Davlatimiz rahbarining yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlari asosida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha manzilli, aniq mezonlar asosida “mahalladan vazirlikkacha” tizimi joriy qilindi.
Birinchi bosqichda “ahvoli og‘ir” toifasiga kiritilgan, davlatning g‘amxo‘rligi va e’tiboriga muhtoj 396 ming nafar yoshlar vazirlar va vazir o‘rinbosarlari, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, rektorlar, Milliy gvardiya va harbiy qism komandirlariga nomma-nom biriktirildi. Ayni paytda ular o‘z himoyasidagi o‘g‘il-qizlarning kasb-hunar o‘rganishiga, kredit, subsidiya va kafillik olish orqali bandligiga ko‘maklashmoqda.
Xoʻsh natija qanday?
Yunusobod tumandagi “Shayx Shivli” mahallasida boʻldik.
Mahallada “ahvoli ogʻir” toifadagi yoshlar bilan manzilli ishlash maqsadida tuzilgan “Yoʻl xaritasi”ga koʻra, 6 nafar yosh roʻyxatga olingan. Ularning 3 nafari profilaktik hisobda bo‘lgani, 3 nafari nogironligi bois ikki nafar rahbarga biriktirilgan.
Vaziyatni o‘rganish uchun bu yoshlarning xonadonida bo‘ldik. Ayrimlari bilan telefon orqali bogʻlandik.
Muhammadali Hasanov:
– Uch oy oldin tuman soliq inspeksiyasi boshligʻi – 4-sektor rahbari Iskandarjon Kadirov xonadonimizga kelib, “qizil” toifaga roʻyxatga olinganimni, qanday yordam kerak boʻlsa u kishiga murojaat qilishim mumkinligini aytgandi. Oʻshanda uyimiz yonidagi bir tadbirkorga tegishli do‘konni ijaraga olib, kiyim-kechak sotish niyatim borligini, faqat ijara puli qimmatlik qilayotganini aytgandim. Yordam beraman, deb ketganicha qaytib kelmadi...
Abdulbosit Sharafiddinov:
– Uch oy oldin uyimizga kelgan Iskandarjon Kadirov mendan qanday ehtiyojing bor, deb soʻradi. Men u kishidan moddiy yordam berishlarini so‘radim. Ammo “senga moddiy yordam ajratilmaydi, sababi, sen rasman ishlaysan” dedi. Unday bo‘lsa ukamning kontrakt pulini toʻlashga yordam bering deb, iltimos qildim. Bu masalada mahallamiz yoshlar yetakchisi Sherzod Umarovga murojaat qilishimiz kerakligini tushuntirdi...
Mirodil Mirkarimov:
– Sektor rahbari uyimizga kelib, qanday ehtiyojing borligini so‘raganda men mebel sexida ishlashimni va hech qanday yordam kerakmasligini aytdim. Aslida ham menga hech qanday yordam kerak emas.
“Shayx Shivli” mahallasida “qizil” toifaga kiritilgan yana bir yosh – ikkinchi guruh nogironi – Sanjar Mahkamov gapira olmagani bois uning onasi bilan bogʻlandik. Onasi Goʻzal Mahkamova shu paytga qadar oʻgʻlini yolgʻiz katta qilgani, hech kimdan yordam soʻramaganini, agar moddiy yordam ajratilsa, yaxshi boʻlishini aytdi.
Nikolay Petrekeev ikkinchi guruh nogironi. U tuman qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi Shuhrat Sharipovga biriktirilgan. Otasining soʻziga koʻra, bundan uch hafta oldin Shuhrat Sharipov ular bilan suhbatlashgan. “U kishi oʻgʻlim uchun nima zarur boʻlayotganini soʻradi. Biz Nikolayning istagi televizor ekanini, deraza romlarini ham almashtirishga koʻmaklashishni soʻradik”, deydi Nikolayning otasi.
O‘rganishlarimiz koʻrsatmoqdaki hali birorta yoshga amaliy yordam berilmagan. Va’da qilingan yordamlar qachon yetib keladi, degan savol ochiq qolmoqda. Bu borada masʼul rahbarlarning fikrini bilish maqsadida ular ishlayotgan idoraga yoʻlga oldik. Birinchi manzilimiz tumandagi 4-sektor idorasi boʻldi.
Iskandarjon KADIROV, Yunusobod tumani soliq inspeksiyasi boshligʻi, 4-sektor rahbari:
– 4-sektorga 16 ta mahalla biriktirilgan boʻlib, ularda 207 nafar yosh “qizil” toifaga olingan. Ularning 34 nafari menga biriktirilgan. Shu kunga qadar 12 nafariga ehtiyojidan kelib chiqib, yordam berdik. 2 nafar yoshga tikuv mashinasi, 6 nafariga moddiy yordam, 2 nafar yosh probatsiya roʻyxatidan chiqishi uchun, 1 nafar yoshga qoʻltiq tayoq, yana bir nafarining xususiy oʻquv markazida oʻqish xarajatlarini qoplab berish uchun yordam ajratdik. Ularning har biriga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatib chiqdik. Yana 7 nafari chet elga chiqib ketgan, 7 nafari esa “hech qanday yordam kerak emasligini bildirgan.
