Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yetakchilar tajriba almashdi

10.12.2024 844

Elbek SHOYIMQULOV, Yoshlar ishlari agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi matbuot kotibi

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tashabbusi bilan viloyatdagi eng faol yoshlar yetakchilari, sardorlar, volontyor yoshlar ishtirokida Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”ga uch kunlik sayohat tashkil etildi.

Sayohat davomida yoshlar o‘zaro tajriba almashib, yangi bilimlar egallashi uchun turli dasturlar tashkil etildi. Konsert dasturlari, o‘quv seminarlar, sport musobaqalari va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar shular jumlasidandir. Ijtimoiy faoliyatni rivojlantirish, jismoniy va aqliy salohiyatni oshirishga qaratilgan tadbirlar yoshlarning jamiyatdagi o‘rni va rahbarlik qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Jumladan, mahalladagi yoshlar yetakchilari va tegishli mas’ullar ishtirokida o‘quv seminarlar o‘tkazildi. Ishtirokchilar “Yoshlar murojaatlari bilan ishlash”, “Besh tashabbus loyihalari”, “Yoshlar daftari” tizimi maqsadlari, “Og‘ir” toifadagi yoshlar bilan ishlash usullari, “Bandlik dasturi”, “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasidagi tajribalar bilan tanishdi, “Mutolaa” loyihasi orqali yoshlarni kitob mutolaasiga jalb qilish, “UzChess” hamda “Qizlar akademiyasi” loyihasining samaralari muhokama qilindi.

“Sardorlikdan yetakchilikkacha, yetakchilikdan rahbarlikkacha” shiori ostida yoshlar o‘rtasida liderlik sifatlarini rivojlantirishga qaratilgan trening ham foydali bo‘ldi. Seminarlarda yoshlar o‘zlarining fikrlarini bildirish, yangi loyihalarda ishtirok etish va jamiyatda o‘z o‘rinlarini topish bo‘yicha amaliy tavsiyalar oldi.

– Oromgohdagi muloqotlarimiz doirasida biz yoshlar yetakchilarining tajribasini sardorlarga o‘rgatishni, ular bilan yaqin hamkorlikda yoshlarning turli tashabbus va takliflarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilib qo‘ydik, – deydi Yoshlar ishlari agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Nodir Hojiyev.

Sayohat yoshlarga o‘z mahoratini, ijodiy yondashuvlari va liderlik qobiliyatini namoyon etish, yangi tajribalar orttirish imkonini berdi. Yakunda barcha ishtirokchilarga sertifikat va esdalik sovg‘alar topshirildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish