‘rish mumkin.

Millionlab ignabargli daraxtlar ekaverish bilan yashillikni ta’minlab, yashil qalqonlar barpo qilish bo‘yicha rejalarga to‘la erishib bo‘larmikin? Tushunarsiz, nega faqat archaga yopishib olganmiz? Baland o‘sib, yozda soya beradigan, barglari keng, ko‘proq kislorod chiqaradigan daraxtlarni ekishga nima xalal beradi?

Sug‘orish tizimlari mavjud bo‘lmagan hududlarga ishtiyoq bilan daraxt ekilayotgan suratlarni ko‘rib, nima deyishni bilmay qolasan. Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida, Yunusobod tumanidagi “2-Otchopar” mahallasidagi tasvirlardan ko‘rinib turibdiki, bu yerda ko‘chatlarni sug‘orishning imkoni yo‘q. Bu joylarda daraxt ko‘karishi u yoqda tursin, maysalar ham sarg‘ayib yotibdi. Loyiha boshlangandan buyon millionlab ko‘chatlar sug‘orish imkoni bo‘lmagan hududlarga ekiladi, nihollar nobud bo‘ladi. Ammo biz bu xatolardan xulosa chiqarmayapmiz, aksincha qayta va qayta davom ettiryapmiz.

 

1 daraxtdan 3 kishi nafas oladi

Yashil hududlar tobora kamayib, chang bo‘ronlari, havo ifloslanishi, ekologiya tufayli odamlar salomatligida salbiy o‘zgarishlar kuzatilayotgan, daraxtkushliklar to‘xtamayotgan davrda ko‘chat ekish, yashillikni ko‘paytirish eng dolzarb ekologik masalalardan biri.

Negaki, atrofimizdagi daraxtlar insoniyatning to‘laqonli yashashi uchun hayotiy ahamiyatga ega. Ular kislorod chiqaradi, chang miqdorini kamaytiradi, shovqinni yutadi va o‘ziga xos mikroiqlim yaratadi. Bundan tashqari, yashil hududlar shahar aholisining hissiy holatiga ta’sir ko‘rsatadi: shaharliklar bunday hududlarda sayr qilishi, vaqtichog‘lik qilishi mumkin, buning natijasida ular estetik zavq oladi, kayfiyati ko‘tariladi.

Shahar yashil maydonlarining rekreatsion, dekorativ-badiiy funksiyalari bilan bir qatorda, sanitariya-gigiyenik ahamiyatini ham unutmasligimiz kerak. Ular atrof-muhitni zaharli moddalardan tozalaydi. O‘rtacha kattalikdagi daraxt kuniga uch kishining nafas olishi uchun zarur bo‘lgan miqdorda kislorod chiqaradi.

Shuningdek, daraxtlarning ildizlari suvni filtrlab, sifatini yaxshilaydi. Suv bug‘i ajratib chiqarib, ob-havo haroratini moʻtadil saqlab turishga yordam beradi. Bu, ayniqsa, Markaziy Osiyoning keskin-kontinental iqlimida juda foydali va zarurdir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bir daraxt turining yo‘qolishi 30 turdagi hayvon turlarining yo‘qolib ketishiga sababchi bo‘ladi, bitta dona daraxt esa yerni eroziyadan saqlaydi va tuproqni mustahkam ushlaydi. Bitta daraxt yiliga 15 ming litrgacha suvni tuproqda saqlaydi. Daraxtlarning atrof muhitga berayotgan foydasi tufayli megapolislar har yili 150 million dollarga yaqin mablag‘ tejaydi.

Demak, yashillikning ko‘payishi ham daromadni tejashda, ham insonlar salomatligini saqlashda, bu orqali insonlar yomon ekologiya sababli yo‘liqadigan xastaliklarning oldini olib, ularning ham hamyoniga foyda kelitirishda muhim ahamiyatga ega.

Yashillikning foydasi, ekologik muammolarni anglagan holda turli daraxt ekish aksiyalarini o‘tkazish juda samarali ish, albatta. Biroq so‘nggi paytlarda ezgu maqsadli tashabbus archabozlik, cho‘p suqish kampaniyasiga, ko‘zbo‘yamachilik sanoatiga aylantirildi. Mahalliy hokimliklar tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan, fotohisobotlarda aks etadigan haybarakallachilik, ura-urachilik bilan tashkillashtirilayotgan “Yashil makon” loyihasi ko‘zlangan maqsadga umuman yaqinlashtirmayapti.

Agar yillar davomida ekilgan koʻchatlar vaqtida sugʻorilib, agrotexnika talablari asosida parvarishlanganda edi, allaqachon yurtimizning asosiy qismi yashillikka burkangan, oʻrmonzorlarga aylangan boʻlardi...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish