Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YOSHLAR AVTOBUSLARI ZARUR!

20.1.2023 232

Ziyoda RAHIMBOYEVA tayyorladi.

Har kuni erta tongdan o‘qishga otlanar ekansan, sanoat korxonalarida, turli fabrika va zavodlarda ishlovchi maxsus kiyimli ishchilar bilan toʻlib oʻtadigan avtobus, yo‘nalishli transportlarga qarab, oʻylanib qolasan: hamma oʻz ishiga shoshilmoqda, arzon transportlardan esa mahalliy aholi ham, talaba va oʻquvchi-yoshlar ham birdek foydalanishga majbur. Piyoda bosib oʻtish uchun uzoq, mashinada esa 10 daqiqalik yoʻl uchun falon pul soʻraydigan taksichilarni oʻqishga kech qolayotganing yoki puling kamligi qiziqtirmaydi. Ayniqsa, gaz quyish shoxobchalari vaqtinchalik faoliyatini toʻxtatgan, benzin yoki dizel taqchil bo‘layotgan ayni kunlarda.

Roʻzgʻor uchun bozorga ketayotgan ayol uchun ham, maktab oʻquvchisi va talaba uchun ham birdek zarur boʻlgan avtobus oʻziga belgilangan meʼyordan 2 barobar koʻp yoʻlovchini sigʻdirgan taqdirda ham talabni toʻliq qondira olmayapti.

Faqat yoshlar uchun

Viloyatlarning uzoq hududlaridan markazgacha, markazdan chekka hududlarigacha avtobuslarning maxsus qatnov tizimi ishlab chiqish zaruriyatga aylangani bugungi anomal sovuq ob-havoda har doimgidan-da ochiq koʻrinib turibdi. Bu tizimning “maxsusligi” va afzal jihati transport faqat talaba va oʻquvchi-yoshlar uchun moʻljallangani hamda hamyonbopligi.

Agar shu kabi qulay, yoshlarbop qatnov tizimi yoʻlga qoʻyilsa, shubhasiz, taʼlim tizimidagi ba’zi muammolar oʻz yechimini topadi. Masalan, talaba-yoshlar ijara uy topish yoki talabalar yotoqxonasiga joylashish tashvishidan koʻra, viloyatdagi uyidan shahar markazidaga qatnab oʻqishni yoki ishlashni maʼqul koʻradi. Chekka hududdan shahargacha yetib kelish muammosi bor ekan, maxsus qatnovlar biz uchun yaxshi yechimga aylanishi mumkin.

Xorijda talaba transporti

Xorijiy film yoki koʻrsatuvlarni kuzatgan boʻlsangiz, hech boʻlmasa bir marotaba koʻzingiz tushgan boʻlishi kerak, maktab va kollejlarning kunlik qatnovlari uchun maxsus avtobuslar ajratiladi. Ota-onalar oylik muayyan to‘lov evaziga farzandini xavfsiz, ishonchli transportga topshiradi va xotirjam ishga ketadi.

Talabalar uchun esa bundan-da qulay tizimlar yaratilgan. Masalan, Fransiya universitetlaridagi talabalar xuddi bizdagi kabi imtiyozli transport chiptalariga ega. Faqat bu chegirmalarning farqli jihati, nafaqat mahalliy transportlarga (metro, tramvay va avtobuslar), balki xalqaro: TGV tezyurar poyezdlari, avtobuslar va hatto samolyotga ham qoʻllaniladi. Fransuz talabasi maxsus kartasi bilan barcha jamoat transportidan oyiga atigi 37 yevro (ayni kunda 453 274 soʻm) bilan foydalanishi, xalqaro transportda chegirmalar 50 foizgacha boʻlishi mumkin.

Kanadaning katta shaharlari, jumladan, Edmontonda esa har bir talabaning OTMga toʻlaydigan yillik shartnoma puliga shahar va shahar atrofidagi transportlardan foydalanish chiptasi chegirmalar bilan qoʻshiladi. Talabalarning ID-kartasiga stiker yopishtirib, bu bir semestrga beriladi. Talaba har qanday transportga chiqqanida stikerni koʻrsatib, oʻz manziliga boraveradi. Bu stiker yozgi taʼtil paytiga kelibgina oʻz kuchini yoʻqotadi hamda talabalar avtobusga chiqqanda chipta olishadi.

Oʻzi yashaydigan viloyat markazidagi ish joyi uchun bir oylik yoʻl haqi maoshining yarmini tashkil qiladigan, axborot texnologiyalari yoki biror foydali toʻgarakka qatnashish uchun ijara uy qidiradigan yoshlar oramizda koʻp, bu oʻrinda talabalar ham muammolar girdobida. Qayerda, qanday sharoitda boʻlmasin, yoshlar oʻzlari uchun yaratilgan sharoitlardan doim unumli foydalanishga harakat qilishadi, imkoniyatlarni qadrlashadi.

O‘quvchi-talabalar uchun maxsus transportlar tashkil etish taklifi viloyat hokimliklari tomonidan beeʼtibor qoldirilmaydi, degan umiddamiz!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish