Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yilt etgan “Yildirim”

15.11.2023 400

Elmurod Nishonov

Chaqmoq, yashin ma’nosini anglatuvchi “yildirim” (“yeldirim” shakli ham bor) so‘zi bugun nisbatan kam qo‘llanadi. Uni asosan badiiy asarlarda, she’rlarda uchratamiz.

Yo‘llarda yeldirim misoli yeldim,

yellar vodiysiga boshladi havas.

 (Abdulla Orif, “Yurtim shamoli”)

Meni bu so‘zning kelib chiqishi qiziqtirib qo‘ydi.

Ma’nodoshlari bo‘lmish chaqmoq va yashin so‘zlarining yasalishi tushunarli. “Chaqmoq” – “chaqin”, “chaqnamoq”, “uchqun” so‘zlari bilan “tug‘ishgan og‘a-ini” bo‘lsa, yashinning bobosi – “yaraqlamoq”dir.

Bobolarimiz bu ajoyib tabiat hodisasini nomlashda oddiy va shu bilan birga sinalgan, puxta usulni qo‘llaganlar. “Yarq” etib, olamni bir zum yashnatib yuborgan hodisani “yashin” deb atashgan.

Osmon chaqnadi deb hisoblagan boshqa bir ajdodimiz esa unga “chaqmoq” deb ism qo‘ygan.

Narsa-hodisalarga nom berishda shunday mantiqqa tayanilgan bo‘lsa, demak, “yildirim” ham “chaqnamoq”, “yashnamoq” va “yaraqlamoq”dan juda ham uzoqqa ketib qolmagan bo‘ladi.

Abdulla Orif uning “yeldirim” shaklini qo‘llaganiga qarab, dastlab, u yel – shamol so‘ziga aloqadormikan, deb ham o‘ylaganman. Lekin bu taxminim mantiqsizroq edi, axir, shamol qayerda-yu, chaqmoq qayoqda!

Javobni Mahmud Koshg‘ariy lug‘atidan topdim. Solih Mutallibov tarjimasi asosida Qosimjon Sodiqov nashrga tayyorlagan “Turkiy so‘zlar devoni”da “yïldïradï” fe’li berilib, u “yaltiradi, yalt etdi”, deya izohlangan edi.

O‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ldiki, “yildirim”ning asosi aynan o‘sha fe’l ekan. Ya’ni u yilt etgan, yaltiragan narsa, hodisa degan ma’noni bildiradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish