***
Yomg‘irni hidladim, gulday hidladim.
Jannat iforini qulday hidladim.
Uning kulgusini eshitdim, mayin.
Deraza, qoldingmi sen payqamayin?
U o‘z suratini chizdi oynaga,
Uni ko‘rmadingiz, odamlar, nega?
Yomg‘ir qo‘shiq aytdi, misoli shaydo.
Sen nega unga jo‘r bo'lmading, dunyo?
Men-chi, dardlashaylik, yomg‘irjon, dedim.
Boshimga yog‘, og‘ir og‘rir jon, dedim.
Ne dedi, tushunmay turaverdim lol…
Muhabbatdan so'zlab berdi, ehtimol.