Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YIRTILGAN PUL YAROQSIZMI?

11.1.2023 761

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Do‘kondan 15 ming so‘m qaytim oldim, besh ming so‘mlik banknotning bir chekkasi yirtilgan ekan. Avtobusda o‘sha pulni konduktorga uzatsam:

– Pulingiz yirtiq ekan, boshqasiga alishtirib bering, – dedi. Ilojsiz boshqa pul berdim, ammo talaygina savollar tug‘ildi.

Naqd pul qachon yaroqsiz hisoblanadi o‘zi? Pullarni banklarda almashtirib olish mumkinmi? Gʻijimlangan, yirtilgan qog‘oz pullarni savdo shoxobchalarida qabul qilish kerakmi?

Markaziy bankning Naqd pul muomalasi departamenti direktori Fazliddin Bozorovning aytishicha, xo‘jalik yurituvchi subyektlar qanday holatdagi banknotlarni moneliksiz to‘lovga qabul qilishlari lozimligi va tushum puli sifatida banklarga topshirishlari mumkinligi belgilangan. Masalan, har qanday qismida teshik yoki yirtilishlar, siyqalanishlar, (jumladan g‘ijimlangan) dog‘lar, qalam, siyoh va flomaster bilan yozilgan yozuvlari mavjud bo‘lgan pullar yaroqli hisoblanadi. Yelimlangan banknot qismlari bitta banknotga tegishli bo‘lsa, ya’ni seriya, raqamlari bir xil bo‘lganda to‘lovga qabul qilinishi lozim. Ayrim hollarda, bir xil nominaldagi, biroq 2 ta banknotning qismlari bir-biriga yelimlanganini uchratamiz. Ya’ni banknot qismlaridagi seriya, raqamlar turlicha bo‘ladi. Bu banknotlarning har ikki qismi alohida olinganda, banknot umumiy yuzasining 55 foizidan kam bo‘lsa, to‘lovga yaroqsiz deb topiladi. Aksincha bo‘lsa, qabul qilinadi. Shuningdek, bo‘yoq moddalari va kislota to‘kilgan, tabiiy rangi o‘zgargan, kuygan, bo‘yalgan yoki chizilgan pullar ham yaroqli hisoblanadi.

Eskirgan, yirtilgan pullarni banklarda almashtirish mumkinmi?

– Agar banknot yuqorida aytib o‘tilgan “to‘lovga yaroqsiz” pul toifasiga mansub bo‘lmasa, ularni banklarda hech qanday muammosiz almashtirib olish mumkin, – deydi Fazliddin Bozorov. – Bunda banklar kassalari orqali shikastlangan, eskirgan banknotlar qabul qilinib, ularning umumiy summasiga teng bo‘lgan miqdorda yaroqli banknotlar bilan almashtirib beriladi. “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi qonunda ham banklar shikastlangan pul belgilarini Markaziy bank tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq cheklovlarsiz almashtirib berishi qayd etilgan. “Eskirgan” pullar banklarda qabul qilingach, ular qayta muomalaga chiqarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Eslatib o‘tamiz, “to‘lovga yaroqsiz” pullar banklarda almashtirib berilmaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish