Oltin davr... Hammayoq gavjum, hamma qayergadir shoshilmoqda. Hatto yerda o‘rmalayotgan chumolining ham zarur yumushi bordek.
Avtobus, metro talabalar bilan to‘la... Kimdir ertalab turmaklangan sochlarining to‘zib ketmasligidan xavotirda bo‘lsa, yana biri hafsala bilan dazmollagan oq ko‘ylagi g‘ijim bo‘lmasligi g‘amida.
Eng alam qilarlisi konduktorning hech qayoqqa sig‘mayotgan gavdasi. O‘qishdan chiqishim bilan sevimli ishxonam – kutubxonaga shoshaman. Doim gavjum bo‘ladigan Chilonzor metro bekatidan ishxonamga yetib olish uchun 8-avtobusga chiqaman. Doim ishga shu aftobusda qatnayverganimdan konduktorlar “qadrdonimdek” bo‘lib qolgan, deyarli hammasini taniyman. Ayniqsa, Anvar akani.
Chamasi 30-35 yoshlarda, ko‘rsangiz, dumaloq tarvuz deysiz. Avtobusning boshidan oxirigacha borib kelgunicha peshonasidan dona-dona ter oqib, charchab qoladi. Katta-katta qadamlari kichik yo‘lakchada bemalol harakatlansa qani, eng yoqmagani – tanigan tanimagan insonni senlab gapiradi. “O‘rta bo‘sh-ku, surilinglar, mayda toping, yirik pul olmayman, eshikning oldidan qoch, tushmoqchi bo‘lsang, vaqtliroq aytmaysanmi, yoqmasa taksida ket”... Avtobusda tekinga ketyapmizmi, deb o‘ylab qolaman ba’zan.
Balki shuning uchun ham tajangdir. Yo‘l haqini kartadan to‘laganingni aytishga ulgurmasingdan, chiptani ko‘rsat deb tepangda turib oladi. Bir tarafdan asabiylashsang, bir tarafdan kulging keladi. Toshkentda avtobus yo‘nalishi nechta-yu, bunaqa Anvar akalar qancha deysiz. Ba’zida o‘ylab qolaman, yaxshiyam metroda yo‘l haqqi terib yuradigan konduktor yo‘q.
Menimcha, oltin davrimdan eng esda qolarlisi shu – triband avtobuslar bo‘lsa kerak.