Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yetakchilikdan – olimalikka

6.6.2024 1475

Elbek SHOYIMQULOV suhbatlashdi

U bilan yuzma-yuz gurunglashgani Chirchiq davlat pedagogika universitetiga bordik. Unga mudarrislik bobosidan, kitobsevarlik onasidan yuqqanini, soʻzlarida Chustning pichogʻiday keskirlik borligini, maqsadlari vodiyning dovonlariga, samimiyligi Chirchiqning tiniq anhoriga oʻxshashini oʻzimizdan toʻqib yozmadik.

Xalqimizda “Rang koʻr, hol soʻr”, degan naql bekorga aytilmaganiga yana bir bor amin boʻldik.

Yoshlar yetakchiligidan olimalik darajasida yetgan suhbatdoshimiz pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Maftuna Qurbonovadan tinglaganlarimizni oqqa koʻchirdik.

– Yoshlar yetakchi sifatida faoliyat olib borgan davringiz haqida qisqacha toʻxtalib oʻtsangiz. Yoshlar bilan ishlashda koʻproq nimalarga eʼtibor berish kerak? 

– Faoliyatimni 2017-yilda Chirchiq davlat pedagogika universitetda Maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimida bosh mutaxassis sifatida boshlaganman. Keyinchalik yoshlar yetakchisi sifatida ishladim. Universitet talabalari bilan ishlash menga erkin va tanqidiy fikrlashni oʻrgatdi. Talabalardagi shijoat, koʻproq bilishga intilish oʻz ustimda ishlashga undagan. Yoshlar bilan ishlashning oʻziga yarasha gashti, sururi, goh munozarali, goh mulohazali tomonlari bor. Ammo ularni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash, iqtidori va salohiyatini toʻlaqonli yuzaga chiqarishga koʻmaklashishni o‘zimga shior deb bilaman.

– Bolalikdagi muhit, oilaviy sharoit insonning kasb tanlashida qay darajada muhim?

– Bolaligim Namangan viloyatining Chust tumanida o‘tgan. Oʻqituvchi boʻlishimda menga ota-onam va ustozlarimning maslahati dalda boʻlgan. Oilamiz shajarasida ziyolilar koʻpchilikni tashkil qiladi. Bobom qishlogʻimizdagi eski omborxona oʻrniga ilk maktab qurdirganini mahallamiz odamlari koʻp eslaydi. Bugungi kunda u joylar obod goʻshaga aylangan. Ushbu maktabda hozir ham oʻquvchilar taʼlim oladi.

– Ilmiy ishingiz haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz. Ixtisoslashtirilgan maktablarda zamonaviy taʼlimiy yondashuvlarni pedagogik qadriyatlar asosida rivojlantirishning muhimligi nimada?

– Joriy yil 14-may sanasida doktorlik dissertatsiyamni muvaffaqiyatli himoya qildim. Bunda menga yaqin koʻmakchi, ilmiy ish qilishimga turtki boʻlgan, oʻz maslahatini ayamagan ustozim pedagogika fanlari doktori, professor Shahlo Botirovaga alohida rahmat aytaman!

Pedagogik qadriyat natijasida oʻquvchida masʼuliyat, daxldorlik hissi, burch va vatanparvarlik kabi insoniy fazilatlar tarbiyalanadi. Ixtisoslashtirilgan maktablar milliy taʼlim tizimida yangi avlod maktablari ekanligi uchun ham shu mavzuni tanlaganman.

Shuningdek, yoshlar orasida yoʻqolib borayotgan qadriyatlarimizga eʼtibor qaratish, dangasalik, loqaydlik, boqimandalik kabi salbiy odatlarni bartaraf etish biz, oʻqituvchilar oldida turgan dolzarb masalalardan biri sanaladi.

– Kelgusi rejalar va yoshlarga aytar gapingiz?

– Maqsadga eltuvchi yoʻlning mustahkamligi, siz olayotgan ilmga bogʻliq. Ilm yoʻlingizni yorituvchi yulduz boʻladi. Doim oʻrganishdan toʻxtamang. Har bir oʻrganilgan bilim yangi imkoniyatlarga qanot bo‘ladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish