Toshkent viloyatining Chinoz tumanida 55 ta mahalla boʻlib, ularda, jumladan, 33 ming 643 nafar yosh istiqomat qiladi. Ayni yoshlarning 1 325 nafari “qizil” toifaga kiritilgan. Bandlik dasturiga koʻra, ularning 608 nafari ishsizligi bois roʻyxatga olingan boʻlsa, hozirga qadar 251 nafarining bandligi taʼminlangan.
“Ogʻir” toifaga olingan yoshlarning qanday muammo va ehtiyojlari bor? Ular qanday yordamga muhtoj? Prezident Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamenti rahbari Qahramon Quronboyev boshchiligidagi Resbuplika ishchi guruhi aʼzolari Toshkent viloyati Chinoz tumanida boʻlib, yoshlar yetakchilari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi. Ilm-fan, tadbirkorlik, taʼlim, bandlik sohasiga oid murojaat va muammolar oʻrtaga tashlanib, har bir yetakchining mahallasidagi vaziyat atroflicha muhokama qilindi.
Muloqotlar natijasida turli muammolar sabab oʻz rejalarini amalga oshirishga qiynalayotgan yoshlarga eʼtibor qaratish, bu ularga ragʻbat, boshqa tengdoshlariga ham oʻziga xos ijodiy dalda boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.
Oʻrtachirchiq tumanidagi 57 ta mahallada yashayotgan 29 ming 133 nafar yoshning 534 nafari “qizil” toifaga kiritilgan. Tumandagi 523 nafar yosh ishsiz. “Mayramkoʻl” mahallasida “Kelajak yoshlar biznes inkubatori” yoʻlga qoʻyilgan bo‘lib, u yerda 26 nafar yoshga 20 sotixdan ochiq yer maydoni, 6 nafar yoshga issiqxona, 8 nafar yoshga 50 tadan tovuq va oʻrdak ajratildi. Issiqxonalarga bodring, yer maydoniga bulgʻor qalampiri, bodring, noʻxot kabi ekinlar ekildi. Yoshlar olayotgan daromadidan mamnun.
2023-yil aprel oyidan Oqqoʻrgʻon tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazi tomonidan Oʻrtachirchiq tumanidagi “Qaytmas” mahallasida aholini kasb-hunarga oʻqitish yoʻlga qoʻyilgan. Shu kunga qadar tuman bandlik boʻlimlari yoʻllanmalariga asosan bu yerda jami 113 nafar yosh kasb-hunar egallagan. Ulardan 55 nafari quyidagi yoʻnalishlarda kasb egasi boʻldi:
19 nafari – tikuvchi;
14 nafari – ayollar sartaroshi;
10 nafari – santexnik va chilangar;
12 nafari – massajchi (uqalovchi).
Markazni tamomlagan tinglovchilarga kasb-hunar diplomi darajasiga tenglashtirilgan va egallagan bilimlarini mehnat faoliyatida amalga oshirish huquqini beruvchi sertifikatlar berildi. Ularning 72 foizi ishli ham bo‘ldi. Yana 43 nafar fuqaro yoʻllanma asosida oʻqish jarayoni boshlanishini kutmoqda.
Respublika ishchi guruhi safar chogʻida Oʻrtachirchiq tumanidagi mazkur monamarkaz va kasb-hunarga oʻqitish maskani faoliyati bilan tanishdi. Tumandagi yoshlar yetakchilariga yoshlar muammolarini hal etish, ularga amaliy yordam berish ishlarini tizimli tashkil etish borasida maslahatlar berildi. Suhbat davomida har bir yetakchining mahallasidagi vaziyat atroflicha muhokama qilindi.
Shundan soʻng Q.Quronboyev Qibray tumanida boʻlib, tumandagi “Chinobod” mahallasi yoshlar yetakchisi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mahalladagi “ogʻir” toifadagi yoshlarning ahvoli va “Besh tashabbus olimpiadasi” musobaqalarining tashkil etilish jarayonlari bilan qiziqdi. Shu bilan birga, “mahalla beshligi” bilan suhbatlashib, hamkorlikda ishlash boʻyicha tavsiyalar berdi. Tumanning barcha mahallalaridagi yoshlar yetakchilari bilan uchrashuvda ular duch kelayotgan muammolar muhokama qilindi. Yetakchilarning 5+2 muhim vazifalari yuzasidan olib borayotgan ishlari tahlil qilindi.
Maʼlumot uchun: Qibray tumanda 68 ta mahalla yetakchilari tomonidan oʻtkazilgan xatlov natijasiga koʻra, 14-30 yoshgacha boʻlgan yoshlar 36 408 nafarni tashkil etadi. Ular quyidagi tofalarga ajratilgan:
23 309 nafari – “yashil”;
13 099 nafari – “sariq”;
1 492 nafari – “qizil”.
“Qizil” toifaga olingan yoshlar tuman, viloyat va vazirlik miqyosidagi rahbarlarga biriktirildi. Biriktirilgan rahbarlar oʻzlariga biriktirilgan yoshlar xonadoniga borib, muammolarini oʻrgangan holda tizimli yordam koʻrsatish boʻyicha sektorlar va mahallalar kesimida manzilli “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqib, tasdiqladilar. “Qizil” toifadagi yoshlarning 618 nafarida muammolar aniqlangan boʻlib, ularning 578 nafariga (94 %) “Yoʻl xarita”si asosida manzilli yordam koʻrsatilgan.
Shuningdek, “Yoshlar bandlik dasturi” asosida Qibray tumanida 2 160 nafar yosh qamrab olingan boʻlib, shundan 1 400 nafari maktab bitiruvchilari hamda 760 nafari ishsiz yoshlarni tashkil etadi. Tasdiqlangan dastur asosida bugungi kun holatiga ko‘ra, 760 nafar ishsiz yoshning yoʻnalishlar kesimida 389 nafarining (51 %) bandligi taʼminlangan.