15-16-sentabr kunlari butun dunyo nigohi O‘zbekistonga qaratildi. Negaki sivilizatsiyalararo muloqot va madaniy gumanitar hamkorlikni mustahkamlash uchun istiqbolli platforma hisoblangan Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitiga O‘zbekiston mezbonlik qilmoqda.
Avval xabar qilinganidek, ShHTda ishtirok etayotgan barcha mamlakatlar rahbarlari O‘zbekistonga keldi. Sammitda 8 ta a’zo mamlakat – O‘zbekiston, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, 3 ta kuzatuvchi maqomidagi mamlakat – Belarus, Eron, Mo‘g‘uliston va mehmon sifatida taklif etilgan mamlakat – Turkiya, Ozarbayjon, Turkmaniston davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi.
SAMMIT OLDIDAN
Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti oldidan bo‘lib o‘tgan davlat va hukumatlar rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralari yakunlangandan so‘ng mamlakat rahbarlari “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazida daraxt ekdi. Sharq xalqlari qadriyatiga ko‘ra, daraxt ekish – xayrli ish. Mamlakatlarimiz yetakchilari birgalikda ekkan daraxtlar ham ShHT mamlakatlarining do‘stligi, yaxshi qo‘shnichiligi, taraqqiyot va ravnaq sari mushtarak intilishlari ramzidir.
Davlat rahbarlari birgalikda “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasiga bordi. Majmuada qadimiy shaharlarimiz qiyofasi, milliy an’analarimiz va do‘st xalqlar bilan aloqalar tarixi ham aks ettirilgan. Xususan, Afrosiyob yodgorligi devorlarida saqlanib qolgan Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilgan.
Bunday ma’no-mazmun, tarix va bugungi kun uyg‘unligi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Shu yerda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar yetakchilarining tashrifi sharafiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan qabul marosimi o‘tkazildi. Davlat rahbarlari o‘rtasida samimiy muloqot bo‘ldi. Ular Samarqand sammiti yuksak saviyada o‘tayotgani, bugun ikki tomonlama uchrashuvlarda muhim kelishuvlarga erishilganini qayd etdilar. Sahnadagi kuy-qo‘shiqlarda o‘zaro hurmat va do‘stlik, tinchlik, mehr-muhabbat kabi umumbashariy qadriyatlar tarannum etildi.
ASOSIY TADBIRLAR
Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining asosiy tadbirlari 16-sentabr kuni Samarqanddagi Kongress markazida bo‘lib o‘tdi. Dastlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ShHT davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi uchrashuvi ishtirokchilarini kutib oldi va ular birgalikda suratga tushdi. So‘ng ShHT davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Majlis kun tartibiga muvofiq, davlat rahbarlari ShHT doirasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar, mintaqada yuzaga kelayotgan siyosiy va iqtisodiy vaziyatni hisobga olgan holda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekistonning 2021-2022-yillarda ShHTga raisligi natijalari yuzasidan axborot berdi. Qayd etilganidek, bu davrda 80 dan ortiq yirik tadbir o‘tkazildi. Pandemiyaning murakkab oqibatlari va yangi xavf-xatarlarga qaramay, O‘zbekistonning ShHTga raisligi rejasi to‘liq bajarildi.
Samarqand sammitida imzolash uchun salmoqli hujjatlar to‘plami – 40 dan ziyod bitim va qarorlar taqdim etildi. Ularda ShHT davlatlarining o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, savdo kabi eng muhim va istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga doir umumiy yondashuvlari aks etgan.
Prezidentimiz ShHT tarixan qisqa davrda mintaqaviy va global jarayonlarning ta’sirchan ishtirokchisiga aylanganini ta’kidladi. Xavfsizlik va iqtisodiy o‘sishning muhim omili sifatida tashkilotning barqarorlashtiruvchi roli kuchayib bormoqda.
Davlatimiz rahbari ShHTning bloklarga qo‘shilmaslik maqomini, ochiqlik va keng hamkorlikka qaratilgan ruhini saqlash, murosa, teng huquqlilik va o‘zaro hurmat prinsiplariga amal qilish zarurligini alohida ta’kidladi. Shularni hisobga olib hamda ShHT doirasidagi ko‘p qirrali sheriklikning samarali tajribasiga tayanib, davlatimiz rahbari yaqin yillarda hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridagi ustuvor vazifalarni hal etishga doir aniq taklif va amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.
Xususan, ShHT faoliyatini bugungi voqelikka moslashtirish, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohalarida hamkorlik qilish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash, ekologiya masalalari, madaniy-gumanitar aloqalarga to‘xtalib o‘tildi.
Xavfsizlik muammolari va Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solishga alohida e’tibor qaratildi. So‘zining yakunida Prezidentimiz ShHT kelajagi va mamlakatlarimiz rivoji ko‘p jihatdan bahamjihat va samarali ishlashga bog‘liq ekanini ta’kidladi. “Biz birgalikda mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash maqsadida mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida tashkilotni yangi marralarga olib chiqishga qodirmiz”, – deya ishonch bildirdi Shavkat Mirziyoyev.
A’zo davlatlar yetakchilari o‘z chiqishlarida ShHT doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalariga, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik muammolariga to‘xtalib o‘tdilar. Samarqand sammiti alohida tarixiy ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
ShHT Davlat rahbarlari kengashi majlisi kuzatuvchi mamlakatlar, faxriy mehmonlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.
Sammit bunday keng formatda – 14 ta mamlakat yetakchilari ishtirokida birinchi marta o‘tmoqda. Majlis doirasida Eron Islom Respublikasining tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Misr Arab Respublikasi va Qatar davlatiga muloqot bo‘yicha sheriklar maqomi berildi. Belarus Respublikasiga ShHTning to‘laqonli a’zosi, Bahrayn Podshohligi, Kuvayt, Maldiv Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari va Myanma Ittifoqi Respublikasiga muloqot bo‘yicha sheriklar maqomini berish jarayonlari boshlanadi. Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo Davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan tartibdagi majlisi yakuniga yetdi. Ishtirokchilar Samarqand deklaratsiyasini qabul qilishdi. Tashkilotning navbatdagi sammiti ilk bor Hindistonda o‘tkaziladi. Umuman olganda, ushbu sammit umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos namuna bo‘la oldi.