Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YOSH SHIFOKORLARGA 1 MILLION SO‘M USTAMA BERILADI

20.1.2023 83

Shahruza SATTOROVA tayyorladi.

So‘nggi paytlarda o‘qituvchi kasbining obro‘sini ko‘tarish masalasi ko‘p muhokama qilindi va ularning maoshi bosqichma-bosqich oshirib borilmoqda. Ammo byudjyetning o‘ta muhim yana bir qatlami borki, ular ham alohida e’tiborga muhtoj edi. Bu davlatda va jamiyatda o‘rni beqiyos bo‘lgan, shifokorlar, albatta. Yaqin yillardan beri sohaga e’tibor qaratilib, tibbiyot xodimlarining maoshi oshirila boshlandi, ustamalar belgilandi.

Kuni kecha ham “Tibbiyot muassasalarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risida”gi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Nizomda yangi ish boshlagan salohiyatli yosh shifokorlarga 1 million so‘mgacha ustamalar berilishi belgilandi.

Nafaqat yosh shifokorlar moddiy rag‘batlantiriladi, balki tibbiyot muassasasining yuqori malakali, alohida natijaga erishgan, halol va vijdonan ishlayotgan tibbiyot hamda farmasevtika xodimlariga oylik lavozim maoshining 100 foizigacha hamda boshqa xodimlarga 75 foizigacha oylik ustamalar qo‘shib beriladi.

Shuningdek, oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda kunduzgi statsionar ish vaqtini soat 20:00 gacha uzaytirish hisobiga ikkinchi smenada ishlovchi shifokor hamda hamshiralarga lavozim maoshining 30 foizigacha oylik qo‘shimcha ustamalar belgilandi.

Bundan tashqari, tibbiyot muassasalarining barcha xodimlariga kasbiy va boshqa bayramlar munosabati bilan beriladigan mukofot pullari, shuningdek, moddiy yordam pullari beriladigan bo‘ldi. Bu oylik foizli ustamalar tibbiyot muassasasi xodimlarini reyting baholash tizimi asosida amalga oshiriladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish