Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YETAKCHIDAN YANGI TAJRIBA

18.1.2023 111

Iqbol PARDAYEVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

“Yoshlarga berilayotgan imtiyoz, imkoniyat, eʼtibor ularning maqsadlarini amalga oshirish uchun xizmat qilishi kerak”. Bu Navoiy shahridagi “Farovon” mahallasi yoshlar yetakchisi Nodirbek Zaripovning asosiy faoliyat tamoyili. Qahramonimiz tadbirkorlikni boshlash niyatidagi yoshlar bilan mahalladagi tengdoshlarining bandligini taʼminlashga, ular uchun ish oʻrinlari yaratib, imtiyozlar taqdim etishga kelishib olgan.

Nodirbek ZARIPOV, Navoiy shahridagi “Farovon” mahallasi yoshlar yetakchi:

– Ish faoliyatimga kirishgan ilk kunlarimdan mahalladagi yoshlar hayotiga qanday o‘zgartirish kirita olishim haqida oʻyladim. Avvalo, boʻsh ish oʻrinlari yaratishga kirishdim. Bunda menga imtiyozli kredit olib, tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish niyatidagi yoshlar yaqindan yordam berdi.

Ana shunday yoshlardan biri Shahzod Boltayevdir. U imtiyozli kredit olib, oʻquv markazi ochish niyatini bildirgach, unga imtiyozli kredit uchun tavsiyanoma berdim. Va mahallamizda kam taʼminlangan, nogiron va ijtimoiy ahvoli ogʻir oila farzandlarini bepul o‘qitish maqsadini belgiladik. Oʻquv markaziga mahallamizdagi yosh, bilimdon oʻqituvchilarni jalb etishga kelishib oldik. Markaz faoliyat boshlagach, mahalladagi 20 nafar yoshning 10 nafariga 6 oylik, yana 10 nafariga 1 yillik bepul vaucherlar taqdim etildi. Shuningdek, mahalladagi 4 nafar bilimli yoshlar shu oʻquv markazida oʻz ish oʻrinlariga ega boʻldi.

Xayrli estafetani Sanjar Joʻrayev davom ettirdi. U 33 million soʻmlik imtiyozli kredit olib, mahalla markazidan oʻquv markazi ochdi. Markaz faoliyatini boshlagach, 10 nafar yoshga 6 oylik bepul vaucher taqdim qildi. Mahalladagi 3 nafar yoshni ishga oldi.

Shunday xayrli ishga qoʻl urgan yoshlarimizdan yana biri – Jaloliddin Zoirov. U karate bilan muntazam shugʻullanib, respublika va xalqaro musobaqalarda sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan. Jaloliddin mahallamizda sport toʻgaragini tashkil qilishga kirishdi. Sa’y-harakatlarimiz bilan unga hududimizdan boʻsh bino topib, 33 million soʻm imtiyozli kredit olib berdik. Hozir sport to‘garagida qiziqishi baland yoshlar bilan birga, kam taʼminlangan oila farzandlari, nogiron,  ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar mashgʻulotlarda bepul qatnashmoqda. Yana 3 nafar yoshning bandligi taʼminlandi.

Mahalla yoshlaridan Hilola Tojiyeva imtiyozli kredit asosida oʻz tikuv sexini tashkil qildi. Hozirgi kunda yaxshigina daromad topayotgan Hilola tikuvchilikni oʻrganish istagini bildirgan qizlarga bepul hunar oʻrgatmoqda. Shu kunga qadar 30 nafarga yaqin qizlar tikuvchilikni oʻrganib, mustaqil ish boshladi.

 

“Farovon” mahallasi, asosan, koʻp qavatli binolardan iborat boʻlgani uchun hududda sport maydonchalariga ehtiyoj sezilardi. Mazkur muammoni hal qilish maqsadida Nodirbek Zaripov koʻp qavatli uylarning yertoʻlasidagi boʻsh joylarda sport to‘garaklari tashkil qildi. Natijada yoshlar stol tennisi, shaxmat, shashka va fitnes bilan shugʻullanish imkoniyatiga ega boʻldi. Barcha tashabbuslarda yoshlarning manfaatini koʻzlagan qahramonimiz Milliy kadrlar zaxirasiga olingan 40 nafar mahalladagi yoshlar yetakchilaridan biridir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish