Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YOSH OILA: TOPGANI – QARZGA

23.3.2023 905

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari O‘zbekistonda odamlarning iste’mol xarajatlari va daromadlari o‘zgarish xususiyatlari hamda qarz munosabatlariga kirishish holatini tahlil qildi.

Ta’kidlanishicha, iqtisodiy nazariya ratsional inson hayoti davomida iste’molni bir maromda taqsimlaydi, degan fikrni ilgari suradi. Ya’ni ratsional insonlar daromadi past bo‘lgan (bolalik va yoshlik) davrida yetarli darajada iste’molni ta’minlash (ta’lim xarajatlarini qoplash, uy va uy jihozlari) uchun ota-ona, davlat va jamiyatdan muddatli qarz oladi. Keyinchalik daromadi nisbatan baland bo‘lgan o‘rta yoshlarda qarzini qaytaradi, keyingi avlodga qarz beradi va ortganini keksalikka jamg‘aradi, keksayganda esa qolgan jamg‘armalarini sarflaydi.

O‘zbekistonda ham barqaror daromad va iste’molning hayot sikli gipotezasi ishlashi aniqlandi. Unga ko‘ra, odamlar daromadi 30 yoshgacha tez o‘sadi, eng yuqori nuqtasi taxminan 30-50 yosh oralig‘ida saqlanib turadi va 60 yoshdan so‘ng keskin pasayadi. Bu, o‘z navbatida, daromad va iste’mol orasidagi farq qarz olish orqali kompensatsiya qilinishi zarurati mavjudligini bildiradi.

O‘zbekistonda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, yosh oilalar daromadining koproq qismini qarz tolashga sarflayotganini malum qilgan. Bu yuqoridagi nazariy qarashga (barqaror daromad va iste’molning hayot sikli gipotezasi) mos keladi. Bunda respondentlarning:

18 % maishiy texnika;

22 % uy-joy;

13 % avtomobil;

10 % o‘qish shartnoma to‘lovi;

11 % telefon uchun qarz olgani ma’lum bo‘ldi.

Qolgan 34 foiz respondent qarzi yo‘qligini bildirgan.

 

Bugun “qarzim yo‘q” degan odam kam topiladi. Ayniqsa, katta hayotga endi qadam qo‘ygan yosh oilalarning aksariyati kreditlar “qurshovida”. Ipoteka, mashina, ta’lim krediti, maishiy texnikalar – har o‘n oilaning sakkiztasida u yoki bu shakldagi qarzdorlik bor. – 25 yoshdaman, oila qurganimga ikki yil bo‘ldi. Oilada katta farzand bo‘lganim uchun alohida chiqib ketishimiz kerak edi. Shu bois ota-onam yordami bilan poytaxtdan uy uchun boshlang‘ich to‘lov qilib, ipoteka krediti oldik.

Oyiga 7 million so‘mdan to‘lab boryapmiz, iloji boricha ortiqcha chiqim qilmaslikka harakat qilamiz. Qishloqdagi to‘y, tug‘ilgan kunlarga deyarli qatnashmaymiz, biror joyga sayohatga chiqish haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Yashashga o‘z uyimiz, qo‘rg‘onimiz bo‘lsin, deb ko‘plab istaklarimizdan voz kechib, u oylikdan bu oylikka qarab yashayapmiz, – deydi yosh oila boshlig‘i Anvar O‘ktamov.

Hozir 10 million so‘m maosh oladigan odam ham 10-15 yilsiz uy sotib ololmasligini hisobga olsak, ko‘pchilik yosh oilalarda ipoteka kreditlari mavjud. Ijarama-ijara sarson yurib, otning kallasiday pul to‘laganimizdan, kamroq yeb, kamroq kiyib, kreditga uy olganimiz yaxshi, deydi ko‘pchilik. Qolaversa, yosh oilalar uchun ajratilgan subsidiyalar, imtiyozli kreditlar ularga yaxshigina ko‘mak bo‘ladi.

– Qishloqda yashaymiz, turmush o‘rtog‘im tuman markazida ishlaydi. Ishga borib kelishi uchun har kuni 20-25 ming so‘m pul sarflaydi. Uyimiz bor, lekin mashina yo‘q edi. Ikki yil davomida mol boqib, turmush o‘rtog‘imning oyligini yig‘ib, mashina uchun boshlang‘ich to‘lov qildik. Endi esa oyiga 3 million so‘mdan kredit to‘layapmiz. Ko‘pchilik kreditga rosa qimmat bo‘lib ketadi, pul yig‘inglar, deb maslahat berdi. Qayoqda, bir mashinaga yetgulik pul yig‘ishimiz uchun 5-7 yil kerak. Qimmat bo‘lsa ham kredit yaxshi, – deydi Gulnora Asqarova.

So‘rovnomalar javobini tahlil qilar ekanmiz, yosh oilalarning hammasida ham to‘lovlar bilan muammo bo‘lmaydi, deya olmaymiz. To‘satdan chiqib qolgan muammolar, kechikayotgan oylik, kasallik yoki ortiqcha chiqimlar oilalar ahvolini tang qilib qo‘yadi.

– Yaqindan ish haqimizni ikki oylikni bir qilib oladigan bo‘ldik. Bu yoqda ipoteka kreditimiz ham bor. Har oy kredit pulini qayerdan topib to‘lashni bilmay garangmiz. Ota-onamda uncha pul yo‘q, birovdan qarz so‘raydigan zamon ham emas hozir. Bankdan 10 million so‘m mikrokredit olib, ipotekamizni yopdik. Shunaqa vaziyatlar ishsiz qolishdan juda ham qo‘rqib ketaman. Bir oy ishlamasam, kasal bo‘lib qolsam yoki ozgina ortiqcha xarajat qilsam, hayot izdan chiqib ketadi, – deydi Ismoil Egamberdiyev.

Statistikalar bilan tanishar ekanmiz, ko‘p yosh oilalarning ajrimlariga moddiy yetishmovchilik sabab bo‘layotgani haqida o‘qib qolamiz. O‘qimishli yoki biror kasb egallagan juftliklar-ku oylikdan oylikkacha chidab, uy, mashina olib, birgalikda qiyinchiliklarni yengib kelyapti. Ammo biror tayinli ishning boshini tutmay turmush qurgan yosh oilalar bugun kun ko‘rish uchun ham pul topa olmayapti. Ularning ota-onasi ham qarindosh-urug‘lardan qarz havola qilib, dang‘illama to‘y qiladi-yu, yaqin besh yillikda qarz to‘laydi.

– Singlim yaqinda katta o‘g‘lini uylantirdi. O‘qituvchilar oilasi topgan-tutganidan tashqari, qarz olib, dang‘illama to‘y qildi. Kelgan san’atkorlar, dasturxondagi noz-ne’matlarning son-sanog‘i yo‘q. Bir kunlik to‘yga shuncha sarf-xarajat nimaga kerak, shu pullarga yana ozroq qo‘shsang, o‘g‘ling ikki xonali bo‘lsa ham uy tiklardi, deb ko‘p gapirdim, foyda bermadi.

Mana, ikki yildirki, jiyanim hali ham to‘yning qarzlarini to‘laydi. Ukasi bu yil uylanarmish, u alohida chiqishi kerak endi, hayronman nima qilishadi, – deydi Fotima Murodova.

Ko‘rib turganingizdek, narx-navo qimmatligi, noto‘g‘ri qarashlar, oylik maoshi kamligi kabi qator faktorlar jamiyatimizda ko‘pchilik oilalarni ratsional yashashga majbur qilmoqda. Ular oylik kechikishidan, ishsiz qolishdan, kasal bo‘lishdan qo‘rqadi, ortiqcha xarajatdan voz kechadi. Kundalik tashvishlardan ortib, ijtimoiy qobiqni yorib chiqishga imkon yo‘q, faqat pul topishga majbur. Pul topib, uy olish kerak. Keyin mashina, farzandiga to‘y... zanjir shu tarzda davom etaveradi. Bu biz keltirgan eng optimal misol. Yo‘qchilikka sabr qilolmay ajrashib ketayotgan, 10 yillardan buyon ijara uylarda yashayotgan, kreditlarni vaqtida yopa olmay, qarzga yashayotgan oilalar ham, afsuski, ko‘plab topiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish