Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yetakchilikdan mutaxassislikka!

13.2.2025 1040

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Mahallada yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilganiga uch yildan oshdi. Shu vaqt davomida faoliyatida yaxshi natijalar ko‘rsatgan yetakchilar orasidan rahbarlik lavozimlariga va yuqori tashkilotlarga ishga tayinlanganlar soni ortdi.

Misol uchun, “Top 100” yetakchilar safiga kiritilgan Qarshi shahridagi Bog‘ishamol mahallasi yoshlar yetakchisi Bekmurod Rasulov Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi Qarshi shahri “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining Ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish bo‘yicha mutaxassisi lavozimiga tayinlandi. Bu yosh liderlar faoliyatiga yana bir munosib bahodir.

Bekmurod mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar bilan ishlash, iqtidorli va intellektual faol yoshlarni kashf etishda jonbozlik ko‘rsatdi. “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining viloyat bosqichida 1-o‘rin sohibi bo‘ldi. Turk va ingiliz tilidan sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.

Bugun yosh liderning mahalladagi faoliyati samaralariga nazar solamiz.

Bog‘ishamol mahallasi balansi:

Aholi: 1520 nafar;

Xonadonlar: 347 ta;

Yoshlar: 430 nafar;

Ayol-qizlar: 235 nafar.

 

“Yashil” toifa: 354 nafar;

“Sariq” toifa: 67 nafar;

“Qizil” toifa: 9 nafar.

 

Mahalla drayveri: tikuvchilik.

“Yoshlar daftari”ga kiritilgan edim...

– Ishchi oilasida tug‘ilganman, – deydi Bekmurod Rasulov. – Kasb-hunar kollejida o‘qib yurgan kezlarim “Yoshlar daftari”ga kiritilib, kichik biznesimni yo‘lga qo‘ygandim. U paytda mahalladagi yoshlar yetakchisi lavozimi yo‘q edi. 2022-yili bu lavozim tashkil etilishi menga o‘zimni shu sohada kashf etishim uchun katta maydon berdi.

Ilk kunlardan yoshlar hayotiga qanday o‘zgartirish kirita olishim haqida o‘yladim. Yoshlar faolligini oshirish, to‘g‘ri yo‘naltirish va ijtimoiy mas’uliyatli insonlar sifatida shakllanishiga yordam berishni asosiy maqsad qilib oldim. Birinchi navbatda, yoshlar bilan bevosita aloqa o‘rnatish va ularning muammolarini tushunish kerakligini angladim. Ularni eshitib, qo‘llab-quvvatlab, ijobiy o‘zgarishga erishish mumkin edi.

176 million so‘mlik yordam

Bugungi kunda yoshlarning muammo va murojaatlari o‘z vaqtida va o‘z hududida hal etilmoqda. Bu yoshlarning millat kelajagiga, davlatimizga va yoshlar siyosatiga ishonchini yanada mustahkamlashga yordam bermoqda.

O‘tgan yillarda mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Iqtidorlilarni aniqlash va ularni rag‘batlantirish orqali ko‘plab yoshlarning iste’dodi kashf etildi. “Yoshlar daftari”ga ro‘yxatga olinganlarni qiynab kelgan muammolarni hal qilishda aniq va samarali choralar ko‘rildi.

Jumladan, 2024-yilda 20 nafar yosh “Yoshlar daftari”ga kiritilib, ularga 44,6 million so‘mlik ko‘mak berilgan. Ularning:

– 2 nafariga safarbarlik chaqiruv rezervi to‘lovlari qoplandi;

– 1 nafariga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun kredit ajratildi;

– 2 nafari xususiy tashkilotlarga ishga joylashdi;

– 4 nafarining kontrakt puli to‘landi;

– 5 nafariga haydovchilik va o‘quv kurslari xarajatlari qoplab berildi.

Yoki bo‘lmasa, “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan 2022-yilda 22 nafar yoshga 82 million so‘m, 2023-yilda 17 nafar yoshga 49,5 million so‘mlik yordamlar ko‘rsatilgan. “Ayollar daftari”ga kiritilgan moddiy ahvoli og‘ir 6 nafar yoshga bir martalik moddiy yordam, 5 nafar ishsiz yoshga zarur asbob-uskuna va kompyuter subsidiya asosida taqdim etilgan.

Yetakchidan tashabbus

Ko‘cha sardorlari tashabbusi bilan har shanba va yakshanba kunlari mahalladagi ko‘chalar o‘rtasida futbol, har yakshanba kuni shaxmat bo‘yicha “Rokirovka” musobaqalarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. 2024-yili mahalla vakillari “Besh tashabbus olimpiadasi”da sportning armrestling, yengil atletika turlari bo‘yicha shahar bosqichida, shaxmat bo‘yicha viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Mahalla hududidagi 47-maktabda “Yoshlar kutubxonasi” tashkil etilgan. Bu yerda “Zakovat” intellektual o‘yini ham muntazam o‘tkazib borilmoqda.

Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan sport, musiqa, hunarmandchilik bo‘yicha bepul to‘garaklar tashkil etildi. Qarshi shahar 2-son politexnikumida “Besh tashabbus olimpiadasi” ishtirokchisi Muxlisa Xalilova tomonidan yoshlarga shaxmat saboqlari berilmoqda.

Javohir Quvonov boks bilan muntazam shug‘ullanib, viloyat va respublika musobaqalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. U mahallada boks to‘garagini ochish taklifini bildirgan edi. Bekmurod Rasulov mahalla hududidan bo‘sh bino topib, to‘garak tashkil etishga ko‘maklashdi. Sportga qiziqishi bo‘lgan, kam taʼminlangan oila farzandlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar mashg‘ulotlarda bepul qatnashmoqda.

Yoshlarda g‘oya ko‘p, ammo...

– Yoshlarda qiziqarli va samarali g‘oyalar ko‘p, ularni amalga oshirish uchun imkoniyat va ko‘mak topish qiyin, – deydi Bekmurod Rasulov. – Shu sababli, faoliyatimni yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochish, ularni ijtimoiy, madaniy va professional jihatdan rivojlantirishga qaratganman.

Xayrullo Qurbonov jazoni ijro etish muassasasidan qaytgach, ishlash istagi borligi, lekin qo‘lida hunari yo‘qligini aytadi. U polietilen mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonaga oddiy ishchi sifatida ishga joylashtirildi.

Tikuvchilikni biladigan, lekin ishsiz yurgan Zarnigor Ahadovaga tikuvchilik faoliyatini boshlashi uchun 33 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Hozir oyiga 4-5 million so‘m atrofida daromad topmoqda. 1 ta ish o‘rni yaratdi. 5 nafar shogirdi bor.

Tadbirkor yoshlardan biri Azamat G‘ulomovga faoliyatini kengaytirishi uchun 33 million so‘m imtiyozli kredit olib berildi. Buning natijasida u asalarichilik faoliyatini rivojlantirib, 2 nafar yoshni ishga oldi.

Kitobxonlik targ‘iboti

“Mutolaa” loyihasidan foydalanayotgan bog‘ishamolliklar 300 ga yaqin. Loyiha targ‘ibotini kuchaytirish maqsadida Qarshi shahar yoshlar ishlari bo‘limi va yoshlar yetakchilari tashabbusi bilan ta’lim muassasalarida “Mutolaa bilimdoni” tanlovini tashkil etilmoqda. Bog‘ishamolda esa, kitobxonlik to‘garagi yo‘lga qo‘yilgan. To‘garakda har hafta “Mutolaa” loyihasidan bir kitob tanlab olinib, yoshlar bilan birgalikda tezkor savol-javoblar o‘tkaziladi. G‘oliblarga “Mutolaa premium” xizmati sovg‘a qilinadi.

“Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida til o‘rganayotgan bog‘ishamolliklar 400 dan ziyod. Ular 25 dan ortiq tilni uydan chiqmagan holda o‘rganmoqda. “Ibrat farzadlari” loyihasi sardori Farzona Bahromova o‘z xonadonida bepul ingiliz tili kursi tashkil etib, yoshlarga ta’lim bermoqda.

Bir nuroniy 10 yoshga mas’ul

Bog‘ishamolda “Bir nuroniy 10 yoshga mas’ul” tamoyili asosida yoshlar mahalla nuroniylariga biriktirilgan. Profilaktika inspektori va “Qalqon” jamoasi bilan birgalikda jamoat joylari, maktab, savdo maskanlarida tungi nazorat yo‘lga qo‘yilib, profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda. Mahalla ahlining hamjihatliligi sabab Bog‘ishamol jinoyatchilikdan xoli hudud deb topildi. 2022-yildan buyon mahallada jinoyatchilik va huquqbuzarlik sodir etilgani yo‘q.

– Mahallada 33-sonli alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab joylashgan, – deydi Bekmurod. – Bu muassasa bilan doimiy aloqa o‘rnatib, o‘quvchilarning orzu-umidlarini amalga oshirishga intildim. Maktabda o‘quvchilar uchun hunarmandchilik to‘garaklari tashkil etilgan. Ular yaratgan qo‘l mehnati mahsulotlari bilan meni hayratga soladi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida turli tadbirlar, jumladan xayriya konsertlari tashkil etamiz. Tadbirlarda o‘quvchilar tomonidan yaratilgan qo‘l mehnati buyumlari sotuvga qo‘yilib, tushgan mablag‘ga hunarmandchilik jihozlari va mehnat qurollari xarid qilinadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish