Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“YOʻLDAGI OʻYLAR”DAN OʻYLANIB...

4.5.2023 958

Gulsanam NOROVA

Farzandlarimning sogʻinchi tufayli tinimsiz telefonlar ortidan ikki kun keyinga olingan chiptani kutmay, Xorazmdan uyga qaytishga shoshildim. Mehribonlarim bir zumda mashina ham topib berishdi. Taksi yoʻl-yoʻlakay buxorolik yosh kelin-kuyovni ham manziliga qoldirib oʻtishini aytdi. Ularni olish uchun bir hovlida toʻxtadik. Men uchun bu yaxshi edi. Harna uzoq yoʻlda qaytish uchun hamrohlar boʻlsa zerikmay qaytasiz. Buxorolik hamrohlarimning chiqishini uzoq kutdik. Bu vaqt davomida xayollar ogʻushida farzandlarim, oilamning mehrli taftiga naqadar oshiqayotganimni his etdim.
Darvoza ochildiyu uch yoshli qizaloqning dod solib yigʻlayotgani barcha xayollarimni toʻzgʻitib yubordi, goʻyo. Biz bilan qaytmoqchi boʻlgan kelinni kuchib yigʻlayotgan bu goʻdakni koʻrib, bir nimani anglash qiyin. Faqat kuchli dard va ogʻriq borligini tushundim, xolos. Kuyov zudlik bilan mashinaga joylashdi. “Nima boʻldi?” “Tinchlikmi?” “Neka yigʻlayapti, qizaloq?” – degan savolimga: “Koʻnikishi kerak. Koʻnmayapti!..” – degan javobni oldim.
Haydovchi ham tushunmay oʻn daqiqa ularning xayrlashishni kutdi. Tinimsiz koʻzyoshlarni koʻrib yuragim ezildi. Yoshi katta ayol qizaloqni kelindan yulib olgach mashina yurdi...
Toki mashinaga yoqilgʻi quyish uchun toʻxtamagunimizcha qizaloqning dod-faryodi qulogʻim ostida jaranglayverdi. Yonimda piq-piq yigʻlab ketayotgan kelinchakning ahvoliga hayron boqar ekanman, javobsiz savollar tinchlik bermay borardi. Va nihoyat toʻxtadik. Mashinaning shahobchadan chiqishini kutib turar ekanmiz, hamrohimga beixtiyor savol bilan yuzlandim.
– Nega u qizaloq rosa yigʻladi? Opaga ham shuncha mehr qoʻyarkan-da?!..
Bechora ayol meni quchib yigʻlab yubordi: – Opa, u mening qizim! Olti oy boʻldi otamning qistovi, qoʻshnilarning gapi bilan ikkinchi turmushga uzatishdi. Shu vaqt mobaynida bolamsiz kunim kun emas, yuragim ham oʻzim ham toʻkildim. Meni Buxoroga uzatishdi. Qizim onamda. Xorazmda qoldi. Bir yoshga yetmasdan qaynonam tufayli ajrashdim, ota-onam uyiga kelgach qizim bilan bir-birimizga suyanib yashadik. Ona uchun farzand, farzand uchun ona mehri juda muhim. Mening mehrim, muhabbatim hozir unga juda ham kerak!...
– Nega ajraldingiz? Qars ikki qoʻldan chiqadi. Qaysi qaynona oʻgʻlining baxtsiz boʻlishini xohlaydi? – deya qattiqroq gapirib yuborganimni sal turib oʻzim angladim. – Men ham 19 yoshimda kelin edim. Qaynonamdan mehribon inson yoʻq edi. Oʻzingiz aybdor boʻlgandirsiz?!
Hamrohim boshidan oʻtganlarini aytib berar ekan, men koʻz oldimda insonni emas hayvondan badtar maxluqotni tasavvur qildim. Nahotki, shunaqa odamlar ham boʻlsa?
Hatto kelinining bolasi tugʻilmasligi uchun qilingan harakatlari yanada nafratimni keltirdi. Bechora kelinning toʻlib-toshib aytayotganlarini kuyovning ortiga qarab “yetarli”, – degan soʻzlari toʻxtatdi. Faoliyatim xotin-qizlar bilan bogʻliq boʻlganligi tufayli unga bir qancha savollar berib tashladim... Javoblarni tinglar ekanman yurtimizda ayollar uchun berilayotgan imkoniyatlaru, zoʻravonlikka qarshi qabul qilinayotgan qarorlar ham bunday iymonsizlarni insofga keltirmayotganidan yuragim ezildi. Onaman... Qizaloqning sogʻinchini va uni sogʻinib har daqiqa ogʻriqlar bilan yashayotgan hamrohimning dardini yurakdan his qilyapman. Qizimni 21 yoshida uzatibmanu lekin haligacha mitti qizaloqday quchoqlab erkalanishlarini sogʻinaman. Uyimga mehmon boʻlib kelganida esa yuragim ancha oʻzini yengil his etadi. Bu rishta ona va qiz oʻrtasidagi koʻrinmas ammo uzilmas tuygʻulardir...
Oʻylayman bechora qizaloqni. Qismati shu darajada ogʻir boʻladimi. Otasiz katta boʻlayotgani yetmaganidek, onasiz qanday ulgʻayadi? Kattalarning xatosi, gunohi deb u tovon toʻlashi kerakmi? U nima gunoh qilgandiki buvisi, otasi (garchi bu nomga munosib boʻlsalarda) bunday jazoga mahkum etdi?!
Biz bugungi kunda qanchadan qancha targʻibot-tashviqot ishlarini olib bormoqdamiz. Ishimiz davomida bir-birining ustidan magʻzava agʻdarayotgan ayollarni, ibo-hayoni bir chetga surib soch yulishayotgan qizlarni koʻrib, beixtiyor yoqa ushlaymiz va yuragimiz dardi yanada kattalashib boradi. Bugun bu darajaga yetib kelayotgan qizlarimiz ertaga qanday farzandlarni tarbiyalaydi? Aslida ularning oʻzlari qanday oilada ulgʻayapti? Otasi boʻlsa onasi yoʻq, onasi boʻlsa otasi yoʻq va yoki har ikkisi ham boʻlmay taqdiri bobosi, buvisi qoʻlida qolmaganmikan?
Ajrim vaqtida hamrohimning soʻzlarini na mahalla koʻy va na boshqalar tinglashibdi. Chunki qaynonasi Hoji ona boʻlib, u notoʻgʻri gapirishi mumkin emas ekan. “Esiz”, – dedim. Xudoni uyiga borishga boribdiyu, jigarporasini yetim qilish katta gunoh ekanligini anglamabdi-da. Bugun onasi va yoki dedi-dedilar orasida yetimlik tamgʻasidan himoya qilinmagan qizaloqni ertaga kim zoʻravonliklardan himoya qiladi? Kim uni maʼnaviy xoʻrliklardan asraydi?
Bugun yurtimizda xotin-qizlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyatda oʻz oʻrnini topishi, shuningdek, ularni turli zoʻravonliklardan himoya qilish borasida bir qator qonun hamda qarorlar qabul qilinmoqda.
Fuqarolarimizga tushuntirish ishlari, targʻibot-tashviqotlar ham olib borilayotgani, ayni haqiqat. Biroq buni har bir ota va har bir ona ongli ravishda tushunib olmasa, farzandlar tarbiyasida bevosita buni amaliy singdirib bormasa sizu bizning shuncha jon kuydirganimiz befoyda. Zero, har bir qaror va qonunning ijrosi eng avvalo oilada tushuntirib boriladi. Buning uchun avvalo har bir ota-ona maʼnan yetuk boʻlmogʻi lozim. 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish