Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yer bor, ishsiz yo‘q

11.7.2024 465

Sarvinoz KOMILOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Qassobon mahallasida yashovchi Nodirbek Ibodullayev ishlari o‘xshamay, migratsiyadan qaytgan. O‘zbekistonda ham ma’lum muddat ish topolmagach, mahalladagi yoshlar yetakchisiga murojaat qiladi. Yetakchi prezident qarori bilan yoshlarga yer ajratilayotgani va bu imkoniyatdan foydalanish yo‘l-yo‘riqlarini tushuntiradi. Shundan so‘ng joriy yil aprel oyida Nodirbekka 10 sotix yer ajratildi.

– 2024-yil boshida mahallamiz yoshlarining 6 nafari ishsiz edi, – deydi Qassabon mahallasi yoshlar yetakchisi Farrux Bobojonov. Bugun ularning 2 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 4 nafariga kredit ajratilib, bandligi ta’minlandi. Xatlov jarayonida 30 nafar yosh migratsiyadaligi aniqlanib, 6 nafari vataniga qaytarildi. Odam yurtida ish topa olmasagina xorijga ketadi, ammo u yerda ham ishi yurishmasa, tushkunlikka tushib qolishi turgan gap. Yurtimizda olib borilayotgan yoshlar siyosati tufayli migratsiyadan qaytgan yoshlarning bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Mahallamdagi xorijdan qaytgan oltovlonning barchasiga yer ajratildi. Nodirbek Ibodullayev mana shu yoshlardan biri.

Uch oyda daromad

– Oldin ishsiz edim, hozir esa yosh dehqonman, – deydi quvonib Nodirbek. – Yer mahallamizga yaqin joyda, bemalol borib ishlash imkoniyatim bor. Unumdorligi a’lo darajada ekan. Suvdan ham muammo yo‘q.

Yosh dehqon yerga baqlajon, bulg‘or qalampiri, kortoshka, pomidor, bodring, qovoq va loviya ekkan. Bor mehrini yerga berib, ko‘chatlarni hafsala bilan parvarishlagan Nodirbek kam bo‘lmayapti. Uch oy ichida daromadga chiqdi. 1 tup pomidor ko‘chatidan 6-7 kilogramgacha hosil olmoqda.

– Hozircha o‘zimiz oilaviy ishlayapmiz, – deydi Nodirbek. – Oila a’zolarimning yordamisiz bir o‘zim ko‘p narsaga erisholmasdim. Bo‘sh vaqt topishlari bilan dalaga shoshilishadi. Daromadlar oshib, ekinlar yanada ko‘proq hosilga kirganida yonimga ishchi olish niyatim bor. Balki ish rivojlanib, yerni kengaytirsak, tadbirkor, sotuvchilar bilan hamkorlikda ishlashim ham mumkin. Hozircha ishlab topayotgan pulim bilan yosh oilamiz ehtiyojlarini qoplayapman.

“Endi boshqa davlatga ketmayman”

Nodirbek kelasi yili yerning bir qismiga 100 kg. kortoshka ekib, 500 kg. hosil olish niyatida. Qolgan joyga esa piyoz va yana boshqa tez hosilga kiradigan mahsulotlar ekmoqchi.

– Boshqa yoshlar qatorida menga ham ishonib, yer berilganidan xursandman, – deydi qahramonimiz. – Endi Rossiya yoki boshqa davlatga ishlash uchun ketish niyatim yo‘q. Mana shu yerdan foydalanib, oilamni boqmoqchiman.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish