O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mahalladagi yoshlar yetakchilarini doimiy ravishda bilim va
ko‘nikmalarini rivojlantirish belgilangan edi.
Shu maqsadda kecha Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatidagi mahallalarda faoliyat olib borayotgan 200 nafardan ortiq yoshlar yetakchilari Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da jam bo‘lishdi.
Ular mazkur oromgohda tashkil etilgan o‘quv-seminarning 1-mavsumida ishtirok etmoqda.
Joriy yilning 13-19-may kunlari bo‘lib o‘tadigan seminar jarayonlari belgilangan kun tartibi dasturi bo‘yicha olib boriladi.
Xususan, oromgohning faollar zalida mahalla yoshlar yetakchilari va tegishli masʼullar ishtirokida "Yoshlarga yer ajratish", "Liderlik qobiliyatini shakllantirish", "Vaqtdan unumli foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish", "Huquqbuzarlikka moyilligi bor yoshlar bilan tizimli ishlash", "Yoshlar murojaatlari bilan ishlash", "Besh tashabbus loyihalari", "Yoshlar daftari tizimining maqsadi"
kabi mavzularda hamda "Ustoz Ai", "Ibrat farzandlari", "Mutolaa", "Uz Chess" loyihalari yuzasidan o‘quv seminarlari bo‘lib o‘tmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur o‘quv-seminarining 2-mavsumi doirasida 16-19 may kunlari Andijon, Namangan hamda Farg‘ona viloyatlaridagi mahallalardan keladigan 200 nafarga yaqin yoshlar yetakchilari ishtirok etadi.
Shuningdek, seminar yakunida sektor koordinatorlaridan tashkil topgan ushbu yoshlar yetakchilaridan zaxira kadrlarni shakllantirish ham reja qilingan.