Vazifam sabab mahallamizdagi har bir yoshning dard-u tashvishi bilan yashashga odatlandim. Yetakchi nafaqat yoshlarning muammolariga eʼtibor qaratishi, balki har bir xonadonda yuzaga kelayotgan masalalarga daxldorlik hissi bilan faoliyat olib borishi kerak. Yaqinda ana shunday oilaning muammosini bartaraf etdik. Oilaning ikki nafar aʼzosi “Temir daftar”da ro‘yxatda tursa-da, oila boshlig‘i nogiron bo‘lgani uchun zo‘rg‘a kun ko‘rishardi. Yashash xonadoni ham qulab tushish arafasida edi. Muammoni hal etish maqsadida mahalla raisi bilan maslahatlashib, sektor rahbariga taklif bilan chiqdim. Fuqaroning yashash xonadonini taʼmirlash uchun homiylarni to‘pladim, ustalarni ham hashar yo‘li bilan xolis yordam qilishga ko‘ndirdim. Natijada oila o‘zlari orzu qilgan- dek xonadonning egasi bo‘ldi. Bu mening ilk tashabbusim edi.
Hozir shu xonadon oldidan o‘tsam, ichimda qandaydir faxr uyg‘onadi. Bizga yuklatilgan yana bir vazifa, bu yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarish, buning uchun ularga imkoniyatlar yaratib berishdir. Bunda “Besh tashabbus olimpiadasi” juda katta ko‘makchi bo‘ldi. Mahallamiz yoshlari olimpiadaning har bir turida faol qatnashib, o‘z iqtidorini ko‘rsatdi. Ayniqsa, sportning “Stritbol” turi bo‘yicha katta tayyorgarlik ko‘rgan yoshlarimiz Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan respublika bosqichida ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu g‘alaba mahallamiz tarixidagi eng katta yutuq bo‘ldi.
Orzu qilganimdek, mahallamiz yoshlari respublikada eng kuchli jamoaga aylandi. Natijada vaʼda qilinganidek, mahallamizda yoshlar uchun yangi sport maydonchasini qurish ishlari boshlandi. Zakovatchi yoshlarimiz ham viloyatda tengsiz ekanini ko‘rsatdi. Bilimdonlarimiz Ishtixon tumanidagi “Yoshlar festivali” doirasida 62 ta mahalla o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual turnirida 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mahallamdagi imkoniyati cheklangan yoshlarni ham eʼtibordan chetta qoldirmayman. Shu kunlarda ularni viloyatimizdagi diqqatga sazovor joylarga sayohatga olib chiqish harakatidaman. Buning uchun ko‘ngilli homiylarni topdim. Qolaversa, kasb-hunarga o‘qitib, ishga joylashtirish masalasida ham tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazishni rejalashtirganman.
Yaqinda tumanimizdagi 62 ta mahalladagi yoshlar yetakchilari faoliyati yakunlari bo‘yicha “Eng faol yoshlar yetakchisi” nominatsiyasiga munosib topildim va viloyat hokimi tomonidan sertifikat va qimmatbaho sovg‘a bilan taqdirlandim. Yoshlar ishlari agentligi Ishtixon tumani bo‘limi ham Yoshlar ishlari agentligi Samarqand viloyati boshqarmasi tavsiyasiga ko‘ra meni respublika miqyosida yoshlar yetakchilarining top-100 talik ro‘yxatiga kiritdi.