“Shayx Shivli” mahallasidagi 5 nafar yosh menga biriktirilgan. Ular bilan tanishib, ehtiyojlarini soʻraganman. A.Sharofiddinov moddiy yordam soʻragan edi. U tuman obodonlashtirish boʻlimida rasman ishlayotgani, doimiy ish oʻrniga ega boʻlgani uchun yordam ajratilmasligini, ukasining kontrakt pulini toʻlash masalada mahalladagi yoshlar yetakchisi koʻmaklashishini tushuntirdim. M.Mirkarimov hech qanday yordam kerakmasligini aytgan. M.Hasanov do‘konni ijaraga olish istagi borligini aytmagan edi. Buni hozir eshitdim. Agar shunday yordam kerak boʻlsa, yordam beramiz. Yoshlardan faqat Sanjar Mahkamovga bir martalik yordam berishni belgilab olganmiz. U hozir tadbirkorga koʻmaklashib, daromad olmoqda. Yaʼni daromad manbayi bor. Shunday boʻlsa-da, ehtiyojidan kelib chiqib, unga moddiy yordam ajratib bermoqchimiz.
Sektor rahbarining fikridan koʻrinadiki, mahalladagi 5 nafar “ahvoli ogʻir” toifaga olingan yoshlarning faqat bittasi haqiqatdan yordam olishga muhtoj. Qolganlari turli sabablarga koʻra yordam ololmaydi.
Shuhrat SHARIPOV, Yunusobod tumani qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi boshligʻi:
– Yaqinda Nikolay bilan gaplashgan edim, lekin u mendan yotish uchun karavot va moddiy yordam soʻragandi. Deraza romini ta’mirlab berishni ham, televizorni ham aytmagan. Agar shunga ehtiyoji boʻlsa, albatta, qanoatlantiramiz. Bugunning oʻzida moddiy yordam ham beraman.
Sherzod Sharipov bilan suhbatimizdan ikki soat oʻtib, Nikolayning dadasi Aleksandr Petrekov qoʻngʻiroq qildi. Uyiga Shuhrat Sharipov kelganini va ikki million so‘m moddiy yordam berib ketganini aytdi. Aslida yordam har bir muhtoj yosh uchun oʻz vaqtida berilishi zarur. Shundagina mahalla yoshlarida ishonch va umid uyg‘onadi.
Tumandagi Uvaysiy” mahallasida bunga guvoh bo‘ldik.
Gap shundaki, “Uvaysiy” mahallasida 25 nafar yosh “ahvoli ogʻir” toifaga roʻyxatga olingan. Ular manzilli ishlash, hayotda oʻz oʻrnini topishiga ko‘maklashish uchun 11 nafar mutasaddi rahbarga biriktirilgan.
Shahnoza SHERMATOVA, Yunusobod tumanidagi “Uvaysiy” mahallasi yoshlar yetakchisi:
– “Yoʻl xaritasi”da 6 ta yoʻnalish boʻyicha yoshlar qamrab olindi. Jumladan, probatsiya hisobidagi, profilaktik hisobdagi, migratsiyadan qaytgan, ajrim yoqasidagi yosh oila va ota-ona qarovidan mahrum yoshlarni oʻz ichiga oldi. Aprel oyida 2 nafar nogiron yoshga bir martalik moddiy yordam, noutbuk va tikuv mashinasi hamda overlok ajratdi. Migratsiyadan qaytgan 1 nafar yoshga “Ayollar sartaroshligi” pullik oʻquv kursida bepul hunar oʻrganishiga ko‘maklashildi. 1 nafar nogiron yoshga zarur dori-darmonlar berildi. Yana 1 yoshga planshet sovgʻa qilinib, tor doiradagi shifokorlar koʻrigidan oilaviy bepul oʻtkazildi.
2 nafar probatsiyadagi yosh IT sohasida bepul oʻqitilib, oʻzini oʻzi band qilishi uchun noutbuk, yana bir nafar probatsiyadagi yoshga tikuv mashinasi sovgʻa qilindi. Kuni kecha yana 2 nafar nogiron yosh Samarqand shahriga bepul sayohat qilib keldi. Yana 5 nafar turli rahbarlar kuratorlarga biriktirilgan yoshlarga ehtiyojiga koʻra, moddiy yordam va oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. 4 nafar yosh esa har qanday yordamni rad etgan. 3 oy mobaynida 25 nafar yoshdan 20 nafari toʻliq yordam oldi, qolgan yoshlarimiz ehtiyojlari yuqoriligi sababli (uy-joy, yuqori daromadli ish, probatsiya muddatini kamaytirish va hokazo) masala o‘rganish jarayonida.
Bir tumandagi ikki mahallada ikki xil manzara. Sizningcha bu vaziyatda kim aybdor?