Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YETAKCHI, MUKOFOT MUBORAK!

29.3.2023 625

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

“Shuhrat”li Jamshid

22-mart – Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, bir guruh yurtdoshlarimiz davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Ular orasida 4 nafar mahalladagi yoshlar yetakchisi ham bor.

Namangan viloyat Mingbuloq tumanidagi “Mustaqillik” mahallasi yoshlar yetakchisi Jamshid Rahimov “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. U Rossiya federatsiyasi Vladivostok shahridagi Uzoq sharq federal universitetining huquqshunoslik fakulteti jinoyat huquqi yoʻnalishini tamomlagan. U yoshlar bilan tizimli ish tashkil etgani natijasida eng faol 100 nafar yoshlar yetakchilari safidan oʻrin olib, Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan.

Jamshid RAHIMOV, Mingbuloq tumanidagi “Mustaqillik” mahallasi yoshlar yetakchisi:

– O‘tgan yili oʻnlab nomzodlar orasidan saralanib, yoshlar yetakchisi lavozimiga tayinlandim. Ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash uchun ularning bir guruhiga hokim yordamchisi bilan E-AUKSION platformasi orqali 10 yilga ijara shartnomasi asosida yer uchastkalari ajratib berdik. Hozirgi kunda yoshlarimiz moʻmay daromad olib, oila byudjetiga koʻmaklashmoqda.

11 nafar talaba-yoshga kontrakt pulining bir qismi to‘lab berilgan bo‘lsa, 6 nafar yoshga subsidiya asosida asbob-uskunalar olib berdik. Ikki nafar yoshga haydovchilik kursida o‘qish xarajati, 1 nafar yoshning safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmati badali qoplab berildi. Yana 1 nafar yoshga uy-joy ijara toʻlovining bir yilligini qoplab berish uchun tavsiyanoma berdik.

Mahallamiz yoshlarining boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Besh tashabbus olimpiada”si tanlovida faol ishtirok etishi uchun harakatdamiz. Mahalladagi zukko yoshlarimiz “Zukko kitobxon” intellektual oʻyinining respublika bosqichida faxrli birinchi oʻrindi egallab, 3000 ming dona kitob toʻplami va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. Quvonarlisi, yoshlarimiz 30-iyun – Yoshlar kunida “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida Prezidentimiz bilan uchrashish baxtiga muyassar boʻldi. Bu bizga katta motivatsiya berdi.

2023-yil birinchi choragida 8 nafar yoshni, muammo va takliflaridan kelib chiqib, “Yoshlar daftari”ga roʻyxatga oldim. Ularning hammasiga zarur yordamlar ko‘rsatildi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish